15:14, May 7, 2026
/
132

Harbiy OTMlarga kirishda ayrim yoshlarga qo‘shimcha ball berilishi mumkin

Muhokamaga qo‘yilgan yangi nizom loyihasiga ko‘ra, “Vatan tayanchi” harakati a’zolari hamda “Vatanparvarlar” va “Shijoat va g‘ayrat” musobaqalari g‘oliblariga harbiy oliygohlarga kirishda imtiyoz berilishi rejalashtirilmoqda. Ya’ni, “Vatan tayanchi” harakatining faoliyatida faol ishtirok etgan taʼlim tashkilotlarini a’lo baholar bilan tamomlagan “Vatan tayanchi” otryadlarining bir nafar aʻzosiga hamda “Vatan tayanchi” harakatining “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi va mahalla yoshlari oʻrtasida oʻtkaziladigan “Shijoat va gʻayrat” musobaqasining respublika bosqichi gʻolibi boʻlgan jamoa a’zolariga Mudofaa vazirligi tomonidan imtiyozli tavsiyanoma beriladi.

Tavsiyanomaga ega bo‘lganlarga test sinovlari natijalariga koʻra oʻzlari toʻplagan ballning 5 foizi miqdorida qoʻshimcha ball beriladi. Tavsiyanoma 3 yilgacha  amal qiladi.

Shuningdek, ‘‘Vatan tayanchi” otryadi aʼzolari taʼlim tashkilotlaridagi o‘quvchilarning baholari, sport va fan yutuqlari, kitobxonligi, harbiy-vatanparvarlik tadbirlaridagi faolligi asosida ball berib boriladi.

Umumta’lim fanlari bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichi 4,0 dan yuqori bo‘lgan o‘quvchilarga quyidagi tartibda ball berilishi belgilangan: 

— 4.0 dan 4,3 gacha — 10 ball;

— 4.4 dan 4,7 gacha — 15 ball;

— 4.8 dan 5,0 gacha — 20 ball.  Oʻquv fanlaridan qoʻyilgan baholarning yakuniy oʻrtacha koʻrsatkichi 4,0 dan past boʻlgan oʻquvchilarga ball berilmaydi.  

Otryad a’zolarining ballari teng bo‘lsa, tavsiyanoma ishchi guruh qaroriga ko‘ra harbiylikka qiziqishi, fan va sportdagi yutuqlari hamda innovatsion loyihalardagi (respublika bosqichidagi 1-, 2-, 3-o‘rinlar) natijalari inobatga olinib tavsiyanoma beriladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari