Talaba – iste’molchimi yoki yaratuvchimi?

Talaba – iste’molchimi yoki yaratuvchimi?
Bugungi talaba – texnologiya quchog‘ida ulg‘aygan, har bir javobni “Google”dan, har bir fikrni “ChatGPT”dan topadigan avlod. Ammo savol shu: u topadimi yoki o‘g‘irlaydimi? U o‘rganadimi yoki shunchaki “iste’mol qiladimi”?
O‘tmishdagi talabalar hayotiga nazar tashlasak, ular bir sahifa ma’lumot topish uchun kutubxona changida nafas olganiga guvoh bo‘lamiz. Hozirgilar esa ikki soniyada yuz manbadan “copy–paste” qilganini “tahlil” deb o‘ylaydi. Biz shunday davrga keldikki, ma’lumot ko‘pligi aqlni charxlash o‘rniga uni sustlashtiryapti. Talaba o‘ylamaydi, faqat qabul qiladi. Yaratuvchanlik esa – “vaqt ketadi”, “kerak emas” degan bahonalar ostida yo‘qolib boryapti.
Universitet auditoriyalarida bir xil holat!
O‘qituvchi so‘rasa, talabalar har doim jim. Chunki ular javobni aytishga emas, topishga o‘rganishgan. Boshqacha aytganda, bilimni iste’mol qiladigan, lekin uni qayta ishlab, o‘z fikrini yaratmaydigan avlod shakllanyapti. Bu xavfli. Chunki bugun “iste’molchi talaba” ertaga “takrorlovchi mutaxassis”ga aylanadi. Aksincha, yaratuvchi talaba umuman boshqacha bo‘ladi: u “nima uchun” degan savoldan qo‘rqmaydi. Berilgan materialni yodlamaydi, balki uni tahlil qiladi, yangilik izlaydi. Yaratuvchi talaba kitobni o‘qigach “boshqacharoq bo‘lganda qanday bo‘lardi?” deb o‘ylaydi. Copy-paste bilan umr o‘tkazmaydi.
Tan olaylik, bizning ta’lim tizimimiz ham talabaning “yaratuvchi” bo‘lishiga har doim imkon bermaydi. Baholash mezonlari ijod emas, to‘g‘rilikni o‘lchaydi. Fikr bildirish o‘rniga, “kalit javob” izlanadi. Ammo bu bahona emas. Chunki har bir o‘zgarish talabaning o‘zida boshlanadi. Talaba iste’molchimi yoki yaratuvchimi – bu faqat savol emas, tanlov. Kimdir har kuni bir xil ma’lumotlarni qayta o‘qib, “bilim olyapman” deb o‘zini ovutadi. Kimdir esa o‘sha ma’lumotdan yangi g‘oya yaratadi, muammo yechimini topadi.
Yaratuvchilik bu katta laboratoriya yoki grant emas. Bu — fikrlash. Har kuni kichik narsaga boshqacha qarash. O‘qituvchi “mavzu shu” desa, “yana qanday yo‘l bor?” deb so‘rash. Ma’lumotni iste’mol qilmay, uni tahlil qilish, unga savol berish. Bugun siz darsga kirib, o‘qituvchining aytganini yozib olasiz. Ertaga shu sohani o‘zingiz shakllantiradigan avlod bo‘lasiz. Shuning uchun savolni yana beraylik: siz hozir nima qilyapsiz — o‘rganayapsizmi, yo o‘rganilgan narsani iste’mol qilyapsizmi?
Javobni o‘zingizdan talab qiling. To‘g‘ri talaba bilimni iste’mol qiladi, lekin shu iste’mol manbasidan nimadir yangilik yaratmas ekan, u shunchaki eshituvchi, ko‘ruvchi, ammo fikrlay olmaydigan mavjudot bo‘lib qolaveradi.