Ko‘pchilik kutgan xabar: yangi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi

Davlat tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan 15 yil ish stajiga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga uy-joy uchun subsidiya to’lash va farzandlarining kontrakt to’lovlarining bir qismini to’lab berish tartibi to‘g‘risidagi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Unga ko‘ra, davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlari uchun kontrakt to‘lovini qoplash tartibi quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
Ushbu imtiyoz bakalavriat bosqichida o‘qiydigan talabalarga nisbatan qo‘llaniladi va bunda yillik kontrakt summasining 30 foizi, ammo bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmagan miqdori to‘lab beriladi. To‘lov jarayoni to‘liq elektron shaklda amalga oshirilib, xodim subsidiya.mf.uz sayti yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza yuborishi lozim. Tizim xodimning ish stajini va hozirda davlat tibbiyot muassasasida ishlayotganini Yagona milliy mehnat tizimi orqali, talaba bilan qarindoshlik aloqalarini FHDYo bazasi orqali hamda o‘qish ma’lumotlarini HEMIS tizimi orqali avtomatik ravishda tekshiradi. Tasdiqlangan mablag‘lar fuqaroning qo‘liga berilmaydi, balki Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan to‘g‘ridan to‘g‘ri oliy ta’lim muassasasining bank hisob raqamiga o‘tkaziladi. Agar oilada bir nechta farzand talaba bo‘lsa, ularning har biri uchun alohida ariza berish imkoniyati mavjud bo‘lib, butun jarayon inson omilisiz va ortiqcha hujjatbozliksiz, raqamli tizimlar integratsiyasi asosida hal etiladi.
Batafsil ushbu fayl orqali tanishasiz.