Oddiy talaba emas, haqiqiy qahramon

Toshkentda talaba-yigit bolalarning hayotini saqlab qoldi
“Taxminan soat 11 larda edi. Birdan baqir-chaqir ovozlari eshitildi. Pastdagi qo‘shnimizning farzandlari balkondan tushib ketayotgan ekan. Choyshab bilan tushmoqchi edik, lekin bolakay judayam kichkina, pastdagilarning baqir-chaqiriga qaramay pastga tushmoqchi bo‘lib ketayotgan ekan. Hech qanday himoya vositalarisiz tushishga to‘g‘ri kelib qoldi. Pastga tushib, bolani qutqarib qoldik. Uchta farzandlari bor ekan, uchchalasini ham olib, ichkariga kiritib qo‘ydik. O‘sha vaqt qo‘rquv sezilmadi. Kimningdir hayotini saqlab qolish insonga boshqacha hisssiyot berarkan”, – deydi qahramonimiz Muhriddin Ilashev voqeani izohlarkan.
Yangi Choshtepa mahallasi profilaktika inspektori tomonidan vaziyat nazoratga olingan, voqea sodir bo‘layotgan paytda pastda ham qutqaruv choralari ko‘rilgan. Biroq jasur talabaning sa’y-harakatlari sabab ularni qo‘llashga hojat qolmagan. Keyinchalik yosh bolalarni qarovsiz qoldirgan ona bilan ham suhbat olib borilgan.