Futbol ortidan kelib chiqqan nizo 20 yoshli talabaning o‘limi bilan tugadi

Qozogʻistonning Jetisu viloyati Toldoʻrgʻon shahrida yuz bergan mudhish fojia oqibatida 20 yoshli talaba Jangir Nurlanuli koʻplab pichoq jarohatlari bilan hayotdan koʻz yumdi. Mazkur voqea yoshlar oʻrtasida oʻzaro kelishmovchilik ortidan kelib chiqqan boʻlib, hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qotillik tafsilotlari atroflicha oʻrganilmoqda.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, marhum yigit oilaning yagona farzandi boʻlib, S. Jansuqurov nomidagi Jetisu universitetining Huquq va iqtisodiyot fakulteti ikkinchi bosqichida tahsil olayotgan edi. Ommaviy axborot vositalariga marhumning onasi taqdim etgan bayonotga koʻra, voqea joriy yilning 7-mayga oʻtar kechasi sodir boʻlgan. Talaba yigit oʻn kishilik tanishlar davrasida futbol uchrashuvi translyatsiyasini tomosha qilish uchun xonadonlardan biriga borgan. Biroq uchrashuv davomida u va 17 yoshli maktab oʻquvchisi oʻrtasida toʻsatdan ogʻzaki nizo kelib chiqqan. Keyinchalik yoshlar oʻzaro munosabatlariga oydinlik kiritish maqsadida koʻchaga chiqishgan va u yerda boshlangan janjal shafqatsiz mushtlashuvga aylangan. Natijada, voyaga yetmagan oʻsmir yonidagi sovuq qurol bilan talabaga olti marotaba pichoq urgan.
Jetisu viloyati Polisiya departamenti matbuot xizmati bergan bayonotda qayd etilishicha, gumonlanuvchi shaxs issiq izlaridan ushlanib, vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. Ixtisoslashtirilgan tergov sudi tomonidan unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan. Huquq tartibot idoralari ushbu qotillik fakti boʻyicha barcha zarur ekspertizalar tayinlangan holda keng qamrovli tergov harakatlari olib borilayotganini va jinoyat ishi idora rahbariyatining shaxsiy nazoratiga olinganini maʼlum qildi.