18:06, Oktabr 16, 2025
/
1,5 тыс

Yangi Qonun loyihasi: nima “ketdi”, nima “qoldi”?

Yoxud ijtimoiy tarmoqlarda aylanayotgan “Sirtqi ta’lim qaytdi”, “Muqobil (part-time) ta’lim 8 yil” degan mish-mishlar qanchalik asosli?

15-oktyabrdan 30-oktyabrga qadar “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali” da “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tmoqda. Ammo yangi Qonun loyihasini o‘qish asnosida bir qancha savollar paydo bo‘lmoqda.

Birinchidan, Qonunning 5-moddasida “ishlab chiqarishdan ajralgan (kunduzgi) va ajralmagan holda (sirtqi, kechki, masofaviy) hamda dual va maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim olishni tashkil etish” jumlasi saqlab qolinadigan bo‘ldi. Biroq joriy yildan boshlab Respublikamizda sirtqi ta’lim shakli yopildi. Qonunda nega bunaqa deyilgan, sirtqi ta’lim 2026/2027-o‘quv yilidan qayta tiklanishi mumkinmi? Yoki bu jumla hozirda o‘qishini davom ettirayotgan 2,3,4,5-bosqich sirtqi ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun qo‘llanganmi? Bu savolga mas’ullardan batafsil javob kutamiz, chunki ayni shu mavzu ko‘plab Telegram kanallarda ham kun savoli bo‘lib qolmoqda.

Tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan va ko‘proq noto‘g‘ri talqinga uchrayotgan yana bir masala maqbullashtirilgan (part-time) kunduzgi ta’lim shakli mavzusidir. Qonun quyidagi 16¹-modda bilan to‘ldirilmoqda:

“Maqbullashtirilgan muqobil kunduzgi ta’lim (part-time education) oliy ta’lim tashkilotlarida muqobil ta’limning kredit-modul tizimiga asoslangan, talabalarning o‘qish va ishlashini birgalikda olib borish imkonini beruvchi, o‘qish an’anaviy kunduzgi ta’lim shakliga qaraganda ko‘proq moslashuvchan va vaqt bo‘yicha qulaylik yaratadigan, haftalik o‘quv yuklamasi (soatlari) kamaytirilgan, o‘qish davomiyligi kunduzgi ta’lim shakliga nisbatan kamida bir yarim barobar ko‘p o‘qish muddatini tashkil etadigan va bakalavriatda 8 yilgacha, magistraturada 4 yilgacha bo‘lgan o‘qish davomiyligidagi ta’lim shaklidir”.

Qisqacha izohlaydigan bo‘lsak, maqbullashtirilgan kunduzgi ta’limda talaba dars soatlarini o‘ziga moslashtirib tanlay oladi. Bundan tashqari, haftalik yuklamalar ham odatiy kunduzgi ta’lim shaklidan kamroq bo‘ladi. Matnda “bakalavriatda 8 yilgacha” degan o‘rin bor. Ayni shu qism ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan “masofaviy ta’lim 8 yil ekan” degan tushunchani keltirib chiqarmoqda va negativ izohlarga sabab bo‘lmoqda. Biroq bu juda noto‘g‘ri. Maqbullashtirilgan muqobil ta’limda Qonun loyihasida aytilgandek “o‘qish davomiyligi kunduzgi ta’lim shakliga nisbatan kamida bir yarim barobar ko‘p” bo‘ladi. Bu degani kamida 6 yil. Siz 6 yilda o‘qishni bemalol tamomlasangiz bo‘ladi, faqat 8 yildan oshirib yubormasligingiz kerak. Magistratura masalasida ham shunday: kunduzgi magistratura muddati o‘rtacha 2 yil, muqobillashtirilgan magistratura muddati (2*1,5) 3 yil. Agar magistratura muddatingiz 1 yil bo‘lsa, part-time holatida kamida 1,5 yil o‘qiysiz. Faqat Qonunga ko‘ra, o‘qish muddatini 4 yildan oshirib yubormasligingiz kerak.

Yana bir yangilik Qonunning 15-moddasiga qo‘shilgan “maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim” xatboshisidir. Ushbu atama orqali moddada (sirtqi hamda masofaviydan tashqari) kunduzgi ta’limga oid 3 xil o‘quv shakli paydo bo‘ldi: ishlab chiqarishdan ajralgan holda taʼlim olish (kunduzgi) dual ta’lim va maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim.

Xo‘sh, bu uch atamaning tavsifi qanday?

Ishlab chiqarishdan ajralgan kunduzgi ta’lim shakli bu klassik kunduzgi ta’lim hisoblanadi.Talaba ishlamaydi, ya’ni o‘qish davrida ishlab chiqarish (ish joyi)dan butunlay ajralgan holda ta’lim oladi.Darslar ertalabdan kechgacha muntazam jadval asosida o‘tiladi.Talaba to‘liq o‘qishga e’tibor beradi.

Maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim shakli esa ishlaydigan yoki boshqa band talabalarga mo‘ljallangan, optimizatsiya qilingan (yengillashtirilgan) kunduzgi shakldir.Darslar qisqartirilgan yoki moslashtirilgan jadval asosida o‘tiladi (masalan, haftasiga 3–4 kun, yoki kechki payt).Talabaga ishlab turish imkoniyati beriladi.Ta’lim hajmi va davomiyligi ishlab chiqarishdan ajralgan shaklga nisbatan qisqartirilgan bo‘ladi. Maqsad — ish tajribasini saqlab qolgan holda oliy ta’lim olish imkonini yaratish.

Dual (ikki tomonlama) ta’lim deganda talaba ta’lim jarayonining bir qismini universitetda (nazariy bilim uchun), ikkinchi qismini esa ishlab chiqarishda (amaliyotda) o‘tishi nazarda tutiladi. Ya’ni talaba bir vaqtning o‘zida ham o‘qiydi, ham ishlaydi, biroq bu oddiy “ishga kirib o‘qish” emas — bu universitet va korxona o‘rtasidagi shartnoma asosidagi tizimli ta’limdir. Masalan, bugungi kunda ushbu tajriba Toshkent davlat transport universitetida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, uning talabalari oliygoh ta’limi bilan birga Uzbekistan Airways, “Quvasoy-mexanika zavodi” AJ, “Quyuv-mexanika zavodi” AJ kabi korxonalarda amaliyotni ham birga olib boradilar.

Albatta, har uchchala kunduzgi ta’lim shakli ham o‘z o‘rnida yaxshi. Ayniqsa, yangi Qonun kuchga kirsa, o‘qish va ishni bir vaqtda olib boruvchi talabalar uchun maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim anchayin yengillik beradi.

Umuman, qonun loyihalarining umumxalq muhokamasiga qo‘ytilishi – demokratik davlatlar xalqi uchun juda yaxshi va foydali jarayon. Bu orqali insonlar tegishli organlarga o‘z taklif va mulohazalarini yetkazishlari mumkin. Sizni ham talaba sifatida “Ta’lim to‘g‘risida” gi Qonunning yangi tahriri muhokamasida faol bo‘lishga chaqiramiz.

Fikrlar (0)
Avval yangilari