10:21, Aprel 1, 2026
/
283

Oliy ta’limi yarim yo‘lda qolgan talabalarga o‘qishga qaytish yo‘li ochilmoqda

Turkiyada oliy ta’limni tark etishga majbur bo‘lgan talabаlar uchun o‘qishga qaytish imkonini beruvchi tartib ustidagi ishlar yakuniga yetdi. AK Partiya tomonidan tayyorlanayotgan ushbu “talabalar afvi” bo‘yicha hozirda ikkita variant ko‘rib chiqilmoqda.

Kichik qamrovli variantda, 2022-yil 1-iyuldan keyin o‘qishdan chetlatilganlar qamrab olinadi. Bu holatda kamida 190 ming talabaning oliygohga qaytishi kutilmoqda. Keng qamrovli variantda esa 2022-yilgacha bo‘lgan davr ham hisobga olinadi, biroq bunda “avvalgi afv etish jarayonlaridan foydalanmaganlik” sharti qo‘yiladi. Bu vaziyatda 700-800 ming kishining qayta talaba bo‘lish imkoniyati tug‘iladi.

Yangi tartib bakalavriat va o‘rta maxsus ta’lim talabalariga tegishli bo‘ladi. Magistratura va doktorantura bosqichidagilar esa ushbu afvdan tashqarida qoldiriladi. Fan-adabiyot, muhandislik, huquq va ijtimoiy fanlar kabi sohalarda o‘qishini to‘xtatgan keng qatlam ushbu huquqdan foydalanishi mumkin. AK Partiya ishlayotgan “Oliy ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga taklif etilayotgan 30 ga yaqin moddada qamrovni yanada kengaytirish rejalashtirilgan.

Garchi qamrov keng bo‘lsa-da, hamma ham o‘qishga qayta olmaydi. Quyidagi sabablarga ko‘ra o‘qishdan chetlatilganlar afvdan foydalana olmaydi:

  • Terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etganlar.
  • Giyohvand moddalar savdosi yoki iste’moli uchun jazolanganlar.
  • Kuchsizlantirish yoki zo‘ravonlik bilan bog‘liq og‘ir jinoyatlar sodir etganlar.

Shuningdek,qonun loyihasining eng qattiq qismi akademik firibgarlikka qaratilgan. Hozirda Turkiyada “tez (dissertatsiya) yozib berish markazlari” ko‘payib ketgani hukumatni tashvishga solmoqda. Yangi tartib bilan faqat talabaning o‘zi emas, balki pul evaziga ish yozib beruvchi shaxslar va shirkatlar ham jinoiy javobgarlikka tortiladi.

YOK (Oliy ta’lim kengashi) qoshida maxsus “Akademik etika nazorati” bo‘limi tashkil etilib, sun’iy intellekt yordamida yozilgan ishlarni aniqlaydigan eng zamonaviy dasturlar barcha universitetlarga tatbiq etiladi.

Bundan tashqari, huquq va muhandislik kabi sohalarda o‘qishni tashlab ketganlar qaytganida, ulardan qo‘shimcha imtihonlar yoki “moslashuv kurslari” talab qilinishi mumkin. Chunki bu sohalarda qonunchilik va texnologiya tez o‘zgaradi; masalan, 5 yil avval o‘qishni tashlagan huquq talabasi yangilangan kodekslarni o‘zlashtirishi shart bo‘ladi.

Qonun taklifi aprel oyi davomida Turkiya Buyuk Millat Majlisi (TBMM) kun tartibiga chiqishi kutilmoqda. Agar u ma’qullansa, talabalarga o‘qishga qaytish uchun ma’lum bir muddat (odatda 2 oydan 6 oygacha) beriladi va ular o‘zlari o‘qigan universitetga ariza bilan murojaat qilishlari kerak bo‘ladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari