08:17, Fevral 13, 2026
/
491

Toshkentda An’anaviy sanoat maktabi tashkil etiladi

12-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, sanoat, madaniyat muassasalari infratuzilmasini yaxshilash hamda yangi kreativ maydonlarni tashkil etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimotda Toshkent shahrida joylashadigan Kreativ industriya parkining konsepsiyasi koʻrib chiqildi.

Unda yashil bogʻ, art-obyektlar, xalqaro dasturlash tarmogʻining Toshkent maktabi, kitob kafesi, sport maydonlari, ijodiy pavilyonlar, kovorking markazi va ofislar, kino va video ishlab chiqarish maydonlari, ovoz yozish studiyasi, kreativ industriya kampusi hamda yoshlar va ijodkorlar uchun mehmonxona barpo etiladi. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, Yangi Toshkent hududi va Nukus shahrida kreativ parklar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Yangi Toshkentda kreativ park rezidentlari uchun ijara maydonlari, studiyalar, media va anjuman zallari, tijorat va xizmat koʻrsatish obyektlari joylashtirilsa, Nukus shahrining Istiqlol bogʻidagi mavjud pavilyon rekonstruksiya qilinib, koʻp funksiyali jamoat-madaniyat markaziga aylantiriladi.

Nukusdagi kreativ park loyihasining eʼtiborli jihati shundaki, unda Oʻzbekistonning “EKSPO-2025”dagi milliy pavilyoni joylashtiriladi va yonida zamonaviy kutubxona barpo etiladi.

Yurtimizdagi madaniyat markazlari faoliyati tanqidiy tahlil qilindi.

Respublikadagi 800 dan ortiq madaniyat markazining yarmidan koʻpi taʼmirtalab holatda ekani qayd etildi. Aksariyat madaniyat markazlari haligacha eskicha ishlayotgani, asosan bayram tadbirlarini oʻtkazish bilan cheklanib qolgani koʻrsatib oʻtildi. Shu bois, madaniyat markazlarini zamonaviy andoza asosida rivojlantirish boʻyicha pilot loyiha ishlab chiqilgan. Loyiha Toshkent, Qoʻqon, Buxoro va Samarqanddagi 4 ta markazni qamrab olgan boʻlib, birinchisi Toshkent shahridagi “Gulshan” madaniyat markazi negizida tashkil etilmoqda. Unda “madaniyat – taʼlim – hordiq – muloqot” zanjiri asosida turli yoʻnalishlaridagi klublar, ustaxonalar, studiyalar va toʻgaraklar tashkil etiladi.

Taqdimotda Buyuk Britaniya Qirollik jamgʻarmasi maktabi tajribasi asosida Toshkent shahrida Anʼanaviy sanʼat oliy maktabini tashkil etish rejalari ham koʻrib chiqildi.

Ushbu oliy maktab kulolchilik va gʻisht terish, manzarali bezak, yogʻoch oʻymakorligi, arxitekturaviy xattotlik, geometrik va biomorf naqsh yoʻnalishlarida bakalavriat va magistratura dasturlarini amalga oshiradi. Taʼlim ingliz tilida olib boriladi, ikki yillik dastur asosida mutaxassislar tayyorlanadi. 2027-yilda 50 nafar mutaxassis tayyorlash, 2031-yilga kelib, yiliga 80 nafar kadr quvvatiga chiqish rejalashtirilgan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari