Samarqandda Italiya Tuscia universiteti filiali ochiladi

Samarqand shahrida Italiya Tuscia universitetining filiali ochilishi rejalashtirilmoqda. Rasman ochilish marosimi joriy yil 30-sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Ta’lim jarayoni esa 2026-yil yanvaridan boshlanishi belgilangan.
Bu haqda O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi Abat Fayzullayev va Tuscia universiteti rektori Stefano Ubertini uchrashuvi chog‘ida ma’lum qilindi. Rektorning aytishicha, bu universitetning xorijdagi ilk filiali bo‘lib, u O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida ta’lim berishga ixtisoslashadi.
Yangi filial Samarqand agroinnovasiya va ilmiy tadqiqot instituti hududida joylashadi. Talabalarga Italiyaning agrar sohadagi ilg‘or tajribasi va zamonaviy texnologiyalar asosida bilim beriladi.
Ma’lumot uchun, Tuscia universiteti 1979-yilda Italiyaning Viterbo shahrida tashkil etilgan. Hozirda unda 8 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda.