Ehtiyojmand xotin-qizlar uchun imtiyozli tavsiyanomalar berish boshlandi
Respublikamizdagi ehtiyojmand oilalarga mansub xotin-qizlar uchun oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilinish imkoniyatini beruvchi tavsiyanomalar uchun arizalar qabul qilinishi boshlandi. Joriy yilda ham ushbu maqsadlar uchun jami 4 mingta qo‘shimcha grant o‘rni ajratilgan bo‘lib, bu avvalgi yillarga nisbatan ikki baravar ko‘pdir.
Talabgorlar o‘z arizalarini 8-iyuniga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali to‘liq onlayn tarzda yuborishlari mumkin.
Kimlar tavsiyanoma olish huquqiga ega?
Tavsiyanomalar umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatga ega bo‘lgan hamda quyidagi 6 ta mezondan biriga mos keladigan ehtiyojmand xotin-qizlarga beriladi:
- Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalarning xotin-qizlari;
- To‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi (yoxud har ikkalasi) vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
- Turmush o‘rtog‘i vafot etgan va voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
- Nogironligi bo‘lgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
- Ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;
- Ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.
Mezonlarga mos keladigan barcha xotin-qizlarga tavsiyanoma beriladi, ya’ni hujjat berishda hech qanday cheklov (kvota) yo‘q. Tavsiyanoma faqat bir yil muddatga amal qiladi. O‘tgan yili tavsiyanoma olib, o‘qishga kira olmagan xotin-qizlar joriy yil uchun qaytadan ariza topshirishlari shart.
Abituriyentlar diqqatiga!
Ushbu tavsiyanoma kirish imtihonlarida abituriyent to‘plagan ballga qo‘shimcha ball qo‘shib bermaydi. Tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar ajratilgan 4 mingta o‘rin uchun o‘zaro alohida tanlovda bellashadilar.
Hujjatga ega bo‘lish 100 foiz talabalikka tavsiya etilishni kafolatlamaydi. O‘qishga kirish uchun kirish imtihonlarida imkon qadar yuqoriroq va yetarli ball to‘plash talab etiladi.
Eslatma! Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar 500 ta kvota uchun joriy yilning 31-mayga qadar (shu kuni ham) ariza yuborishi kerak.
Bu ikkita tavsiyanoma boshqa-boshqa bo’lib, bir kishi ikkala tavsiyanomani ham olishi mumkin, agar mezonlariga to’g’ri kelsa.