11:07, Mart 24, 2026
/
103

Mehnat Kodeksi: hujjat talabalar bilan bog‘liq qanday normalarni o‘z ichiga oladi?

Zamonaviy talabalar bugungi kunda faqat universitetda bilim olish bilan cheklanib qolmay o‘qishni mehnat faoliyati bilan birgalikda olib borishga harakat qilishmoqda. Biroq amaliyotda ish beruvchi va ishlayotgan talaba o‘rtasida to‘g‘ri rejimni belgilash, sessiya davrida ta’til olish yoki oylik maosh masalalarida ko‘plab huquqiy tushunmovchiliklar yuzaga keladi. Xo‘sh, bunday ziddiyatli vaziyatlarda qonun kimning tarafida bo‘ladi va talabaning qanday kafolatlangan huquqlari bor? O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Mehnat kodeksida aynan oliy ta’lim tashkilotlari talabalari va o‘qishni ish bilan uyg‘unlashtirayotgan xodimlar uchun maxsus himoya normalari belgilab qo‘yilgan.

Mehnat Kodeksining 383-moddasiga ko‘ra, “Ish beruvchi mehnat shartnomasi boʻyicha ishdan ajralmagan holda taʼlim tashkilotlarida oʻqitilayotgan, qayta tayyorlashdan yoki malaka oshirishdan oʻtayotgan, shuningdek ishlab chiqarish taʼlimini oʻtayotgan xodimlarga ish va oʻqishni birga olib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart”.

Ish bilan birga o‘qishni olib borayotgan xodimlar uchun qonunchilikda bir qator imtiyozlar ko‘zda tutilgan. Xususan, o‘quv rejasini muvaffaqiyatli topshirayotgan talaba-xodimlarga ish joyida o‘rtacha ish haqi saqlangan holda o‘quv ta’tillari beriladi va ular uchun qisqartirilgan ish haftasi joriy etilishi mumkin.

Bundan tashqari, ish beruvchi xodimning xohishiga ko‘ra uning yillik mehnat ta’tilini o‘qishdagi muhim jarayonlarga, ya’ni:

  • Imtihonlar va laboratoriya ishlarini topshirish vaqtiga;
  • Davlat attestatsiyasi (gos) hamda bitiruv malaka ishi (diplom) yoki magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish davriga to‘g‘rilab berishi shart.

Eng muhim yengilliklardan biri shundaki, agar yangi ishga kirgan xodim o‘zining yillik mehnat ta’tilini yuqoridagi o‘quv jarayonlariga moslashtirmoqchi bo‘lsa, u hali ushbu tashkilotda olti oy ishlamagan bo‘lsa ham, uning xohishiga ko‘ra ta’til muddatidan oldin beriladi.

Bundan tashqari, hujjatning qator (384, 385, 386, 387) moddalariga asosan, agar xodim oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlarida qatnashsa, ish beruvchi unga kamida 15 kalendar kun muddatga ta’til berishi shart. Bunda ish haqi saqlanmaydi (o‘z hisobidan), lekin imtihon topshiriladigan shaharga borish va qaytish vaqti bu muddatga kirmaydi. Ya’ni yo‘l uchun qo‘shimcha vaqt beriladi.

Ish haqi (o‘rtacha maosh) saqlangan holda beriladigan o‘quv ta’tillarining muddatlari quyidagicha:

1 va 2-kurs talabalari uchun:

Kechki ta’limda: kamida 20 kun.

Sirtqi ta’limda: kamida 30 kun.

3-kurs va undan yuqori kurslar uchun:

Kechki ta’limda: kamida 30 kun.

Sirtqi ta’limda: kamida 40 kun.

Ishni oʻqish bilan birga olib borayotgan xodimlarga navbatdagi mehnat taʼtillari ular oʻquv taʼtillaridan foydalanganligidan qatʼi nazar beriladi.

Sirtqi ta’limda o‘qiyotganlarga yiliga bir marta o‘qish joyiga borib-kelish uchun yo‘lkira haqining kamida 50 foizi ish beruvchi tomonidan to‘lab beriladi. Davlat imtihonlari (attestatsiya) vaqtida ham shunday kompensatsiya beriladi.

Biroq yuqoridagi kafolatlarning berilishining tartibi va maxsus shartlari mavjud.

Bu imtiyozlar asosan xodim mazkur darajadagi ta’limni (masalan, bakalavr yoki magistr darajasini) birinchi marta olayotgan bo‘lsa amal qiladi. Agar xodim bir vaqtning o‘zida ikkita o‘quv yurtida o‘qiyotgan bo‘lsa, u imtiyozlarni faqat bitta o‘quv yurti bo‘yicha (o‘zi tanlagan holda) ishlatishi mumkin.

Eng asosiysi, o‘quv ta’tili davri xodimning umumiy ish stajiga qo‘shib hisoblanadi. Shuningdek,o‘quv ta’tili alohida beriladi va u xodimning yillik navbatdagi mehnat ta’tiliga ta’sir qilmaydi (ya’ni ikkala ta’tildan ham foydalanish mumkin).

Qonunchilikda ilmiy ish va darslik yozayotganlar uchun “Ijodiy ta’tillar” berilishi ham nazarda tutilgan.

Ilmiy ish (dissertatsiya) yoki darslik ustida ishlayotgan xodimlarga o‘rtacha ish haqi saqlangan holda quyidagi muddatlarga ijodiy ta’til beriladi:

PhD (falsafa doktori) dissertatsiyasini yakunlash uchun yoki darslik mualliflariga3 oygacha.

DSc (fan doktori) dissertatsiyasini yakunlash uchun — 6 oygacha.

Ma’lum, oliygohlarda talabalarning asosiy qismi kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olishadi. Ushbu talabalar uchun to‘liq stavkada (09:00-18:00) ishlashning iloji yo‘q. chunki kunning qaysidir qismida: xoh tushlikkacha, xoh tushlikdan keyin – albatta, darsga borishlari shart.

Mehnat qonunchiligida talabalar uchun eng qulay imkoniyatlardan biri bu masofaviy ish va to‘liqsiz ish vaqti rejimlari hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 452-moddasiga ko‘ra masofaviy ish deganda xodimning o‘z mehnat vazifalarini ish beruvchining joylashgan hududidan tashqarida ya’ni internet va boshqa aloqa vositalari orqali bajarishi tushuniladi. Bu rejim talaba uchun dars jarayoniga xalaqit bermasdan turib o‘z mutaxassisligi bo‘yicha tajriba orttirish va daromad topish imkonini beradi. Masofaviy ishda xodim o‘z ish vaqtini o‘zi mustaqil taqsimlash huquqiga ega bo‘ladi agar mehnat shartnomasida boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa.

Shu bilan birga Kodeksning 186-moddasida ko‘zda tutilgan to‘liqsiz ish vaqti tartibi ham talabalar uchun juda qo‘l keladi. Ushbu moddaga binoan xodim va ish beruvchi o‘zaro kelishgan holda haftasiga besh kun emas balki uch kun ishlash yoki har kuni sakkiz soat o‘rniga to‘rt soat ishlash kabi rejimni belgilashlari mumkin. To‘liqsiz ish vaqtida ishlayotgan xodimlarning mehnat huquqlari hech qanday cheklanmaydi ya’ni ularning yillik mehnat ta’tili davomiyligi qisqarmaydi va ish staji to‘liq hisoblanib boriladi. Faqatgina mehnatga haq to‘lash amalda ishlangan vaqtga yoki bajarilgan ish hajmidan kelib chiqib amalga oshiriladi. Bu ikki huquqiy imkoniyatning birgalikda qo‘llanilishi ayniqsa kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiydigan talabalarga universitetdagi darslarni qoldirmagan holda qonuniy ravishda mehnat faoliyatini yuritishga huquqiy zamin yaratadi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari