08:45, Yanvar 26, 2026
/
910

TOEFL iBT sertifikati baholash mezonlariga o‘zgartirish kiritildi

Endilikda TOEFL har bir bo‘lim uchun 1.0 dan 6.0 gacha ball tizimini qo‘llaydi. Bu ballar 0.5 band oralig‘ida olinadi (masalan, 1.0, 1.5, 2.0 … 6.0).

Har bir bo‘lim — Reading, Listening, Speaking va Writing’ga alohida ball beriladi. Imtihonning umumiy balli esa to‘rt bo‘lim ballarining o‘rtacha qiymati bo‘yicha, eng yaqin 0.5gacha (half-band) yaxlitlanadi.

Bu yangilanish til o‘rganish darajasini baholaydigan xalqaro standart — CEFR (Common European Framework of Reference for Languages) bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lanish maqsadida amalga oshirildi.

2026-yil 21-yanvardan 2028-yilgacha bo‘lgan muayyan o‘tish davrida, imtihon natijalarida yangi 1–6 shkala bilan birga eski 0–120 tizimi bo‘yicha ham ball ko‘rsatiladi.

Maʼlumot uchun, TOEFL iBT jami uch soat davom etadi. Bu vaqt ichida test topshiruvchi 4 ta koʻnikma: reading, writing, speaking va listening boʻyicha imtihon topshiradi. Uning natijalari oliy ta’lim tizimida o‘qishga kirish uchun ham amal qiladi.

An’anaviy va yangi baholash tizimlarida ballar qanday hisoblanishini quyida bilib olishingiz mumkin.

An’anaviy Baholash Tizimi (Eng keng tarqalgan)

Bu tizimda umumiy ball 0 dan 120 gacha bo‘ladi. Imtihon 4 ta bo‘limdan iborat va har bir bo‘lim uchun 0 dan 30 gacha ball beriladi. Umumiy ball – bu to‘rtala bo‘lim ballarining yig‘indisidir.

Reading (30)+Listening (30)+Writing(30)+Speaking(30)=120 ball

Har bir bo‘lim qanday hisoblanardi?

A) Reading (O‘qish) va Listening (Tinglash)

Bu bo‘limlar kompyuter tomonidan avtomatik tekshiriladi. Siz har bir to‘g‘ri javob uchun 1 ball olasiz. Masalan, Reading bo‘limida 30-40 ta savol bo‘lishi mumkin. Siz to‘plagan “xom ball” (masalan, 45 tadan 38 ta to‘g‘ri) maxsus jadval asosida 0-30 shkalasiga o‘giriladi.

Har bir imtihon varianti qiyinligi turlicha bo‘lishi mumkin. Agar test qiyinroq tushsa, kamroq to‘g‘ri javob bilan ham yuqori (masalan, 30) ball olishingiz mumkin.

B) Speaking (Gapirish)

Bu bo‘lim insonlar (tekshiruvchilar) va AI (sun’iy intellekt) yordamida baholanadi. Siz 4 ta topshiriqqa javob berasiz. Har bir javob 0 dan 4 gacha bo‘lgan shkalada baholanadi (butun sonlarda). Ushbu 4 ta topshiriqning o‘rtacha bali chiqariladi (masalan, o‘rtacha 3.5). Keyin bu o‘rtacha ball 0-30 shkalasiga o‘giriladi. Masalan, barcha savollarga “4” baho olsangiz = 30 ball bo‘ladi.

C) Writing (Yozish)

Bu bo‘lim ham inson va AI (“e-rater”) tomonidan tekshiriladi. Siz 2 ta insho yozasiz. Har bir insho 0 dan 5 gacha bo‘lgan shkalada baholanadi. Ikki inshoning o‘rtacha bali hisoblanib, u 0-30 shkalasiga o‘tkaziladi. Yaxshi ball olish uchun (24+) insholaringiz kamida 4 yoki 5 ga baholanishi kerak.

Yangi Baholash Tizimi (2026-yildan)

2026-yil 21-yanvardan boshlab TOEFL iBT CEFR (Yevropa til standartlari) ga moslashish uchun 1-6 ballik tizimni ham joriy qildi. Har bir bo‘lim (Reading, Listening, Speaking, Writing) endi 1 dan 6 gacha baholanadi. Umumiy ball: To’rt bo‘limning o‘rtacha arifmetigi hisoblanadi (yig‘indi emas).

Masalan: Reading 5.5 + Listening 5.5 + Speaking 5.0 + Writing 5.5 = 5.5 (o‘rtacha)

Fikrlar (0)
Avval yangilari