Bag‘dodda hammayoq tinch, Jizzaxda nima gaplar?

Xabaringiz bor, kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Jizzax politexnika instituti qoshida tashkil etilgan Avtomobilsozlik muhandislik maktabi faoliyati bilan tanishildi.
Maktab BYD Uzbekistan Factory va ADM Jizzakh korxonalari bilan hamkorlikda ochilgan. Undan maqsad malakali mutaxassislar tayyorlash va ularni ishga joylashtirish.
Muhandislik maktabida transport sohasiga ixtisoslashgan toʻrt taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻquv dasturlari yangicha yondashuv asosida tashkil etilgan.
Xususan, ikkinchi kursni yuqori koʻrsatkichlar bilan tamomlagan talabalar BYD zavodi talablari asosida ishlab chiqilgan zamonaviy oʻquv platformalarida ikki yillik dual taʼlim oladi. Talabalar zavod bilan toʻgʻridan toʻgʻri hamkorlikda amaliy mashgʻulotlarni ham oʻtab boradi, bu esa ularga maxsus ishga yoʻllanma sertifikatiga ega boʻlish imkonini beradi.
Bu juda yaxshi. Fikrimizcha, boshqa yo‘nalishlarda, boshqa oliygohlarda ham dual ta’limni kengaytirish g‘oyasini o‘ylab ko‘rish kerak. Masalan, bizda qurilish muhandisligi, kimyo texnologiyalari, farmatsevtika, axborot texnologiyalari, energetika kabi sohalarga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari ham, shu yo‘nalishlarda rivojlangan kompaniyalar ham ko‘p. Jizzax tajribasi o‘zini oqlasa, ta’lim va amaliyot integratsiyasiga e’tibor yanada kuchayadi deb umid qilamiz.
Ra’no Nusratilloyeva