11:40, Avgust 18, 2026
/
3,5 тыс

233 ming abituriyent 56.7 ballni ham to‘play olmadi

2026-yilgi oliy ta’limga kirish imtihonlarida 233 935 nafar abituriyent 56,7 balldan past natija qayd etdi. Bu jami imtihon topshirganlarning 37,54 foizi degani.

Bu haqda 18-avgust kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, minimal ballni to‘play olmagan abituriyentlar ulushi so‘nggi yillarda kamayib bormoqda:

– 2023/2024-o‘quv yilida – 46 foiz
– 2024/2025-o‘quv yilida – 43 foiz
– 2025/2026-o‘quv yilida – 41 foiz
– 2026/2027-o‘quv yilida – 37,54 foiz

Demak, bu yil 56,7 balldan past natija ko‘rsatganlar ulushi so‘nggi to‘rt yildagi eng past ko‘rsatkich bo‘lgan.

Yakuniy tanlov natijalariga ko‘ra, bu yil davlat granti bo‘yicha o‘rtacha o‘tish bali 134,6 ball, to‘lov-kontrakt bo‘yicha esa 93,7 ballni tashkil etdi.

Taqqoslash uchun, o‘tgan o‘quv yilida bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 121,8 va 84,9 ball bo‘lgan.

Ya’ni bir yil ichida:

– grant bo‘yicha o‘rtacha o‘tish bali 12,8 ballga;
– kontrakt bo‘yicha esa 8,8 ballga oshgan.

Vazirlik buni abituriyentlar o‘rtasidagi raqobat kuchaygani bilan izohladi.

209 mingdan ortiq abituriyent talaba bo‘ldi

2026/2027-o‘quv yili uchun bakalavriat yo‘nalishlariga jami 209,1 ming nafar abituriyent talabalikka tavsiya etilgan.

Shundan:

– 52,8 ming nafari davlat granti;
– 156,3 ming nafari to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan.

Bundan tashqari, belgilangan imtiyozlar bo‘yicha alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida yana 20,5 ming nafar abituriyent talabalikka tavsiya etilgan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari