07:59, Iyun 10, 2026
/
448

Akkreditatsiyasidan oʻta olmagan tibbiyot oliygohlari roʻyxati eʼlon qilindi

Qirgʻiziston Sogʻliqni saqlash vazirligi mamlakatdagi tibbiyot yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarida oʻtkazilgan yalpi davlat akkreditatsiyasi yakunlarini eʼlon qildi. Tekshiruvlar natijasiga koʻra, talablarga javob bera olmagan va sinovlardan oʻta olmagan 13 ta tibbiyot oliygohining roʻyxati rasman tasdiqlandi.

Ushbu roʻyxatdan asosan xususiy va xalqaro maqomdagi quyidagi universitetlar joy olgan:

  • “Avitsenna” xalqaro tibbiyot universiteti
  • ADAM universiteti
  • “Al-Too” xalqaro universiteti
  • Xalqaro tibbiyot universiteti
  • Altamimi xalqaro universiteti
  • Qirgʻiz tibbiyot-stomatologiya instituti
  • Salimbekov universiteti
  • Yevroosiyo xalqaro universiteti
  • Bishkek xalqaro tibbiyot instituti
  • Xalqaro tibbiyot va fanlar universiteti
  • Markaziy Osiyo xalqaro tibbiyot universiteti
  • Osh xalqaro tibbiyot universiteti
  • Roel Metropoliten universiteti

Shuningdek, ayrim davlat universitetlari, jumladan, I. Arabayev nomidagi Qirgʻiz davlat universiteti, Botken davlat universiteti hamda Narin davlat universiteti belgilangan muddatda akkreditatsiya jarayonida ishtirok etish uchun ariza topshirmagan. Qirgʻizistonda joriy etilgan yangi tartibga koʻra, akkreditatsiyadan oʻta olmagan ushbu oliygohlar mustaqil ravishda shifokorlik diplomini berish huquqidan mahrum etilishi yoki faoliyati qayta koʻrib chiqilishi kutilmoqda.

Shu munosabat bilan, kelgusida qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasidagi tibbiyot oliygohlarida tahsil olishni maqsad qilgan oʻzbekistonlik talabgorlar va abituriyentlarga hujjat topshirishdan avval oʻzlari tanlagan taʼlim muassasasining amaldagi davlat akkreditatsiyasidan oʻtganlik holatini va xalqaro tan olinganlik maqomini sinchiklab tekshirishni maslahat beramiz.

Fikrlar (0)
Avval yangilari