13:47, Oktabr 18, 2025
/
629

Boy-ku boy bo‘lar, ilmli kim bo‘lar?

Chet elda o‘qish – faqatgina orzu emas, sinov. Bu faqatgina filmlardagi kabi ryukzakni osib universitetga borib kelish emas. Eng katta muammo esa moddiy masala.

Bugungi kunda minglab yoshlarimiz dunyoning nufuzli universitetlarida ta’lim olishni istaydi, biroq ularning aksariyati moddiy imkoniyat tufayli bu orzusidan voz kechishga majbur bo‘lmoqda. Yevropa yoki AQShdagi bir yillik kontrakt miqdori ayrim oilalarning 10 yillik daromadiga teng. Talaba nafaqat kontrakt, balki turar-joy, sug‘urta, o‘quv materiallari, kundalik hayot xarajatlari kabi ko‘plab qo‘shimcha to‘lovlarni ham o‘zi qoplashi kerak bo‘ladi. Ko‘pchilik yoshlar grantga kirsa ham yashash uchun mablag‘ topolmaydi, ota-onasining yillik mehnati bir oylik ijara puliga yetmaydi. Pul topish uchun vaqtini o‘qishga emas, ishlashga sarflaydi. Eng achinarlisi, ilmga chanqoq, iqtidorli, ammo oddiy oilada ulg‘aygan talaba imkoniyat emas, moddiyat sababli orzusidan chetda qolmoqda.

To‘g‘ri, “El-yurt umidi” – o‘zbekistonlik yoshlarning qaysidir ma’noda orzulari kaliti, ammo hammaning ham qo‘liga sig‘maydigan kalit. Chet elda o‘qishni istagan yoshlar uchun ushbu grant yagona katta imkoniyatlar sanaladi. Ammo bu grantning ham imkoniyatlari cheklangan: har yili yuzlab iqtidorli yoshlardan faqat oz qismigina tanlab olinadi. Eng achinarlisi shundaki, ko‘plab ilmli, bilimga chanqoq, lekin moddiy sharoiti og‘ir bo‘lgan talabalar ushbu grant mezonlariga yetolmay qolmoqda. Chunki ular o‘qish bilan birga hayot kechirish uchun ishlashga majbur. Kunlik xarajatlarini qoplash, oilasiga yordam berish uchun vaqtining katta qismini, afsuski, pul ishlab topishga sarflaydi. Natijada, darsga chuqur tayyorlanishga, ilmiy loyihalarda qatnashishga, ijtimoiy faollik ko‘rsatishga imkon topa olmaydi. Shu sababli baholari o‘rtacha bo‘lib qoladi, portfoliosida “faollik” degan band bo‘sh turadi. Bu esa grantning asosiy shartlariga mos tushmaydi. Ya’ni, bugungi tizimda ko‘pincha “imkoniyatli – faollik ko‘rsatadi – grant oladi”, “imkoniyatsiz – ishlaydi – faollikka va yuqori bahoga ulgurmaydi” degan zanjir shakllangan. Natijada jamiyatning haqiqiy boyligi bo‘lgan ilmga chanqoq, lekin iqtisodiy qiyinchilikka duch kelgan minglab yoshlar xalqaro minbarlardan chetda qolmoqda.

Eng katta xavf

Yurtimiz uchun eng katta xavf – bilimli, lekin imkoniyatsiz yoshlarning potensiali so‘nib borayotgani. Agar bugun ularning ilm olishiga sharoit yaratib berilsa, ertaga ular nafaqat o‘z hayotini, balki mamlakatning iqtisodiy va intellektual kelajagini ham o‘zgartiradi. Chunki boylik meros, ilm esa davlat kelajagidir.

O‘zbekiston – keng imkoniyatlar yurti. Yuqoridagi muammolarni hisobga olgan holda hukumatimiz “Xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytinglarida 300 talikka kiruvchi oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olish uchun taʼlim kreditlarini ajratish tartibi toʻgʻrisidagi” Nizomni ishlab chiqdi. Hozircha umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan loyiha tasdiqlansa, ko‘plab iqtidorli talabalarimiz tahsili uchun yetarli sharoit yaratiladi. Unda QS (Quacquarelli Symonds) hamda THE (The Times Higher Education) xalqaro reyting tashkilotlarining global reytingida birinchi 300 talikka kiritilgan oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilingan 30 yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga (keyingi oʻrinlarda — kredit oluvchi) banklar tomonidan bakalavr hamda magistratura dasturlarida taʼlim olishlari uchun bir yillik toʻlovi 20 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan summada  taʼlim krediti berilishi nazarda tutilgan.

Talabadan esa faqat yaxshi o‘qish talab qilinadi, chunki nizomga ko‘ra, 2-kursdan boshlab har bir oʻqish davrining (semestr, trimestr, yarim yillik va yillik) yakunlari boʻyicha akademik oʻzlashtirish natijalari toʻgʻrisidagi hujjat so‘raladi.

Bu imkoniyat qaysidir ma’noda iqtidorli, ammo chetelda o‘qishni sharoiti taqozo qilmaydigan talabalar uchun xorijda o‘qish, o‘qiganda ham TOP 300 universitetlarda o‘qish uchun eshiklarni keng ochadi. Yakunda sarlavhada yozgan savolimizga javob topamiz: boy boy bo‘lar, ilmli kim bo‘lar? Ilmli ilmli bo‘lar, ilm esa har qanday boylikdan qimmat.

Fikrlar (0)
Avval yangilari