11 nafar qirg‘izistonlik talaba boshpanasiz qolishi mumkin

Rossiya teatr san’ati instituti – GITISning bitiruvchi bosqichida tahsil olayotgan 11 nafar qirg‘izistonlik talaba turar joy muammosiga duch kelmoqda.
Talabalar bu masalada Qirg‘iziston Madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vazirligiga murojaat qilib, yotoqxona masalasini hal qilishda yordam so‘ragan.
Talabalardan birining aytishicha, ular yashayotgan yotoqxona ikki yilga ta’mirlash uchun yopilmoqda. Ularga muqobil sifatida Moskvada har bir talaba uchun oyiga 18 ming rubldan ijara to‘lash taklif qilingan. Biroq talabalarning stipendiyasi bu xarajatni qoplashga yetmaydi.
Ota-onalarning ma’lum qilishicha, talabalarni yotoqxonadan 15-sentabr kuni chiqarish rejalashtirilgan. Ularning aksariyati Moskvadagi ijara xarajatlarini ko‘tarishga moliyaviy imkoniyati yo‘qligini bildirgan.
Muammoni yanada murakkablashtirayotgan jihat – talabalar o‘qish bilan birga ishlay olmayapti. Ularning darslari ertalab boshlanib, 21:00–22:00 gacha, ayrim kunlari esa 23:00 gacha davom etadi.
Talabalar hozircha yotoqxona masalasida amaliy yechim topilishini kutmoqda.
Ilmira Alizoda