08:31, Fevral 6, 2026
/
446

21 yoshli talaba sharlar portlashi oqibatida jarohatlandi (video)

Mumbaydagi turar-joy binosining liftida bir bog‘lam sharlarning yonib ketishi oqibatida sodir bo‘lgan kichik portlashi qisqa muddatli vahimaga sabab bo‘ldi. Videokuzatuv kameralariga tushib qolgan ushbu hodisa hozirda internetda tarqalmoqda.

Tasvirlarda liftga kichik aravacha bilan kirgan ayol va uning ortidan katta polietilen paketga solingan ko‘plab sharlarni ko‘tarib olgan erkak kirgani aks etgan. Eshiklar yopilishi bilan sharlar to‘satdan o‘t olib, yopiq joyda chaqnash (portlash) keltirib chiqaradi. Olov kuchayib, eshiklar ochilishidan oldin kamerani qisqa muddatga qoplab olgani ko‘rinadi. Bir necha soniyadan so‘ng, olov pasayishi bilan ayol va ikki erkak liftdan yugurib chiqib ketishadi.

Times of India nashri xabariga ko‘ra, videodagi ayol 21 yoshli talaba Himani Tapriya ekanligi aniqlangan. Dushanba oqshomida Goregaondagi “Anmol Tower” binosi liftida bir nechta gaz to‘ldirilgan sharlar portlashi oqibatida uning qo‘li, bo‘yni va qornida kuyish jarohatlari kuzatilgan. Politsiyaning ma’lum qilishicha, unga darhol tibbiy yordam ko‘rsatilgan va hozirda uning hayoti xavf ostida emas.

Goregaon politsiyasi sharlar olingan do‘kon egasi T.K. Jaysvalga nisbatan beparvolik yuzasidan ish ochdi. Sharlarni yetkazib berayotgan uning xodimi, 32 yoshli Raju Kumar Mahato ham hodisa oqibatida kuyish jarohatlarini olgan.

“Jaysvalga nisbatan Bharatiya Nyaya Sanhita (BNS) kodeksining 125-moddasi (beparvolik) bo‘yicha ish ochildi va ogohlantirish xati berildi. U yetkazib beruvchiga xavfsizlik bo‘yicha ko‘rsatmalar bermagan, bu esa hodisaga olib kelgan”, — dedi Goregaon politsiya mahkamasi ofitseri. Ofitserning qo‘shimcha qilishicha, Mahato “bino yashovchisi Arpit Jain tomonidan oilasidagi tug‘ilgan kun uchun buyurtma qilingan 10-12 ta gazli sharni” olib ketayotgan bo‘lgan.

Surat shahridan bo‘lgan Tapriya hodisa yuz berganda Mumbayga xolasini ko‘rish uchun endigina kelgan edi. Politsiyaning aytishicha, u portlash ehtiyotsizlik va xavfsizlik choralarining yo‘qligi natijasi ekanligini, yetkazib beruvchi xodimga hech qanday himoya vositalari yoki ko‘rsatmalar berilmaganini da’vo qilgan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari