14:43, Fevral 26, 2026
/
604

Ro‘za paytida “pelmen” pishirgan talaba oliygohdan haydaldi

“Ostorojno, Novosti” xabar berishicha, Moskvadagi pravoslav universitetining yotoqxonasida o‘rnatilgan “o‘rta asrlar” tartibi ko‘pchilikni hayratda qoldirmoqda.

Ma’lumotlariga ko‘ra, “Nikola” laqabi bilan tanilgan komendant Nikolay I. o‘zini mutloq hukmdordek tutib, talabalarni Buyuk ro‘za vaqtida pelmen pishirgani yoki muzlatkichda go‘sht saqlagani uchun darhol yotoqxonadan haydab yubormoqda. Taqiqlangan mahsulotlarni esa shunchaki derazadan uloqtirmoqda.

Nashrning talabalarga tayanib yozishicha, turmush qurmaganlarga uzuk taqish, qizlarga sochini bo‘yash qat’iyan man etilgan, hatto shaxsiy krovatda ikki kundan ortiq tunamaslik ham haydalishga sabab bo‘lishi mumkin. Eng g‘alati tomoni shundaki, erkaklarga kirish taqiqlangan qizlar qavatida komendantning o‘zi tunda bemalol kezib yuradi va talabalarning suhbatlarini eshik tagida yashirincha poylaydi. Nashrning qayd etishicha, ma’naviy talablar shunchalik yuqori bo‘lishiga qaramay, talabalar yoriq devorlar, pardasi yo‘q xonalar va g‘ichirlaydigan qattiq taxta krovatlarda yashashga majbur bo‘lishmoqda.

Fikrlar (0)
Avval yangilari