Til sertifikatlari bo‘yicha o‘zgarish: yangi qonun nima deydi?

Hukumatning “Xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” gi qarori bilan oliy ta’limga kirishda qabul qilinadigan til sertifikatlari ro‘yxati yangi xalqaro imtihon tizimlari bilan to‘ldirildi. Xususan:
Aptis ESOL for Teachers (A1–C1 darajalari),
Aptis ESOL Advanced (B1–C2 darajalari),
Cambridge Linguaskill (B1–C2 darajalari)
International Test of English Proficiency (iTEP Academic — Plus) imtihonlari rasman O‘zbekistonda ham tan olingan xalqaro sertifikatlar sifatida ro‘yxatga kiritildi.
Shuningdek, nemis tili bo‘yicha TELC Deutsch (A1–C2) darajalari, raqamli savodxonlik bo‘yicha IC3 Digital Literacy Certification va xalqaro o‘quv standartlariga asoslangan A-Level (Mathematics, Physics, Chemistry, Biology fanlari bo‘yicha) natijalari ham qo‘shildi.
Bundan tashqari, qarorga muvofiq, ayrim sertifikatlar qonun kuchidan chiqarildi yoki ulardan foydalanish cheklandi. Xususan, TOEFL ITP va Microsoft Certified Educator (MCE) xalqaro sertifikatlari faqat 2025-yil 3-oktabrgacha olingan bo‘lsa, amalda qoladi; mazkur sanadan keyin olingan sertifikatlar ta’limga kirish, ishga qabul va ustama tayinlashda tan olinmaydi.
Shuningdek, TKT (Teaching Knowledge Test), TESOL (Teaching English for Speakers of Other Languages), TEFL, va TESL sertifikatlari ishga qabulda inobatga olinmaydi. Biroq ular CEFR tizimi bo‘yicha B2 yoki undan yuqori darajadagi sertifikat bilan birgalikda bo‘lsa, ustama belgilashda hisobga olinishi mumkin.
Qaror bilan quyidagi yangi normalar ham belgilab qo‘yildi:
- Remote/Home Edition formatida, ya’ni masofadan turib topshirilgan imtihonlar uchun berilgan sertifikatlar tan olinmaydi.
- Muddati belgilanmagan (“cheksiz amal qiladigan”) sertifikatlar endi uch yil bilan cheklandi.
Mazkur qaror kuchga kirgunga qadar olingan sertifikatlar amal qilish muddati tugagunga qadar yoki cheksiz holatda olingan bo‘lsa, olingan sanadan e’tiboran uch yil mobaynida amal qiladi.