Harbiy tayyorgarliksiz yoshlarga chet elga chiqish taqiqlanishi mumkin

Ukrainada yoshlar uchun chet elga chiqish qoidalari yanada qat’iylashtirilishi mumkin. Bu haqda Ukraina Oliy Radasi deputati Ruslan Gorbenko ma’lum qildi.
Parlamentda muhokama qilinayotgan tashabbusga ko‘ra, 18 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan yigitlar xorijga chiqishdan avval bazaviy harbiy tayyorgarlik kurslarini tamomlagan bo‘lishlari shart.
Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kurslar davomida yoshlarni Ukraina Qurolli kuchlarida xizmat qilishga qiziqtirish va rag‘batlantirish ishlari ham olib boriladi.
Shuningdek, 35 yoshdan oshgan va ikkinchi bor oliy ta’lim olayotgan talabalar uchun harbiy xizmatdan beriladigan kechiktirish huquqi (otsrochka) bekor qilinishi mumkin. Endilikda yoshi katta talabalar uchun o‘qish joyi harbiy chaqiruvdan himoya qiluvchi asos bo‘la olmaydi. Deputat Aleksandr Fedienkoning ta’kidlashicha, ushbu chora qo‘shimcha safarbarlik resurslarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Ukraina Mudofaa vazirligi harbiy xizmatdan band qilib qo‘yish (bron) tizimini butunlay qayta ko‘rib chiqmoqda. Taxminlarga ko‘ra, faqatgina mudofaa korxonalarida ishlaydigan xodimlar uchun istisno qilinishi, qolgan soha vakillari esa umumiy asosda xizmatga jalb etilishi mumkin.
30-aprel kuni Prezident Vladimir Zelenskiy Ukrainada harbiy holat va umumiy safarbarlik muddatini uzaytirish haqidagi qonunni imzolaganidan so‘ng, hududiy komplektlash markazlari (TCC) faoliyati yanada kuchaytirildi. Endilikda harbiy komissarlik vakillari jamoat joylarida, jumladan, sport zallarida tekshiruvlar o‘tkazib, harbiy xizmatdan kechiktirish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarning hujjatlarini qayta tekshirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya tomoni Ukrainadagi ushbu jarayonlarni «shafqatsiz safarbarlik» deb atab, bu chora-tadbirlar mamlakatning demografik va mehnat resurslariga jiddiy zarar yetkazishi haqida bir necha bor bayonot bergan. Hozirda ushbu qonun loyihalari va takliflar Ukraina parlamenti darajasida qizg‘in muhokama qilinmoqda.