08:55, Iyun 29, 2026
/
387

24 ta o‘zbek oliygohi dunyoning TOP-1000 universitetlari qatorida

Times Higher Education (THE) xalqaro reyting agentligi 24-iyun kuni Indoneziyada o‘tkazilgan ta’lim sohasiga oid kongress doirasida THE Sustainability Impact Ratings 2026 natijalarini e’lon qildi.

Reytingda OTMlar ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar, ekologik barqarorlik, ijtimoiy mas’uliyat va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga qo‘shayotgan hissasi asosida baholangan.

2026-yilgi reytingda O‘zbekistonning jami 50 ta oliy ta’lim muassasasi qayd etilgan. Shundan 24 tasi top 1000 talikdan joy olgan. Eng yuqori natijani Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qayd etib, 101–200-o‘rinlar guruhidan joy oldi.

O‘zbekiston Milliy universiteti va “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti 201–300-o‘rinlar, Buxoro davlat universiteti, Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Termiz iqtisodiyot va servis universiteti esa 301–400-o‘rinlar oralig‘ida turibdi.



Bundan tashqari, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “Gender tengligi” yo‘nalishida dunyoda 8-o‘rinni egalladi. Toshkent davlat texnika universiteti “Arzon va toza energiya” yo‘nalishida 5-o‘rin, Farg‘ona politexnika instituti esa 6-o‘rinni qayd etdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2021-yilda ushbu reytingdan O‘zbekistonning 12 ta, 2022-yilda 30 ta, 2023-yilda 47 ta, 2024-yilda 53 ta, 2025-yilda esa 59 ta oliy ta’lim muassasasi o‘rin olgan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari