Har bir talaba o‘qishi shart bo‘lgan mavzu: Yangi Konstitutsiya hayotimizni qanday o‘zgartiradi?

Insoniyat tarixi shundan guvohlik beradiki, har qanday jamiyatning rivojlanish darajasi, avvalo, unda o‘rnatilgan tartib-qoidalar va inson omiliga bo‘lgan munosabat Konstitutsiya bilan o‘lchanadi. Qonun ustuvor bo‘lgan joyda adolat, adolat hukm surgan joyda esa farovonlik va xotirjamlik bo‘ladi. Bugungi kunda O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi, hal qiluvchi bosqichiga qadam qo‘yar ekan, jamiyatimiz hayotining bosh qomusi bo‘lmish Konstitutsiyaning yangi tahrirda qabul qilinishi shunchaki yuridik hodisa emas, balki xalqimizning xohish-irodasi, orzu-intilishlari hamda kelajakka bo‘lgan ishonchining ifodasi sifatida maydonga chiqdi. Ushbu maqolamizda murakkab yuridik atamalardan chekingan holda, oddiy fuqaro, ya’ni siz va biz uchun yangi bosh qomusimiz qanday huquq va imkoniyatlarni taqdim etayotgani, shu bilan birga zimmamizga qanday mas’uliyat yuklayotgani haqida atroflicha fikr yuritamiz.
Davlatmiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda: “Konstitutsiya – davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan Qomusnomadir. U bizning baxtimiz, kelajagimiz va farovonligimiz kafolatidir”. Ushbu purma’no so‘zlar zamirida yangilangan Konstitutsiyaning tub mohiyati yotibdi.
Avvallari biz ko‘proq “davlat – jamiyat – inson” tamoyili asosida yashagan bo‘lsak, yangi tahrirdagi Konstitutsiya bu piramidani teskari aylantirib, eng yuqori cho‘qqiga insonni, uning qadr-qimmati, manfaatlarini olib chiqdi. Endilikda barcha islohotlar “Inson – jamiyat – davlat” g‘oyasi asosida amalga oshiriladi. Bu shunchaki “og‘izda qoladigan” gap emas, balki davlat organlarining fuqaro oldidagi mas’uliyatini tubdan o‘zgartiruvchi konstitutsiyaviy buyruqdir.
Keling, avvalo, eng oliy ne’mat – yashash huquqidan boshlaylik. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 25-moddasida yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqi ekanligi va u qonun bilan muhofaza qilinishi qat’iy mustahkamlandi. Eng muhim va tarixiy o‘zgarishlardan biri shundaki, O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlandi. Bu norma Konstitutsiyada to‘g‘ridan to‘g‘ri yozib qo‘yilishi bizning insonparvarlik va demokratik qadriyatlarga sodiqligimizni butun dunyoga namoyon etdi. Hatto inson eng og‘ir jinoyatni sodir etgan taqdirda ham davlat uning hayotiga nuqta qo‘yish huquqiga ega emasligi belgilandi. Ushbu qoida inson hayoti hamma narsadan ustun ekanligining yorqin isbotidir. Shaxsiy erkinlik va daxlsizlik masalasiga kelganda yangi Konstitutsiya fuqarolarni nohaq hibsga olishlar va asossiz ta’qiblardan himoya qilishning ishonchli qalqonini yaratdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Xalqaro huquqda “Miranda qoidalari” deb nomlanuvchi mashhur tartib endi bizning Bosh qomusimizda ham o‘z aksini topdi. Xususan, 27-moddada belgilab qo‘yilganidek, agar biror shaxs ushlansa, unga nima uchun ushlangani va qanday huquqlarga ega ekanligi o‘sha zahotiyoq tushuntirilishi shart. Ya’ni, “Siz sukut saqlash huquqiga egasiz, advokat yollash huquqiga egasiz” degan mazmundagi tushuntirish berilmasligi ushlash jarayonini noqonuniy deb topishga asos bo‘ladi. Shuningdek, ayni shu moddada shaxsni sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turish mumkin emasligi qat’iy belgilandi. Bu “Xabeas korpus” institutining to‘laqonli ishlashini ta’minlab, tergov organlarining o‘zboshimchaligiga chek qo‘yadi.
Jamiyatda ko‘p muhokama qilinadigan va har bir insonni o‘ylantiradigan yana bir og‘riqli masala – bu mulk huquqi va uy-joy daxlsizligidir. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bu borada inqilobiy o‘zgarishlarni joriy etdi. Konstitutsiyaning 47-moddasida hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid ravishda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi o‘z aksini topdi. Agar davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun mulkni olib qo‘yish zarurati tug‘ilsa ham bu jarayon faqatgina mulkdorning roziligi bilan va eng asosiysi, mulkning bozor qiymati hamda yetkazilgan zararning o‘rni oldindan to‘liq qoplangandan keyingina amalga oshirilishi mumkin. “Snos”lar bilan bog‘liq muammolar, fuqarolarning o‘z uylaridan majburan chiqarilishi kabi holatlarga qarshi Bosh qomusning o‘zi to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘siq qo‘ymoqda. Bu degani, sizning uyingiz – bu sizning qo‘rg‘oningiz, va unga tajovuz qilishga hech kimning, hatto davlat organining ham haqqi yo‘q, agar bunga qonuniy va adolatli asos bo‘lmasa.
O‘zbekiston o‘zini ijtimoiy davlat deb e’lon qildi. Bu juda katta siyosiy va huquqiy yukka ega bo‘lgan tushunchadir. Ijtimoiy davlat – bu o‘z fuqarosini qiyin vaziyatda yolg‘iz tashlab qo‘ymaydigan, muhtojlarga yelkadosh bo‘ladigan davlatdir. Yangi Konstitutsiyada davlatning ijtimoiy majburiyatlari bir necha barobar oshirildi. Masalan, har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilandi. Bu davlat hammaga bepul uy beradi degani emas, albatta. Lekin davlat aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini uy-joy bilan ta’minlash, arzon uy-joylar qurish va ipoteka tizimini rivojlantirish orqali har bir oilaning boshpana ega bo‘lishiga ko‘maklashish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi. Bundan tashqari, aholining kafolatlangan tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi mustahkamlandi. Shoshilinch va tez tibbiy yordamning bepulligi, davlat tibbiyot muassasalarida ma’lum turdagi xizmatlarning davlat hisobidan ko‘rsatilishi endi konstitutsiyaviy kafolatga ega. Ta’lim tizimi haqida so‘z borar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘qituvchilar va murabbiylar haqida kuyinib aytgan fikrlarini eslash o‘rinlidir. Davlatimiz rahbari: “Jamiyatimizda o‘qituvchi va ustozlarning obro‘-e’tiborini, qadr-qimmatini oshirish — biz uchun eng ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Muallimning obro‘si — bu millatning obro‘si, xalqning obro‘si”, deya ta’kidlagan edilar. Bu siyosiy iroda Konstitutsiyada o‘zining yuridik ifodasini topdi. Tarixda ilk bor Bosh qomusimizning 52-moddasida O‘zbekistonda o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirishning, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalashning, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etilishi belgilab qo‘yildi. Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi haqida g‘amxo‘rlik qilish majburiyatini oldi.
Shuningdek, bolalarning bog‘cha yoshidan to oliy ta’limgacha bo‘lgan jarayonda davlatning ishtiroki aniq belgilab berildi. Endilikda davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi, maktab ta’limining bepulligi va majburiyligi, shuningdek, iqtidorli yoshlarning moddiy ahvolidan qat’i nazar ta’limni davom ettirishini kafolatlashi qat’iy belgilandi. Inklyuziv ta’lim, ya’ni imkoniyati cheklangan bolalarning sog‘lom tengdoshlari bilan birga ta’lim olishi huquqi ham Konstitutsiya darajasida muhrlandi. Mehnat huquqlari masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, yangi Konstitutsiya majburiy mehnatga, shu jumladan, bolalar mehnatiga butunlay chek qo‘yish bo‘yicha qat’iy normalarni o‘z ichiga oldi. Har kim munosib mehnat qilish, erkin kasb tanlash, xavfsiz mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun adolatli haq olish huquqiga ega. Ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan oz bo‘lishi mumkin emasligi va bu miqdor insonning munosib turmush kechirishini ta’minlashga yetarli bo‘lishi kerakligi belgilandi. Bu norma ish beruvchilarni o‘z xodimlariga quldek emas, balki hamkor sifatida qarashga, ularning mehnatini munosib baholashga undaydi. Shuningdek, homilador ayollar, yosh bolasi bor ayollar va imkoniyati cheklangan shaxslarni ishga qabul qilishda kamsitishlarga yo‘l qo‘yilmasligi kafolatlari kuchaytirildi. Endi jamiyat demkratiyasining nafas olish tizimi – so‘z erkinligi va axborot olish huquqiga nazar tashlasak. Mashhur siyosatchilardan biri shunday degan ekan: “Men sizning fikringizga qo‘shilmasligim mumkin, lekin bu fikrni aytish huquqingiz uchun jonimni berishga tayyorman”. Yangi Konstitutsiyamizda har kimning fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi, o‘z xohishiga ko‘ra axborot izlash, olish va uni tarqatish huquqi yana bir bor (33-modda bilan) o‘z tasdig‘ini topdi. Davlat ommaviy axborot vositalarining erkinligini va ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki senzuraga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlaydi. Internet va ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan bugungi davrda bu normalar fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Endi har bir jurnalist, bloger yoki oddiy fuqaro haqiqatni aytishdan qo‘rqmasligi, tanqidiy fikrlarini erkin bayon etishi qonun himoyasidadir.
Albatta, huquq va erkinliklar haqida gapirganda tanganing ikkinchi tomoni – burch va majburiyatlarni ham unutmaslik kerak. Sharq donishmandlari aytganidek: “Burchsiz huquq bo‘lmagani kabi, huquqsiz burch ham bo‘lmaydi”. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda fuqarolar zimmasiga yuklatilgan majburiyatlar shunchaki quruq talablar emas, balki jamiyatimizning tinchligi, barqarorligi va rivoji uchun zarur bo‘lgan hayotiy qoidalardir. Eng asosiy va birlamchi majburiyat bu – qonun ustuvorligidir. Konstitutsiyaning 60-moddasida fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga majbur ekanliklari qat’iy belgilab qo‘yilgan. Bu oddiygina tuyulishi mumkin, ammo mohiyatan bu jamiyatdagi tartibning o‘zagidir. Qonunga rioya qilish – bu faqat jinoyat qilmaslik emas, balki yo‘l harakati qoidalaridan tortib, qurilish normalarigacha, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlaridan tortib, shartnoma intizomigacha bo‘lgan barcha jarayonlarda halollik demakdir. Jamiyatda yashar ekanmiz, biz yolg‘iz emasmiz. Shu bois, Konstitutsiyaning ayni shu moddasi bilan fuqarolar boshqa shaxslarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majbur ekanligi mustahkamlandi. Eng oddiy misol keltirsak, sizning “musiqani baland qo‘yib eshitish” huquqingiz qo‘shningizning “tinch dam olish” huquqiga xalaqit bermasligi kerak. O‘zgalarni hurmat qilish – yuksak madaniyat belgisi va konstitutsiyaviy talabdir.
Yangi kiritilgan va global ahamiyatga ega bo‘lgan majburiyatlardan yana biri – ekologik burchdir. Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, suv taqchilligi va havo ifloslanishi butun dunyo qatori O‘zbekiston uchun ham jiddiy muammoga aylanmoqda. Shu bois, Konstitutsiyaning 49-moddasida har kim qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquqiga ega ekanligi bilan bir qatorda, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishi shartligi belgilandi. Bu norma Konstitutsiyaga kiritilishi bejiz emas. Ekologiyamiz og‘ir ahvolga kelgan bugungi zamonda bir dona daraxtni noqonuniy kesish, suvni isrof qilish yoki tabiatni ifloslantirish – kelajak avlodning yashash huquqiga tajovuz qilish demakdir. Har birimiz “Yashil makon” loyihalarida ishtirok etishimiz, tabiatni o‘z uyimizdek asrashimiz endi ixtiyoriy tanlov emas, balki qat’iy konstitutsiyaviy majburiyatdir. Xalqaro huquqda har soatda bong uriladigan mavzulardan yana biri – gender tenglik masalasi ham yangi Konstitutsiyada yanada mustahkamlandi. Konstitutsiyaning 58-moddasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli ekanligi qat’iy belgilangan. Bu tenglik jamiyatning barcha sohalarida ta’minlanishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Bu ayollarning davlat boshqaruvida, iqtisodiyotda, ilm-fan va madaniyatda faol ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Oilada er va xotinning teng huquqliligi, nikohning ixtiyoriyligi va oilaning jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida davlat muhofazasida ekanligi milliy qadriyatlarimiz va zamonaviy demokratik tamoyillarning uyg‘unligini ko‘rsatadi. Qolaversa, oilaviy munosabatlardagi boshqa burch va majburiyatlar aniq taqsimlandi. Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi va tarbiyalashi shart bo‘lsa, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar. Bu bizning ming yillik milliy qadriyatlarimizning huquqiy tilda ifodalanishidir. Sud-huquq tizimi – yozilgan qonuniyatlarning amaldagi faoliyatini ko‘rsatuvchi oynayi jahon. Undagi islohotlar haqida so‘z yuritganda sud hokimiyatining mustaqilligi va faqat qonunga bo‘ysunishi tamoyili yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rishimiz mumkin. Odil sudlovni amalga oshirishda tortishuv tamoyili kiritildi, ya’ni ayblovchi (prokuror) va himoyachi (advokat) sudda teng huquqqa ega. Bu jarayonning xolis va adolatli o‘tishini ta’minlaydi. Har bir shaxs o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining va mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga ega. Yuqorida faqat fuqarolar emas, balki, davlatning ijtimoiy majburiyatlariga ham ko‘p to‘xtaldik. Bu majburiyatlarni bajarish uchun, shak-shubhasiz, iqtisodiy poydevor kerak. Shu ma’noda, 63-moddadagi qonun bilan belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lash burchi alohida ahamiyatga ega. Soliq to‘lash – bu davlat g‘aznasini to‘ldirish emas, balki o‘zimiz yashayotgan mahallaning yo‘li ravon, maktabi zamonaviy, shifoxonasi dori-darmonga to‘la bo‘lishiga qo‘shgan shaxsiy hissamizdir. Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash – bu aslida o‘z xalqining haqiga xiyonat qilish bilan barobardir. Qonun va adolat ustuvor bo‘lgan jamiyatda yashash – eng oliy baxtdir. Lekin bu baxtga erishish uchun har birimiz huquqiy madaniyatga ega bo‘lishimiz, o‘z haq-huquqimizni talab qila olishimiz va shu bilan birga qonunlarni hurmat qilishimiz kerak. Darhaqiqat, Konstitutsiya qanchalik mukammal yozilmasin, agar u faqat qog‘ozda qolib ketsa, agar fuqarolar undan foydalanishni bilmasa, kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Konstitutsiya – bu “uxlab yotgan” hujjat emas, u harakatdagi tirik organizmdir.
Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – bu shunchaki yuridik normalar to‘plami emas, balki xalqimizning kelajakka bo‘lgan ishonchining huquqiy poydevoridir. U har birimizga “Men erkin insonman”, “Mening mulkim daxlsiz”, “Men davlatim himoyasidaman” degan g‘ururni beradi. Biroq ham jurnalist, ham huquqshunos sifatida shuni alohida ta’kidlashni istardimki, huquqiy davlatni faqatgina yaxshi qonunlar bilan qurib bo‘lmaydi. Uni qurish uchun har bir fuqaroning qalbida adolat tuyg‘usi, qonunga hurmat va daxldorlik hissi bo‘lishi kerak. Biz qachonki o‘z huquqlarimizni bilib, talab qilsak va ayni paytda o‘z burchlarimizni sidqidildan bajarsak, ana o‘shandagina Konstitutsiyada yozilgan har bir so‘z hayotimizda o‘z aksini topadi. Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash, yangicha yashash tarzi demakdir. Yangilangan Konstitutsiya esa mana shu yangi hayotning arteriyasidir. Uni o‘rganish, unga amal qilish va uning qadriga yetish – har birimizning fuqarolik burchimizdir. Zero, buyuk mutafakkirlar aytganidek, qonunlari mukammal va xalqi unga itoatkor bo‘lgan davlatgina buyuk kelajakka egadir. Keling, ushbu buyuk hujjatni shunchaki bayram sanalarida eslanadigan kitobcha emas, balki kundalik hayotimizning ajralmas qismi, adolat va haqiqat mezoni sifatida qabul qilaylik. Har bir modda, har bir jumla ortida inson taqdiri, sizning va mening taqdirim turganini unutmaylik. Uning nuri har bir xonadonga, har bir qalbga kirib borsin va adolat tantanasi yo‘lida mayoq bo‘lib xizmat qilsin!
Ra’no Nusratilloyeva