Nogironligi bor bo’lgan talabalar uchun qanday imtiyozlar bor?

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan yoshlarning oliy ta’limga kirish imkoniyatlarini kengaytirish masalasi keng muhokama qilinyapti. Qonunchilik nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun bir qator imtiyozlar belgilagan. Bu imkoniyatlar amalda qanchalik ishlayotgani va talabalar tomonidan to‘liq foydalanilayotgani hali ham muhokama mavzusi bo‘lib qolmoqda.
Nogironligi bo‘lgan talabalar universitetga kirishda qanday imkoniyatlarga ega va o‘qish jarayonida ular uchun qanday sharoitlar yaratiladi?
Oliy ta’limga kirishda beriladigan imtiyoz
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2017-yil 1-dekabrdagi PF‑5270‑son farmoniga muvofiq, 2018-2019-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilish umumiy sonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha 2% kvota belgilangan. Ushbu kvota nogironligi bo‘lgan yoshlarning universitetga kirish imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan.
Kirish imtihonlari jarayonida abituriyentlarning sog‘lig‘i bilan bog‘liq ehtiyojlarini inobatga olgan holda qo‘shimcha sharoitlar yaratish ham nazarda tutilgan. Masalan, ayrim hollarda test topshirish uchun alohida auditoriya ajratilishi yoki qulay sharoitlar ta’minlanishi mumkin.
Biroq mutaxassislarning ta’kidlashicha, oliy ta’limga kirish imkoniyatlari faqat kvota bilan cheklanib qolmaydi. Nogironligi bo‘lgan ko‘plab yoshlar maktab davridayoq infratuzilma yoki ta’lim sifati bilan bog‘liq muammolarga duch kelishi mumkin. Bu esa ularning oliy ta’limga tayyorgarlik darajasiga ta’sir qilishi ehtimoldan xoli emas.
Universitetdagi imkoniyatlar
Universitetga qabul qilingandan keyin nogironligi bo‘lgan talabalar uchun ayrim qo‘llab-quvvatlash choralaridan foydalanish imkoniyati mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra 5‑bob, “1 va 2‑guruh nogironligi bo‘lgan talabalar uchun stipendiya tayinlash va to‘lash tartibi”da aniq ko’rsatilgan.
— 1 va 2‑guruh nogironligi bo‘lgan, jumladan to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar stipendiya to‘lovlari davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
— Avvalgi semestr yakuni bo‘yicha fanlardan o’zlashtirish ko‘rsatkichidan qat’i nazar, 1 va 2‑guruh nogironligi bo‘lgan talabalar uchun stipendiyaning bazaviy miqdoriga nisbatan 50% ustama qo‘shib to‘lanadi.
Masalan:
– oddiy stipendiya: 569 670 so‘m
– nogironligi bo‘lgan talaba stipendiyasi: 852 000 so‘m
Bundan tashqari, ayrim oliy ta’lim muassasalarida bunday talabalarni yotoqxonaga joylashtirishda ustuvorlik beriladi.
Ta’lim jarayonida esa zarur hollarda nogironligi bo‘lgan talabaga yordam berish uchun uning yaqinlaridan biriga universitetdagi dars jarayonlarida yonida bo‘lish imkoniyati yaratiladi.
Sog‘lig‘i bilan bog‘liq ehtiyojlarni hisobga olgan holda qulay sharoitlar yaratish zarurligi qayd etiladi. Bu auditoriyalarga kirish imkoniyati, moslashtirilgan o‘quv muhitini yaratish yoki zarur texnik vositalardan foydalanishni o‘z ichiga olishi mumkin.
Shunga qaramay, ayrim universitetlarda infratuzilmaning yetarlicha moslashmaganligi, panduslar yoki liftlarning yetishmasligi nogironligi bo‘lgan talabalar uchun muayyan qiyinchiliklar tug‘diradi.
Imtiyozlar bor, lekin akademik talablar ham bir xilmi?
Nogironligi bo‘lgan talabalar uchun ayrim imtiyozlar mavjud bo‘lsa-da, ta’lim jarayonidagi asosiy akademik talablar barcha talabalar uchun bir xil hisoblanadi. Bu degani fanlarni o‘zlashtirish, imtihonlar topshirish, reyting tizimi yoki GPA ko‘rsatkichlari bo‘yicha baholash umumiy mezonlar asosida amalga oshiriladi.
Ya’ni nogironligi bo‘lgan talabalar ham diplom olish uchun belgilangan barcha akademik talablarni bajarishi kerak.