Tuproqqa almashilgan orzular yoxud o‘zbek talabalari nima sababdan joniga qasd qilmoqda?

Biz – mehmondo‘st va bag‘rikeng xalqmiz. Yurtimizda bayramlar ko‘p, yoshlarimizning yutuqlari soni kundan kunga ortib bormoqda. Oliygohlarimiz nufuzli xalqaro reytinglardan o‘rin egallamoqda.
Yutuqlar e’lon qilinadi, ijobiy statistikalar ko‘rsatiladi. Lekin oramizda bir sukunat borki, uning faryodi quloqni teshib o‘tadi. Universitetlarning yaltiroq fasadlari ortida yashirilgan, rasmiy ma’ruzalarda shunchaki “o‘tib ketiladigan” bu statistika oddiy raqamlar emas. Bu — uzilgan umrlar, so‘ngan ko‘zlar va javobsiz qolgan “nega?” degan savollar yig‘indisidir.
O‘z joniga qasd qilayotgan talabalar…
Ayni kuchga to‘lgan, hayotga chanqoq bo‘lishi kerak bo‘lgan 20 yoshli navqiron yigit-qizlar nega birdaniga yashashdan ko‘ra o‘limni afzal ko‘rmoqda? Nega ular diplom emas, arqonni; kelajak emas, baland qavatdagi uylarning derazalarini tanlashga majbur bo‘lmoqda?
Bu savolga “ruhiy kasal edi” yoki “sevgi mojarosi” deb yuzaki javob berish — marhumning xotirasini haqorat qilishdir. Keling, ushbu fojianing ehtimoliy sabablar va real ma’lumotlarni tahlil qilamiz.
Dastlab bu mavzuda talabalarning o‘zlaridan fikrlar olish maqsadida anonim so‘rovnoma o‘tkazdik
700 dan ortiq talaba ishtirok etgan mazkur so‘rovnomada ishtirokchilarning 188 tasi ushbu holatga moddiy qiyinchiliklar, yana shuncha qismi shaxsiy hayotdagi muammolar sabab bo‘lishi mumkin degan javoblarni belgilashgan. 182 kishi suitsid psixologik sabablar, 122 kishi universitet bilan bog‘liq muammolar ortidan yuz berishi mumkinligi bildirgan. Bundan tashqari, 50 ga yaqin inson izohlarda “Bularning barchasi bir oraga kelgandagina talaba joniga qasd qilishi mumkin” degan qarashlarini bildirishgan.
Xo‘sh, soha mutaxassisi bu mavzuda nima deydi?

“Har qanday og‘riq, har qanday tushkunlik, har qanday hafsalasizlik — bu vaqtinchalik holat va uni to‘g‘rilash mumkin.”
Umida Abdullayeva, tajribali psixolog va psixoterapevt
Ushbu mavzuda fikrlarini olish maqsadida tajribali psixolog, psixoterapevt Umida Abdullaeva bilan bog‘landik. Darhaqiqat, ruhshunos ham talabalarning joniga qasd qilishiga bir qancha omillar sabab bo‘lishini ta’kidlab, eng keng tarqalganlari: yolg‘izlik, ota-ona kutuvini oqlolmaslikdan qo‘rquv, universitetdagi akademik bosimlar, moliyaviy qiyinchiliklar hamda shaxsiy munosabatlardagi muammolar ekanini bildirdi.
“Shuningdek, joniga qasd qilish arafasidagi insonning yashirin signallarini kuzatib bilish ham mumkin. Ularda, odatda, yopilib olish, hech narsaga qiziqish yoʻqligi, charchoq holatlari kuzatiladi. Bunday insonlar hayotda mazmun yo‘qligi haqida gapiradilar, oʻzlarining shaxsiy narsalarni tarqatib yuboradilar. Hatto do‘stlariga “Mensiz hammanglar maza qilib yashaysizlar” degan gaplarni aytishlari mumkin. Do‘stlar va o‘qituvchilar ularning xulqidagi “qizil bayroqchalar” ga ahamiyat berishlari kerak.
Juda ko‘p yoshlar psixologga borishdan yok ota-onasiga ochilishdan qo‘rqadilar. Gap-so‘z, uyat, ularni tushunmasliklaridan bo‘lgan qo‘rquv, “psixologga murojaat qilish – bu ojizlik” degan xalqimizdagi tushuncha mutaxassisga borishga to‘sqinlik qiladi. Aynan shunday muammo bo‘lmasligi uchun insonlar psixologik yordamga, buning oddiy kasb ekanligiga, har bir insonga zarur holat ekanligiga to‘g‘ri qarashlari, psixologik madaniyatni o‘rganishlari kerak. Oliy ta’lim muassasalari esa profilaktika sifatida psixologik yordam tashkil etishi, inson psixikasining sog‘lom bo‘lishi haqida treninglar uyushtirib, o‘qituvchilarni talabalarning kayfiyatini sezishga o‘rgatishi kerak. Va, albatta, universitetda talabalar o‘z hayotidagi muammolar haqida bemalol ayta oladigan sog‘lom muhit yarata olish kerak.
Hozirgi paytda o‘zini yo‘qotib qo‘ygan, yolg‘iz, himoyasiz, ortiqcha, keraksiz, ojiz his qilayotgan talabalarga bir narsani aytmoqchiman: Sizning holatingiz bu hukm emas! Har qanday og‘riq, har qanday tushkunlik, har qanday hafsalasizlik – bu vaqtincha o‘tib ketadigan holat va buni to‘g‘irlasa bo‘ladi. Eng muhimi bunday holatda hech qachon yolg‘iz qolmang. Birorta o‘ziz ishonadigan inson bilan bo‘lishing: do‘stingiz, o‘qituvchingiz, yaqiningiz yoki psixologingiz. Bilingki, yordam so‘rash – bu ojizlik emas, kuchlilik. Hattoki eng qiyin davrda ham inson atrofida uni tushunadigan, qo‘llab-quvvatlaydigan inson bo‘lsa, oson o‘ta oladi ” deydi, – Umida Abdullaeva
Shuningdek, mavzu haqida gap ketar ekan, oliy ta’lim muassasasi vakilining fikrini olish ham o‘rinli.

“Universitetlarda nafaqat bilim berish, balki talabalarning ruhiy salomatligini muhofaza qiladigan samarali monitoring tizimini yaratish — bugunning kechiktirib bo‘lmas talabidir.”
Dilshod Ro‘ziqulov, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Dilshod Ro‘ziqulov bu mavzuda fikrlarini bildirar ekan, ushbu mavzu o‘ta nozik va jamiyat uchun og‘riqli hisoblanishini, pedagog sifatida talabalar orasida bunday holatlarning ildizi, keltirib chiqargan sabablarning ildizlari chuqur tahlil qilinishga muhtoj ekaniga alohida to‘xtaldi. Oliy ta’limda faoliyat yurituvchi ustoz nazdida suitsid holatlari aksar hollarda ijtimoiy-psixologik adaptatsiya (moslashish) jarayonining inqirozli oqibati natijasida vujudga keladi. Uzoq hududlardan kelgan talabalarda begonalashish va yolg‘izlik hissi kuchli bo‘lib, ular qiyin vaziyatda tayanadigan ijtimoiy muhit topa olmaydilar. Hissiy intellektning pastligi, ya’ni ichki kechinmalarni so‘z bilan ifodalay olmaslik, og‘riqni tashqariga chiqarish o‘rniga uni ichga yutish fojiaga sabab bo‘ladi.
Ayniqsa, pedagogning ushbu fikrlari juda o‘rinli hamda diqqatga sazovor: “Zamonaviy axborot makonidagi “ideal hayot” tushunchasi va real hayot o‘rtasidagi katta farq yoshlarda depressiv holatlarni shakllantirmoqda. Talaba hayotidagi katta iqtisodiy qiyinchiliklar va ehtiyojlari uchun xarajatlariga puli yetishmasligi talabada o‘zini oilasiga yuk bo‘layotgandek his qilish (aybdorlik hissi)ni uyg‘otadi. Ko‘p hollarda talaba o‘zining qiyin holati haqida signal beradi, biroq atrofdagilarning befarqligi yoki buni “shunchaki injiqlik” deb baholashi yordam berish imkonini yo‘qqa chiqaradi.
Universitetlarda nafaqat bilim berish, balki talabaning ruhiy salomatligini muhofaza qiluvchi samarali monitoring tizimini yaratish bugunning kechiktirib bo‘lmas talabidir”.
To‘g‘ri, o‘lim holatlari rasmiy kanallarda e’lon qilinishi ba’zilar tomonidan vahima yoki noto‘g‘ri targ‘ibot (propaganda) sifatida qabul qilinishi mumkin. Lekin, aslida, bu fojialarni yoritish suitsidni ommalashtirish hisoblanmaydi. Bu biz tomonimizdan jamiyat ko‘zini ochishga urinishdir. Muammoni yashirish uni yo‘q qilmaydi, aksincha, keyingi qurbonlarga indamay yo‘l ochib beradi. Shunday ekan, bu haqida ochiq gapirish targ‘ibot emas, balki qutqaruv chorasidir.
Aniq faktlarga yuzlanamiz: 2025-yil 1-yanvardan 2026-yil bugungi kunga qadar talabalar orasida rasman 7 ta suitsid holati kuzatilgan. Bu shunchaki quruq raqam emas, bu yetti xonadonga kirgan motam, yetti onaning faryodi va yetti nafar yoshning so‘ndirilgan kelajagidir. Lekin, keling, o‘zimizni aldamaylik: bu raqamlar faqat OAV e’tiboriga tushgan va jamoatchilikka oshkor bo‘lgan holatlar, xolos. Kim biladi, balki yopiq eshiklar ortida “yopdi-yopdi” qilib yuborilgan, “baxtsiz hodisa” deb “baholangan” yoki shunchaki oilaviy sir sifatida tuproqqa ko‘milib ketgan qanchadan qancha fojialar ham bordir? Asl ko‘lam bundan ham kattaroq bo‘lishi mumkinligi haqidagi o‘yning o‘zi kishini dahshatga soladi.
Biz ushbu mudhish ko‘rsatkich ortidagi asl sabablarni o‘rganish maqsadida Bosh prokuratura matbuot xizmati bilan bog‘landik. Shuni alohida ta’kidlash joizki, bundan ko‘zlangan maqsad marhumlarning shaxsini oshkor qilish orqali arzon obro‘ qozonish yoki shov-shuv ko‘tarish emas, balki vaziyatga xolis, professional baho berish va fojialarning tub ildizlarini tahlil qilishdir. Aniqlangan tafsilotlar va umumiy manzara esa kishini chuqur o‘yga toldiradi.
O‘limlar sababi deyarli bir-biriga o‘xshamaydi. Ammo 3 kishini birlashtirib turuvchi yagona sabab bor: ruhiy holatning buzilishi, stressdan chiqib keta olmaslik, psixikadagi o‘zgarishlar. Suidsid sababi – shu, ammo shu holatga kelishga nima yoki kim sabab bo‘lgani marhumlar bilan tuproqqa ko‘milgan sir o‘laroq qoldi. Yuqorida aytilgan gapni yana qaytaramiz: talabaning o‘z joniga qasd qilishi uchun sabablar ko‘p.
Shunday sabablardan biri yo‘qchilik. 2025-yilda “o‘g‘rilik”dan “o‘lim”gacha olib borgan fojia talabaning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli naqadar og‘irlashib ketganini ko‘rsatdi. O‘g‘rilik ustida qo‘lga tushib, javobgarlikka tortilishdan qo‘rqib o‘z joniga qasd qilgan talaba haqidagi xabar bu shunchaki kriminal xronika emas. Bu jamiyatimizdagi iqtisodiy tengsizlik va yoshlarning moliyaviy chorasizligiga qo‘yilgan ayblovdir! Bugungi kunda o‘rtacha oila farzandiga katta shaharda yashash, kontrakt to‘lash, ijara va oziq-ovqat xarajatlarini qoplash tobora qiyinlashib bormoqda. Talabaga beriladigan stipendiya esa, achchiq bo‘lsa ham aytish kerak, deyarli hech narsaga yetmaydi. U bir haftalik tushlik puli yoki zo‘rg‘a yo‘lkiraga yaraydi, xolos. Natijada talaba “och qolmaslik”, “qatoridan qolmaslik” uchun turli yo‘llarni izlashga majbur bo‘ladi. Kimdir mardikorlik qiladi, kimdir ofitsiantlik, yana kimdir esa nafsini tiya olmay yoki o‘ta chorasizlikdan jinoyat ko‘chasiga kirib qoladi. Birgina xato… va keyin dahshatli qo‘rquv: “Endi nima bo‘ladi? Ota-onamga nima deyman? Qamalib ketsam-chi?”. Bu qo‘rquv va sharmandalik hissi yosh talabani ham jar yoqasiga olib bordi. Biz uni oqlamoqchi emasmiz, jinoyat — bu jinoyat. Lekin savol tug‘iladi: Agar talaba moliyaviy tomondan to‘q bo‘lganida, stipendiyasi ehtiyojlariga yetganida, u o‘g‘rilikka qo‘l urarmidi? Bu fojia bizga tizimning iqtisodiy “teshik”lari inson taqdirini qanday sindirishi mumkinligini ko‘rsatgan og‘ir darsdir.
Ha, kimnidir yo‘qchilik o‘limga olib borsa, kimnidir to‘qchilik yetakladi. Yaqin bir yil ichida sodir qilingan suidsidlardan biriga sabab – talabaning judayam katta ehtimol bilan giyohvand modda ta’siriga tushib qolganidir. Jinoyat yeridan topilgan ashyoviy dalillar prokuratura organlari xodimlarini shunday xulosa chiqarishiga sabab bo‘lgan. Ochig‘i, bu borada muallif sifatida nimadir deyishga ham ojizmiz. Chunki giyohvandlik taqdir emas, qaror.
Taqdir… Bu so‘zni aytar ekanmiz, faqat qaror emas, taqdir ortidan sodir bo‘ladigan o‘limlarning ham son-sanoqsizligi yodimizga tushadi. Ammo suidsid boshqa masala. Suidsid ham to‘liqligicha qaror. Biroq taqdirga bog‘liq qaror. Masalan, oilasida tinch muhit hukm surib, onasiga nisbatan zo‘ravonlikni ko‘rmaganda, otasining e’tiborida, uning nasihatlari bila ulg‘ayganda, ehtimol, hozir yana bir talaba hayotda, siz va bizning oramizda bo‘lardi…
Nihoyat oxirgi holat sababiga yetib keldik. Afsuski, ushbu suidsid sevgan insoniga turmushga chiqish uchun berilmagan rozilik oqibatida yuz bergan. Do‘stim! “Sevgida yakun bo‘lmaydi” degan gap kinolarda chiroyli yangraydi xolos. Hayotda o‘rnini bosib bo‘lmaydigan inson yo‘q, ammo hayotning o‘zi takrorsiz. Ota-onani jazolash uchun qilingan harakat orqali ularni o‘zingizdan oldinroq go‘rga tiqib ketishdan saqlaning.
Marhumlarning xotirasini, ularning oila a’zolarini hurmat qilgan holda, ularning shaxsini oshkor qilishdan (yoki oshkor qilishga sabab bo‘ladigan so‘zlarni ishlatishdan) sabablarni yanada chuqur tahlil qilishdan, bu vaziyatda kimnidir ayblashdan tiyildik. Shunchaki, bu sabablar kimningdir ko‘zi ochilishiga sabab bo‘lishini, o‘qiyotgan talabaning xayolida “arzimas sabablar… men hech qachon bular tufayli o‘zimni o‘ldirmaga bo‘lardim” degan xulosalar yangrashini istardik. Yozganlarimiz kim uchundir foydali bo‘lsa, maqsadimizga yetgan bo‘lamiz.
Aziz talaba-do‘stim! Balki, hozir dunyo sizning ham ko‘zingizga tor ko‘rinayotgandir. Hayotda ming xil sabab, ming xil sinov, ming xil xato bo‘lishi mumkin. Lekin bir haqiqatni qulog‘ingizga quyib oling: Hech qaysi xato, hech qaysi holat yoki sharmandalik Sizning joningizdan ustun emas. Bir lahzalik ojizlikka taslim bo‘lishdan oldin ko‘z oldingizga Sizni oq yuvib, oq taragan ota-onangizni keltiring. Siz ketgach o‘z ta’biringizcha, “qutularsiz”, ammo ular tirik murdaga aylanadilar. Nafaqat farzand dog‘ida kuyadilar, balki el-yurt orasida “bolasi o‘g‘ri ekan, o‘zini o‘ldiribdi”, “ruhiy kasal ekan”, “nomusi bulg‘angan ekan” degan son-sanoqsiz, ayovsiz malomatlar ostida qoladilar. Odamlarning tili suyakli emas, ular Sizning qabringiz ustida ham g‘iybat qilishdan to‘xtamaydilar.
O‘zingizni oqlash uchungina emas, balki ortingizda qolganlarning sha’ni va tinchligi uchun ham yashashingiz, tishingizni tishga qo‘yib kurashishingiz shart! Qamoqdan ham chiqsa bo‘ladi, qarzdan ham qutulsa bo‘ladi, sevgini ham unutsa bo‘ladi. Lekin qabrning eshigi faqat ichkariga ochiladi. U yerdan qaytib bo‘lmaydi. Tirikmisiz — demak, hammasini o‘zgartirish qo‘lingizda. Irodani yo‘qotmang. Yashashni tanlang!