Universitet xodimi siyosiy bosimlar tufayli ishdan bo‘shatildi

Fotima Ardasher Larijoniy Emori universitet qoshidagi Uinship onkologiya institutida gematologiya va onkologiya bo‘yicha assistent-professor bo‘lib ishlagan. U saraton kasalligi, xususan, o‘pka saratoni bo’yicha tadqiqotlar bilan shug‘ullangan.
Uning otasi Ali Larijoniy — Eronning eng nufuzli amaldorlaridan biri.
U uzoq yillar Eron parlamenti (Majlis) spikeri bo‘lgan va hozirda Eron Milliy xavfsizlik kengashi kotibi (ayrim manbalarda Oliy rahbar Oyatulloh Xomanaiyning maslahatchisi) hisoblanadi. 2026-yilning yanvar oyida AQSH G‘aznachilik departamenti Erondagi norozilik namoyishlarini bostirishdagi roli uchun Ali Larijoniyga nisbatan shaxsiy sanksiyalar e’lon qildi. Bu uning qizining AQSHdagi mavqeini xavf ostiga qo‘ydi.
Ijtimoiy tarmoqlarda va Change.org platformasida Fotima Larijoniyni deportatsiya qilish haqida petitsiya boshlanib, qisqa vaqt ichida 100 000 ga yaqin imzo to‘plangan.
Jorjiya shtatidan saylangan kongressmen Buddi Karter (Buddy Carter) universitet rahbariyatiga rasmiy xat yo‘llab, Larijoniyni ishdan bo‘shatishni va uning tibbiy litsenziyasini bekor qilishni talab qildi. Uning fikricha, “otasi amerikaliklarni o‘limga chaqirayotgan shaxsning qizi AQSHda bemorlarni davolashi milliy xavfsizlikka tahdid hisoblanadi”.
Manbalarga ko‘ra,2026-yil 19-yanvarda eron-amerika hamjamiyati vakillari Uinship onkologiya insituti binosi oldida namoyish o‘tkazib, uning ishdan bo‘shatilishini talab qilishgan.
Universitetning rasmiy munosabati
Universitet 2026-yil 24-yanvarda (o‘tgan shanba kuni) tibbiyot fakulteti xodimlariga elektron xat yuborgan. Unda Fotima Larijoniy endi universitet xodimi emasligi tasdiqlangan. Biroq universitet uning aynan sanksiyalar yoki bosim tufayli haydalganini ochiq aytmagan:
Hozirda Fotima Ardasher Larijoniyning universitet saytidagi profili va barcha ma’lumotlari o‘chirib tashlangan. AQSH rasmiylari uning immigratsiya maqomini (yashash huquqini) qayta ko‘rib chiqayotgani haqida ham xabarlar bor (u 2021-yilda, Bayden ma’muriyati davrida grin-karta olgani aytiladi).
Bu voqea AQSHda “yuqori lavozimli diktatura amaldorlarining farzandlari G‘arbda yashashi va ishlashi kerakmi?” degan eski bahsni qaytadan olovlantirdi.