O‘zbekistondagi oliygohda nufuzli muassasa platformasi ochildi

“Yangi O‘zbekiston” universitetida Buyuk Britaniyaning dunyodagi eng nufuzli oliy ta’lim dargohlaridan biri, xalqaro reytinglarda yetakchi o‘rin egallab kelayotgan Oksford universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Oxford Hub platformasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Oksford universiteti so‘nggi yillarda Times Higher Education World University Rankings reytingida ketma-ket ravishda jahonning birinchi raqamli universiteti sifatida e’tirof etilib kelinmoqda. Shuningdek, QS World University Rankings reytingida ham doimiy tarzda eng yuqori pog‘onalarda qayd etib kelinadi.
Bunday nufuzli universitet bilan hamkorlik “Yangi O‘zbekiston” universitetining xalqaro akademik maydondagi mavqeini yangi bosqichga olib chiqadi.
Mazkur loyiha faqatgina O‘zbekiston emas, balki butun Markaziy Osiyo oliy ta’lim tarixida muhim voqea sanaladi. “Yangi O‘zbekiston” universiteti mintaqada birinchi bo‘lib Oksford universiteti bilan bunday keng qamrovli va tizimli akademik platformani yo‘lga qo‘ymoqda.
Oxford Hub O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari uchun Oksford universitetining yetakchi olimlari, mutaxassislarining ilg‘or tadqiqotlariga rasmiy va tizimli asosda kirish imkoniyatini yaratadi. Ushbu tashabbus Oksford universiteti tarkibidagi Wolfson kolleji huzurida faoliyat yurituvchi Oxford Birsöz Initiative tomonidan muvofiqlashtiriladi hamda Buyuk Britaniya hukumati ko‘magida amalga oshiriladi.
Tantanali tadbirda, shuningdek, Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bo‘yicha savdo vakili lord Jon Olderdaysga “Yangi O‘zbekiston” universitetining “Faxriy professori” unvoni topshirildi.