15:35, Oktabr 5, 2026
/
835

2031-yilga qadar qabul qilingan barcha talabalar xorijiy filialda to‘liq grantda o‘qishlari mumkin

Avvalroq Xorazmda Xitoyning Lyaoning pedagogika universiteti filiali tashkil etilishi haqida xabar bergandik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-oktyabrdagi “O‘zbekistonda Xitoy Xalq Respublikasining Lyaoning pedagogika universiteti filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-359-son qaroriga ko‘ra, 2030/2031-o‘quv yiliga qadar filialga qabul qilingan talabalar o‘qishning butun davri davomida to‘liq davlat granti asosida tahsil oladi.

Ya’ni, belgilangan muddatgacha o‘qishga kirgan talabalar grant asosida faqat bir yil emas, ta’limni to‘liq yakunlaguniga qadar o‘qiydi.

Ta’lim 2026/2027-o‘quv yilidan boshlanadi

Filialda ta’lim jarayoni 2026/2027-o‘quv yilidan yo‘lga qo‘yiladi.

Ta’lim o‘zbek, xitoy yoki ingliz tillarida olib boriladi. O‘qish kunduzgi va muqobil ta’lim shakllarida tashkil etiladi.

2031-yildan grant ulushi o‘zgaradi

2030/2031-o‘quv yilidan boshlab filialga qabul parametrlarining 30 foizi davlat granti asosida shakllantiriladi.

Shuningdek, talabalar amaliyoti hududdagi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarida, jumladan, dual ta’lim asosida tashkil etiladi.

Demak, filialga 2030/2031-o‘quv yiliga qadar qabul qilingan talabalar uchun asosiy imkoniyat – butun o‘qish davri davomida to‘liq davlat grantida tahsil olish.

Ilmira Alizoda

Fikrlar (0)
Avval yangilari