15:12, Sentabr 15, 2025
/
594

O‘zbekistonda TOP-100 talikka kirgan oliygohlarning filiallari ochiladi. 

Bugun, 15-sentabr Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurdi hamda o‘qituvchi va murabbiylar bilan muloqot qildi.

Bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ta’lim tizimida quyidagi o‘zgartirishlar va islohotlarga to‘xtalib o‘tildi. 

● O‘tgan sakkiz yilda ta’lim va ilm-fanga xarajatlar 6 karra oshirilib, 378 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Oltin-valyuta zaxiralarimiz O‘zbekiston tarixida ilk bor 50 milliard dollarlik marradan oshdi.

● Yangi o‘quv yilidan boshlab maktab davrida o‘quvchilarning qobiliyatiga qarab, kasb yoki oliy ta’limga yo‘naltirish uchun 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinadi. Shu orqali 400 mingga yaqin 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarga qamrab olinadi. O‘qishni maktabda davom ettirib, oliygohga kirish istagida bo‘lgan yoshlarga fanlar tanlov asosida chuqurlashtirib o‘tiladi. Bir so‘z bilan aytganda, maktabdagi yakuniy imtihon natijalari bilan bitiruvchilar xohlasa texnikumga, istasa oliygohga kira oladigan bo‘ladi.

● Endi xorijiy til va fanlar bo‘yicha xalqaro sertifikatlar maktabdagi yakuniy imtihonlarda ham tan olinishi aytildi.

● 2026 yil yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘lishi qayd etildi. Shu maqsadda Kasbiy ta’lim agentligi tashkil qilinmoqda. Ushbu agentlik va hokimlarning asosiy vazifasi barcha 598 ta texnikumga yangi muhit olib kirish va xalqaro standartlarni joriy qilishdan iborat bo‘ladi.

● Yurtimizdagi 100 ta texnikumda Germaniya, Shveysariya, Xitoy, Koreya, Britaniya kabi davlatlarning ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning eng ilg‘or kasbiy ta’lim dasturlari joriy qilinishi belgilandi.

● Texnikumlardagi xorijiy tillar uchun ajratilgan soatlar 4 karra ko‘paytiriladi. Kelgusi yildan texnikumlarda yangi raqamli platforma ishga tushiriladi. Unda bitiruvchilarining kasbiy ko‘nikmalari haqidagi barcha ma’lumotlar nafaqat o‘zimizning, balki xorijiy ish beruvchilar uchun ham ochiq-oshkora bo‘ladi.

● So‘nggi sakkiz yilda oliygohlar soni 77 tadan 202 taga, jami talabalar soni 250 mingdan 1,5 millionga yetgani ham ta’kidlandi.

● Endi muhandislik oliygohlarida har yili ixtirochilar o‘rtasida tanlov o‘tkaziladi. Gʻoliblarga 250 million so‘mgacha pul mukofoti beriladi. Respublika tanlovida eng ko‘p g‘oliblari bo‘lgan oliygohlarga zamonaviy laboratoriya, ilmiy adabiyotlar va boshqa jihozlar uchun 1 milliard so‘mdan beriladi.

● O‘zbekistonda TOP-100 talikka kirgan oliygohlarning filiallari ochiladi. Bu maqsadlarga erishish uchun kelgusi yilda 10 dan ziyod xalqaro tashkilotlar, 500 ta nufuzli oliygoh rektorlari, 1 mingdan ortiq xalqaro ekspertlar ishtirokida Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim forumi o‘tkaziladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari