Muhabbat ortidan jinoyat: SI yordamida bepul guldastalar olgan “romantik aferist” ushlandi

Hodisa Rossiyaning Yoqutiston (Saxa) Respublikasi poytaxti Yakutsk shahrida sodir bo‘lgan. Bu haqida Ren Tv manbasi xabar bermoqda.
Mahalliy Ichki ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, 21 yoshli talaba shahar markazidagi bir nechta yirik gul salonlarini aynan shu usulda chuv tushirgan. Yoqutistonning sovuq iqlimida gullar narxi ancha qimmatligini hisobga olsak, uning “tekinga” olgan guldastalari floristlar uchun katta zarar bo‘lib tushgan.
Sxema qanday ishlagan?
21 yoshli talaba guldastalar uchun to‘lovni amalga oshirishda Sun’iy Intellekt botlaridan foydalangan. U Telegram yoki maxsus platformalardagi neyrotarmoq botlari yordamida “Tezkor to‘lov tizimi” cheklarini soniyalar ichida generatsiya qilgan. Bu cheklarda do‘konning nomi, sana, vaqt va kerakli summa xuddi haqiqiydek ko‘ringan.
Qanday qilib fosh bo‘ldi?
Firibgar bir necha marta bitta gul do‘konining o‘zidan foydalangan. Floristlar dastlab bank ilovasida pul tushganini tekshirishmagan (chunki chek juda ishonarli ko‘ringan). Biroq kun yakunida kassa va hisob raqamidagi mablag‘lar mos kelmagach do‘kon ma’muriyati politsiyaga murojaat qilgan.
Qo‘lga olingan talaba o‘z ko‘rsatmasida “sevgilisini hayratda qoldirmoqchi bo‘lgani, lekin bunga puli yetmagani”ni aytgan. U jami 10 tadan ortiq qimmatbaho guldastalarni (har biri o‘rtacha 4-5 ming rubl atrofida) shu yo‘l bilan “sotib olgan”. Qiz do‘sti esa bu gullar firibgarlik yo‘li bilan kelayotganini hatto xayoliga ham keltirmagan.
Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (Firibgarlik) bo‘yicha ish ochilgan. Talabaning bu harakati “texnologik vositalarni qo‘llagan holda aldash” deb baholanmoqda. Hozirda u:
- Yetkazilgan zararni (50 ming rubl) qoplab berishi;
- Yirik miqdorda jarima to‘lashi;
- Yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb qilinishi mumkin.