14:02, Fevral 17, 2026
/
328

“O‘zJOKU talabalar uchun erkin” – Sherzodxon Qudratxo‘ja oliygoh bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan munosabat bildirdi

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida darsga kechikkan va formasiz kelgan talabalar binoga kiritilmagani sabab universitet darvozasi yonida turgani aks etgan video tarqaldi. Videoda mazkur talabalardan biri intervyu berib, forma kiymagani sabab universitetga kirilmagani, undan galstuk taqish talab qilinganini aytgan.

Mazkur hodisa jamoatchilikning qizg‘in bahslariga sabab bo‘ldi: kimdir bu universitet qoidasi ekanini ta’kidlasa, kimlardir talabaning “yonini oldi”.

Universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja mazkur voqea yuzasidan Facebook ijtimoiy tarmog‘ida munosabat bildirdi.

Uning aytishicha, universitetga hatto professor o‘qituvchilar ertalab soat 5-6 da keladi. Ustozlar shu vaqtda kelganida talabalarning kechikib kelishi hurmatsizlik hisoblanadi. Rektor bu narsalar maktabdan, avvalambor, oiladan boshlanishi, lekin, bir-ikkita talabalar populizm qilib, o‘zlaridan qahramon yasashi haqida qattiq fikrlar aytib o‘tgan.

“Birinchidan, oliy ta’limga o‘zi kimning haqqi bor aralashishga?, degan savol qo‘yaman. Bir zargar odam uzuk tayyorlasa, hech kim unga aql o‘rgatmaydi. Kulolga ko‘za yasashni hech kim o‘rgatmaydi. Bugun bizda maslahatchilar juda ko‘p — hokimlarga maslahat beradi, maslahat rektorga beradi. Mayli, hozir men u to‘g‘risida gapirmoqchi emasman.

Lekin e’tibor bering, soat 5:30-6:00 da professor-o‘qituvchilarimiz, ko‘pi ayollar, bolasini kiyintirib, maktabga chiqib, qaynona-qaynotasiga xizmatini qilib, jamoat transportida universitetga 8:00-8:15 ga kelishadi.Talaba esa 8:30 da keladi, qo‘lida albatta suv bo‘ladi. Ba’zi birlari “xot-dog”, “gamburger” oladi, uyda nonushta qilishga ulgurmaydi va paltosida kirib o‘tiradi. Kechagi yigit ham paltoda edi. Paltoni yechgin desangiz, uning ichida futbolka turgan bo‘ladi. “Men soviyapman”, deydi. Lekin bizlar bilamiz: umume’tirof etilgan dunyo madaniyati bo‘yicha, inson kelganda ustki kiyimini yechadi.

Universitetimiz odob-axloq kodeksida hamma narsa aytilgan. Har yili professor-o‘qituvchilar ham, xodimlar ham, talabalar ham, doktorantlar ham qo‘l qo‘yib, o‘z ixtiyori bilan kontrakt imzolaydi. Kechani yigitlar ham shundan kontaktga imzo qo‘ygan. Hech kim bu kontraktni majburlab qilmaydi.

Agar kimga yoqmasa, agar universitet bosim qilsa, o‘qimasin. Lekin men yana bir marta aytaman: O‘zJOKU universiteti juda talabalar uchun liberal, erkin”,deydi Sherzodxon Qudratxo‘ja.

Fikrlar (0)
Avval yangilari