09:00, Sentabr 30, 2025
/
280

Chet ellik talabalar «sogʻin sigir»mi?

Buyuk Britaniyaning Leyboristlar partiyasi mamlakatdagi past daromadli talabalar uchun «maintenance grants» – oʻqish davrida yashashga oid xarajatlarni qoplash maqsadida ajratiladigan moddiy yordam (stipendiya-grantlar) ni qayta joriy qilmoqchi. Grantlar, asosan, tibbiyot, muhandislik, pedagogika kabi hukumatning ustuvor yoʻnalishlarini qoʻllab-quvvatlaydigan past daromadli mahalliy talabalarga beriladi.

Grant mablagʻlari esa hukumatning migrantlarga oid qoʻshimcha soliq soluvchi dasturi doirasida qoplanadi. Shuningdek, partiya yigʻilishida ishtirok etgan Ta’lim vaziri Bridjet Filipson ham «Talabalar xudo bergan har kunini ishlashga emas, balki oʻqish hamda kasb-hunar oʻrganishga sarflashi zarurligini ta’kidlagan.

Ammo Universitet va Kollejlar Uyushmasi (UCU) bosh kotibi Jo Grady bu qarorga nisbatan «Xalqaro talabalarni ta’minlovchi grantlarni moliyalashtirish uchun pul ishlab beradigan «sogʻin sigir» sifatida koʻrish — bu bir tomondan olib, ikkinchisiga berishga o‘xshaydi. Leyboristlar hukumati xorijiy talabalarga hujum qilish oʻrniga, katta davlat investitsiyalari orqali kollej va universitetlarimizni isloh qilishi kerak «- degan fikrlarni bildirgan.

Eslatib oʻtamiz, ushbu turdagi grantlar Buyuk Britaniyada 2016-yilgacha mavjud boʻlgan. Keyinchalik mos tartibdagi kreditlar bilan almashtirilgan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari