11 ta bank kartasini sotgan “droppovod” talaba qo‘lga olindi

Bishkek shahri Lenin tumani IIB xodimlari bank kartalarini noqonuniy sotishni tashkil qilishda gumonlanayotgan O‘sh viloyatining 20 yoshli K.I. ismli fuqarosini qo‘lga oldi.
2025-yilning 24-noyabr kuni yigit “o‘z kartasi bloklangani”ni bahona qilib, talaba T.A ni bank kartasini vaqtincha foydalanishga berishga ko‘ndirgan. Ular birgalikda O‘sh viloyatidagi bank filiallaridan biriga borishgan, u yerda K.I. kartani blokdan chiqargan. So‘ngra T.A ning kartasini Telegram orqali noma’lum shaxsga 5 ming so’mga (695 000 – 700 000 so‘m atrofida) sotib yuborgan.
Gumonlanuvchi xuddi shu sxema bo‘yicha o‘quv yurtlaridan biridagi kursdoshlaridan yana o‘nta bank kartasini qo‘lga kiritgan. Har bir kartani u 5 ming somdan pullagan. Keyinchalik ushbu kartalardan jinoyatlarni sodir etishda foydalanilgan.
Mazkur holat yuzasidan Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining 209-moddasi (Firibgarlik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 96-moddasiga asosan Bishkek shahar IIBBning vaqtincha saqlash hibxonasiga (IVS) joylashtirilgan. Bishkek shahar Lenin tuman sudi unga nisbatan bir oy muddatga 1-sonli tergov qamoqxonasida (SIZO-1) saqlash ko‘rinishidagi ehtiyot chorasini tanlagan.
IIB qo‘shimcha qilishicha, qo‘lga olingan shaxsning shunga o‘xshash boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda, tergov davom etmoqda. Shuningdek, militsiya bank kartalarini, rekvizitlarni, tasdiqlash kodlarini va shaxsiy ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga berish yoki sotish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini, noqonuniy operatsiyalar uchun karta taqdim etgan shaxslar esa jinoyat ishtirokchisi (sherigi) deb topilishi mumkinligini eslatib o‘tdi.
Ma’lumot o‘rnida, “droppovod” — bu “drop”larni (pul mukofoti evaziga o‘z bank kartalari, hisob raqamlari yoki shaxsiy ma’lumotlarini noqonuniy moliyaviy operatsiyalar uchun topshiruvchi fuqarolarni) qidiruvchi va jalb qiluvchi shaxsdir.