13:08, Oktabr 25, 2025
/
1,0 тыс

Endi texnikumlar faoliyatini alohida tuzilma nazorat qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan Kasbiy ta’lim agentligi tashkil etildi.

Prezidentning “Kasbiy ta’lim tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni tasdiqlandi. Unga ko‘ra Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzurida Kasbiy ta’lim agentligi tashkil etildi. Bu orqali kasbiy ta’limni rivojlantirishda samarali va yaxlit boshqaruv tizimi yaratiladi.

Kasbiy ta’lim agentligi:

– texnikumlar faoliyatini muvofiqlashtirish va kasbiy ta’lim sohasini boshqarishga mas’ul bo‘ladi;

– kasbiy ta’lim dasturlari mazmuni, malaka darajalari, o‘qitishning minimal muddatlari, bitiruvchilar bilimini baholash mezonlari hamda o‘quv-metodik ta’minotga talablarni belgilaydi.

– Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan “vaucher” tizimi bilan qamrab olinmagan shaxslarni kasbga o‘qitadi.

– Migratsiya agentligining xorijiy ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib bergan buyurtmalari asosida fuqarolarni kasbga va xorijiy tillarga o‘qitadi.

2027-yil 1-yanvardan boshlab esa iqtisodiyot tarmoqlaridagi ish o‘rinlariga bosqichma-bosqich Milliy malaka ramkasining tegishli darajasiga mos diplom (malaka sertifikati)ga ega xodimlarni ishga qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Kasbiy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha hududiy tadbirkorlar kengashlari ham tuziladi. Shuningdek davlat kasbiy ta’lim muassasalariga ta’lim xizmatlari narxini bozor konyunkturasidan kelib chiqib belgilash va mutaxassislarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida jalb qilishga ruxsat berish ham nazarda tutilgan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari