Talabaning ish vaqtiga cheklov joriy etiladi

Daniya hukumati chet ellik talabalar uchun qator o‘zgarishlarni joriy qilmoqda. Yangi siyosatga ko‘ra, talabalar endi avvalgidek ko‘p soat ishlay olmaydi — ish vaqtlariga cheklovlar kiritiladi. Shuningdek, ularning oila a’zolarini olib kelish huquqi ham qisqartirilmoqda.
Hukumat bu siyosatdan maqsad Daniya ta’lim tizimini, asosan, mahalliy aholiga yo‘naltirish va mehnat bozorida raqobatni kamaytirish ekanligini ta’kidlagan.
Bu o‘zgarishlar xalqaro talabalar orasida katta munozaralarga sabab bo‘ldi. Ba’zilar buni “diskriminatsiya” deb atasa, boshqalar Daniya o‘z iqtisodiy manfaatlarini himoya qilayotganini ta’kidlamoqda. Shunga qaramay, Daniya hali ham Yevropadagi eng sifatli ta’lim tizimlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, AQShda ham aynan talabalarga viza berish masalasida joriy o‘quv yilidan boshlab anchayin katta cheklov va talablar qo‘yildi.