10:28, Oktabr 29, 2025
/
449

HBCU – chirkin irqchilik yaratgan xazina o‘chog‘i

Tarixda Amerika Qo‘shma Shtatlari ta’limi hech qachon “barchaga teng imkoniyat” tamoyiliga asoslanmagan. Aksincha, irqiy segregatsiya — ya’ni odamlarni teri rangi asosida ajratish siyosati — davlat tomonidan qonun bilan mustahkamlangan va hayotning barcha jabhalarida, jumladan ta’lim tizimida ham joriy etilgan edi. Segregatsiya davrida afro-amerikalar nafaqat restoran, jamoat transporti yoki mahallalardan ajratildi, balki ularga bilim olish huquqi ham rad etildi. AQShning ko‘plab universitetlari o‘z nizomida “faqat oq tanlilar uchun” degan ochiq diskriminatsion qoida bilan ishlagan.

Bu siyosat jamiyatning ongiga shu qadar singib ketganki, afro-amerikanlarga ta’lim berish “ijtimoiy xavf” sifatida ko‘rilgan. U paytdagi hukmron qarash shunday edi: agar qora tanli o‘qisa, u fikrlaydi; agar fikrlasa, u tenglik talab qiladi. Shu sababli qora ularning savodli bo‘lishi oq hukmronlik uchun xavf deb baholangan. Ana shunday zulmatli sharoitda HBCU — Historically Black Colleges and Universities, ya’ni “tarixan afro-amerikaliklar uchun tashkil etilgan oliy ta’lim muassasalari” paydo bo‘ldi. Bu universitetlar qora tanlilar uchun ta’lim berish maqsadida emas, balki ularni inson sifatida tan olish uchun kurash natijasida tug‘ildi.

Birinchi tarixiy universitet — Cheyney University of Pennsylvania, 1837-yilda tashkil etilgan. Uni Quaker konfessiyasiga mansub filantrop Richard Humphreys tashkil qildi. U o‘zining merosidan katta mablag‘ ajratib, yaratilajak universitet haqida shunday deydi: “Qora tanlilar o‘qimas  ekan, ular erkin bo‘lolmaydi. Ularni qullikdan emas, jaholatdan ozod qilish kerak!” Keyinchalik 1854-yilda Lincoln University, 1867-yilda Howard University, 1868-yilda Morehouse College, 1881-yilda Tuskegee University kabi oliygohlar tashkil topdi. Ularning ko‘pchiligi diniy tashkilotlar yoki abolitsionist harakat (qullikka qarshi kurashchilar) tomonidan ochilgan.

Dastlab ta’lim muassasalariga afro-amerikaliklardan tashqari oq tanlilar va boshqa irq vakillarini qabul qilish mumkin bo‘lmagan. 1964-yilda AQShda Fuqarolik huquqlari to‘g‘risidagi qonun (Civil Rights Act) qabul qilinishi bilan irqiy segregatsiya rasmiy ravishda ta’qiqlanib, barcha oliygohlar qatori HBCUlar ham millatidan qat’i nazar barcha talabalarni qabul qilish majburiyatiga ega bo‘ldi.1972-yilda Federal hukumat HBCUlarni maxsus maqomga ega oliygohlar sifatida tan oldi va ularga moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yo‘lga qo‘ydi, shu bilan ular “faqat qora tanlilar uchun” emas, balki “tarixiy ravishda qora tanlilar uchun tashkil etilgan, ammo hozir barchaga ochiq” maqomiga ega bo‘ldi.

HBCU universitetlari AQShning eng nufuzli siyosatchilari, Nobel mukofoti sohiblari, madaniyat va ilm-fan yetakchilarini yetishtirgan. Ularni HBCUlar “irqiy adolat fabrikasi” deb ham atashadi. Ular orasida AQSh ning birinchi ayol vitse-prezidenti Kamala Harris, AQSh Oliy Sudining ilk afro-amerikalik sudyasi Thurgood Marshall, Atlanta meri Andrew Young bor. Ularning barchasi Howard university bitiruvchilari sanaladi. Inson huquqlari ikonasi, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi Martin Lyuter King, Pulitzer sovrindori Toni Morrison, Oscar sohibi rejissyor Spike Lee, mikrofon ixtiochisi James West ham aynan HBCU ga qarashli oliygohlarda tahsil olishgan.

HBCUlar – bu “alternativ universitetlar” emas. Ular tarixan mahkum qilingan insonlarni nafaqat ozodlikka, balki global yetakchilikka olib chiqqan ta’lim imperiyasidir. Bu universitetlar bo‘lmaganida, bugungi Amerika siyosati ham, ilm-fani ham, san’ati ham butunlay boshqa ko‘rinishda bo‘lardi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari