Oliy ta’limda raqamli inqilob: Turkiya va O‘zbekiston tajribasi

So‘nggi yillarda dunyoda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, data science, va kiber xavfsizlik sohalari shiddat bilan rivojlanmoqda. Bu jarayon oliy ta’lim tizimlarini ham o‘zgarishga majbur qilmoqda. Turkiya va O‘zbekiston misolida ko‘rsak, ikkala davlat ham global ehtiyojlarga javob berish maqsadida yangi dasturlar yo‘lga qo‘yib, zamonaviy kadrlar tayyorlashga katta e’tibor qaratayapti.
Turkiya zamonaviy yo‘nalishlarga katta sarmoya kiritmoqda
2024/2025 o‘quv yilidan boshlab Turkiya universitetlarida qator yangi dasturlar ishga tushirildi. Ular orasida:
Data Science and Analytics,
Artificial Intelligence and Machine Learning,
Cyber Security Engineering
Nega aynan shu yo‘nalishlar? Javob oddiy ish bozorida raqamli iqtisodiyotga oid mutaxassislarga talab keskin oshgan. OECD Digital Economy Outlook hisobotiga ko‘ra, AKT sohasi so‘nggi o‘n yilda iqtisodiyotdan uch baravar tez o‘sgan. Shu sababdan turk universitetlari asosiy yo‘nalishlarda nafaqat nazariy, balki amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim tizimini ham joriy qilmoqda.
Talabalar sanoat korxonalarida amaliyot o‘taydi, laboratoriyalarda real loyihalar ustida ishlaydi. Masalan, Sabanchi va Istanbul texnik universitetida talabalarning loyihalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri IT-kompaniyalar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

O‘zbekistonda yangi qadamlar: “Cyber University”dan tortib Sun’iy Intellekt dasturlarigacha
O‘zbekistonda ham oxirgi yillarda raqamli ta’limga jiddiy e’tibor kuchaydi. 2025-yil boshida Prezident qarori bilan Cyber University tashkil etilishi belgilandi. Bu oliygoh axborot xavfsizligi, kiber xavfsizlik, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohalarida mutaxassislar tayyorlaydi.
Bundan tashqari:
Toshkentdagi IT Park Universityda “Cybersecurity” dasturi ishga tushdi,
Samarqanddagi Xalqaro Texnologiyalar universitetida “Cyber Security” ixtisosligi ochildi,
TIUE universitetida esa Advanced Data Analytics va AI/ML modullari o‘qitilmoqda.
Yana bir muhim yo‘nalish – IoT (Internet of Things) Security. Cyber University dasturlaridan biri aynan internet qurilmalari xavfsizligiga bag‘ishlangan bo‘lib, bu yo‘nalish O‘zbekistonda ilk bor joriy etilmoqda.
Har ikki mamlakatda ham umumiy tamoyil shundan iboratki, ta’lim endi faqat nazariya emas, balki amaliyot bilan bog‘lanishi shart. Loyiha ishlari, laboratoriyalar, sanoat bilan hamkorlik – barchasi talabalarni ish bozoriga tayyorlash uchun yo‘lga qo‘yilmoqda.
Biroq O‘zbekistonda hali ayrim muammolar mavjud. Malakali professor-o‘qituvchilar yetishmasligi, barcha universitetlarda laboratoriya imkoniyatlarining teng emasligi, moliyaviy resurslarni jalb qilish zaruriyati. Turkiya esa bu jihatda ancha ilgarilab ketgan.
Turkiya oliy ta’limida raqamli dasturlar ancha oldin joriy etilgan va ular qator universitetlarda keng yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston esa so‘nggi yillarda katta qadam tashlamoqda: yangi universitetlar, yo‘nalishlar, sun’iy intellekt va kiber xavfsizlikka qaratilgan dasturlar yaratilmoqda.
Biroq raqobatbardoshlik uchun O‘zbekistonga yana qo‘shimcha vazifalar turibdi. Malakali kadrlarni tayyorlash, amaliyot bazasini kengaytirish va Data Science/AI dasturlarini barcha yirik universitetlarda ochish. Shundagina mamlakatimiz ham Turkiya tajribasidan ilhomlanib, global raqamli iqtisodiyotning yetakchi o‘yinchilaridan biriga aylanishi mumkin.