19 yosh: O‘zbekistonda talabalikning eng ommaviy davri e’lon qilindi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari talabalar soni yosh ortgani sari bir maromda kamaymasligini ko‘rsatmoqda. 2025/2026-o‘quv yilida eng ko‘p talaba 19 yoshdagilar orasida qayd etilgan bo‘lib, ularning soni 220 598 nafardan iborat. 20 yoshda bu ko‘rsatkich 207 146 nafarga, 21 yoshda 179 230 nafarga tushgan.
Eng kam ko‘rsatkich 25 yoshda kuzatiladi: bu yoshdagi talabalar 49 377 nafarni tashkil etadi. Biroq 26-29 yosh oralig‘ida talabalar soni keskin oshib, 136 855 nafarga yetadi. 30-34 yoshdagilar orasida ham 122 742 nafar talaba bor.
Keyingi yosh guruhlarida esa pasayish davom etadi: 35–39 yoshdagilar 69 224 nafarni, 40 yosh va undan kattalar esa 53 483 nafarni tashkil etadi.
Bu statistikadagi eng qiziq jihat – 25 yoshdan keyin talabalar sonining keskin ko‘payishi. Biroq 26-29 yosh guruhi to‘rt yillik davrni qamrab olgani uchun uni alohida bir yosh bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqqoslash to‘g‘ri emas. Ma’lumotlar katta yoshda ham oliy ta’lim olayotganlar ko‘pligini ko‘rsatsa-da, bu o‘sishning aniq sabablarini faqat ushbu raqamlar asosida belgilab bo‘lmaydi.
Ra’no Nusratilloyeva