11:41, May 5, 2026
/
208

Talabalar og‘rig‘i: kvartira narxlari nega qimmatlaydi?

Talaba bo‘lish — faqat dars qilish degani emas. Bugun o‘zbekcha talabachilikning eng katta boshog‘riqlaridan biri bu — yashash uchun kvartira axtarish. Ayniqsa, boshqa hududdan kelib o‘qiyotgan talabalar uchun bu xamirdan qil sug‘urganday oson kechmaydi. Ko‘pincha hammasi bir xil start oladi. Talaba katta umid bilan shaharga keladi, o‘qishni boshlaydi. Lekin tez orada tushunadi: eng qiyin narsa — dars emas, yashash joyi topish.

1-kursga qabul qilinganlarning ko‘pchiligida avvaliga “yotoqxona beriladi, o‘sha yerda yashab, mazza qilib o‘qiyman” degan ishonch bo‘ladi. Lekin joy hamma uchun yetmaydi. Kimdir yotoqxonaga joylasha olsa, ba’zilarning kvartira topishdan boshqa chorasi qolmaydi. “Avlod Media” galdagi maqolada Toshkentda kvartira topish bilan bog‘liq talabalarning taassurotlari, ijara narxlari va buning o‘qishga qanday ta’siri bo‘lishi haqida so‘z ochadi.

Yozgi damdan kuch-g‘ayratga to‘lib keladigan talabalardan aksariyatining xayoli sentyabr oyi kelishi bilanoq o‘qishda emas, balki “iloji bo‘lsa talabalar turar joyiga joylashish yoki arzonroq joydan kvartira topish”da bo‘ladi. To‘g‘ri, mas’ul xodimlar ushbu masalani hal qilishga urinayotgan bo‘lsa ham, muammo talabalar soni bilan birgalikda o‘sishda davom etishdan to‘xtamayapti. Aksiga olib, aynan ushbu oyda ijara narxlari birdaniga oshib ketadi.

Ijara narxining oshishiga sabab dollarmi?

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutining 2025-yil sentyabr oyi bo‘yicha xulosasiga ko‘ra, dollarning qadrsizlanishi va yangi o‘quv yilining boshlanishi Toshkent shahrida ijara narxlarining o‘sishiga olib kelgan. Biroq iqtisodchi Mirkomil Xolboyev bu vaziyatda narxlar oshishiga dollar emas, faqat o‘quv yili boshlanishining ta’siri asosiy rol o‘ynagan deb hisoblashini ta’kidlaydi.

“Yil boshidan buyon dollarga nisbatan oylik o‘rtacha kurs faqatgina aprel oyida qadrsizlangan bo‘lsa, boshqa barcha oylarda mustahkamlanishi kuzatilgan. Lekin may oyiga qarasak, so‘m mustahkamlanishiga qaramasdan ijara narxlarining sezilarli pasayishi kuzatilgan (o‘quv yilining tugashi). Ya’ni agar so‘mning mustahkamlanishi ijara narxlarini oshirganda bu boshqa oylarda ham ko‘rinishi kerak edi”, — deya yozadi u o‘z sahifasida.

Toshkentda ijara narxlari

O‘tgan yilning sentyabr oyida Toshkent shahrida o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun taklif qilingan ijara narxlari avgust oyiga nisbatan oshgan edi. Jumladan, 1 xonali xonadonlarning o‘rtacha ijarasi 16 dollarga ko‘tarilib, 318 dollardan 334 dollarga yetgan. 2 xonali xonadonlar bo‘yicha esa o‘rtacha 18 dollarlik o‘sish kuzatilib, narx 394 dollardan 412 dollarga chiqqan. 3 xonali kvartiralarda o‘sish 25 dollarni tashkil etib, 477 dollardan 502 dollarga qimmatlagan. 4 xonali xonadonlarda ham o‘zgarish qayd etilib, o‘rtacha ijara narxi 19 dollarga oshib, 537 dollardan 556 dollarga yetgan.

Nisbatan arzon ijara narxlari Sergeli va Uchtepa tumanlarida kuzatilgan. Sergeli tumanida 1 xonali xonadonlar o‘rtacha 293 dollar, 2 xonali 365 dollar, 3 xonali 412 dollar, 4 xonali esa 474 dollar atrofida ijaraga berilgan. Uchtepa tumanida esa 1 xonali xonadonlar 316 dollar, 2 xonali 381 dollar, 3 xonali 432 dollar, 4 xonali 400 dollarni tashkil etgan.

Nisbatan qimmat ijara narxlari Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida kuzatilgan. Shayxontohurda 1 xonali xonadonlar 354 dollar, 2 xonali 472 dollar, 3 xonali 604 dollar, 4 xonali 617 dollar atrofida bo‘lgan. Yakkasaroy tumanida esa 1 xonali 402 dollar, 2 xonali 506 dollar, 3 xonali 660 dollar va 4 xonali xonadonlar 800 dollarni tashkil etgan.

To‘liq ta’mirlangan uy-joylar ijarasi bo‘yicha esa o‘rtacha narxlar ham oshgan. 1 xonali xonadonlar 22 dollarga qimmatlashib, 413 dollardan 435 dollarga yetgan. 2 xonali uylar 34 dollarga oshib, 580 dollardan 614 dollarga chiqqan. 3 xonali xonadonlarda 50 dollarlik o‘sish kuzatilib, 824 dollardan 874 dollarga ko‘tarilgan. 4 xonali to‘liq ta’mirlangan uylar esa 16 dollarga oshib, 1185 dollardan 1201 dollarga yetgan.

Arzon kvartiralar

Nisbatan arzon ijara narxlari Sergeli va Uchtepa tumanlarida kuzatilgan. Sergeli tumanida 1 xonali xonadonlar o‘rtacha 318 dollar, 2 xonali 419 dollar, 3 xonali 497 dollar, 4 xonali esa 588 dollar atrofida ijaraga berilgan. Uchtepa tumanida esa 1 xonali xonadonlar 355 dollar, 2 xonali 464 dollar, 3 xonali 535 dollar va 4 xonali 550 dollarni tashkil etgan.

Nisbatan qimmat ijara narxlari esa Mirobod va Shayxontohur tumanlarida edi. Mirobod tumanida 1 xonali xonadonlar 479 dollar, 2 xonali 762 dollar, 3 xonali 1075 dollar, 4 xonali esa 1462 dollar atrofida bo‘lgan. Shayxontohur tumanida esa 1 xonali xonadonlar 535 dollar, 2 xonali 746 dollar, 3 xonali 1094 dollar va 4 xonali xonadonlar 1369 dollarni tashkil etgan.

Ijara narxlari milliy valyutada belgilansa, so‘mning kuchayishi odatda narxlarning dollardagi qiymatiga ta’sir qilishi mumkin. Ya’ni so‘m mustahkamlansa, odatda bir xil uy narxi dollarda biroz o‘zgarib ko‘rinishi ehtimoli bor. Lekin O‘zbekistonda ko‘p hollarda ijara narxlari bevosita dollarda belgilanadi. Shu sababli so‘m kursi mustahkamlanishi ijara narxlarining dollardagi qiymatiga sezilarli ta’sir qilmaydi.

Umuman olganda, so‘mning mustahkamlanishi iqtisodiyot uchun ijobiy holat hisoblanadi. Bu inflyatsiya (narxlarning umumiy oshishi) sekinlashishiga yordam beradi va odamlarning narxlar bo‘yicha kutilmalarini yaxshilaydi. Shuningdek, qurilishda ishlatiladigan ayrim materiallar import orqali kelgani uchun, ularning arzonlashishiga ham sharoit yaratishi mumkin. Shuning uchun iqtisodiy jihatdan so‘mning kuchayishi ijara bozoriga ham bilvosita ijobiy ta’sir qilishi kutiladi, lekin bu ta’sir darhol emas, asta-sekin namoyon bo‘ladi.

So‘mning mustahkamlanishi ijara narxlarining oshishiga bevosita olib keladimi-yo‘qmi, buni boshqa statistik manbalar orqali ham tekshirdik. Masalan, Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning 9 oyida ijara narxlari o‘rtacha 2 foizga oshgan. 2024-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 8,8 foizni tashkil etgan edi.

Shu bilan birga, valyuta kursidagi o‘zgarishlarga qaralsa, 2025-yilning 9 oyida so‘m AQSh dollariga nisbatan 6,9 foizga mustahkamlangan. 2024-yilda esa aksincha, so‘m 2,9 foizga qadrsizlangan edi. Bu raqamlarni solishtirganda shuni ko‘rish mumkinki, so‘m mustahkamlangan davrda ham ijara narxlarining o‘sishi sekinlashgan, aksincha, so‘m qadrsizlangan davrda esa narxlar tezroq oshgan.

Demak, statistika idorasi ma’lumotlari asosida aytish mumkinki, so‘mning mustahkamlanishi ijara narxlarining o‘sishini tezlashtirmagan, aksincha, uning sekinlashishiga ham ma’lum darajada ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan sentyabr oyida Toshkentda uy-joy ijarasi uchun o‘rtacha narx bir kv.m 8,5 dollarni tashkil etdi. Eng yuqori narxlar Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroyda kuzatildi.

2024-yilning sentyabriga nisbatan ijara narxlari poytaxtda 1,4 foizga oshdi. Eng katta o‘sish Yunusobod, Olmazor va Mirobodda bo‘ldi (o‘rtacha 4,4 foiz). O‘tgan avgustga qaraganda sentyabrda ijara narxlarida o‘sishning tezlashganini qayd etish mumkin. Lekin bu asosan mavsumiy omil natijasi o‘laroq izohlansa kerak, so‘mning mustahkamlanayotgani bilan emas.

Talabalarning bu borada kayfiyati qanday?

Toshkentga Buxorodan kelib O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida o‘qiyotgan 3-kurs talabasi Muhammadning aytishicha, kvartira topish o‘qishdan ham qiyin bo‘lib qolgan. Biz bilan suhbatda u o‘z boshidan o‘tkazganlarini shunday xotirladi:

“Toshkentga kelganimning birinchi yilida talabalar turar joyida turganim uchun ilk yilda muammolarga duch kelmaganman. Ammo 2-kursligimda kvartiraga chiqishga majbur bo‘lganman. O‘shanda bir kvartirani sheriklar bilan olgandik, “makler”ga ham pul berganmiz, kvartirani 50 foizi miqdorida. Ammo 1 oy vaqt o‘tgach, kvartiraga boshqalar kelib o‘rnashdi. Keyinchalik bilsak, “makler” xiylasi ekan bu”, — deydi talaba yigit.

Uning hikoya qilishicha, u odatda kvartiralarning eng arzonini topishga harakat qilgan. 2 xonali uylar uchun ijaraga kvartiradoshlari bilan 350 dollar to‘lagan. Grantda o‘qiyotgan bo‘lsa ham, uyidagilardan pul so‘rab, ularni ovora qilmaslik uchun 2-kursdan boshlab ishlashga qaror qilgan.

“Hozirgacha eng qimmat turgan kvartiram 670 dollar bo‘lgan. Kvartirada o‘zingizni o‘zingiz nazorat qilasiz, lekin o‘qishga sharoit kamroq bo‘ladi. Negaki bitta uyda 6–7, ba’zan 8–10 kishi turasiz, shuncha kishi turmasa ham bo‘lmaydi-da, bo‘lmasa har birimiz to‘laydigan summa ko‘payib boraveradi. Shuncha kishi turgandan keyin, siz o‘qiyman deganingizda, kimnidir dam olgisi, yana boshqaning kino ko‘rgisi kelib qoladi. Baribir qiyin masala. 3 yil davomida 4 marotaba kvartira almashtirdim va sabab har xil. Ba’zida qimmatlik qildi, ba’zida sheriklar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, “makler”lar aldagani va hokazo”, — so‘zlaydi u.

Muhammad yotoqxonada turgan vaqtlarini juda yaxshi xotiralar bilan esladi. Lekin 4 yil yotoqxonada turish uchun joy yetmasligi ortidan ko‘plab talabalar qimmat bo‘lsa ham kvartirada turishga majbur bo‘layotganini aytdi.

“Menimcha, narxlar o‘qish samaradorligiga ta’sir qilishi mumkin. Qimmat kvartiraga, kontraktiga, yeb-ichishga pul topish uchun ishlaydigan talabalar ham bor va ular ba’zi kunlari ish sababli darsdan voz kechishga majbur”, — deydi u.

Poytaxtga Qashqadaryodan kelib, doktoranturada o‘qiyotgan Alisherning ham hikoyasi Muhammadniki bilan deyarli bir xil.

“Talaba sifatida kvartira topishda 2 ta muammoga duch kelganman. Birinchisi — topgan kvartiramning o‘qish joyimdan uzoqda ekani, ikkinchisi — ijara narxining qimmatligi. Yotoqxona ijarasi arzon deyishardi, u yerda umuman turmaganman, shuning uchun arzon yoki qimmat deb aniq aytolmayman. Lekin shuni bilamanki, kvartira narxining balandligi o‘qish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki narx baland bo‘lgandan keyin talaba qo‘shimcha pul ishlab topishga majbur bo‘ladi va dars qilish uchun unda kam vaqt qoladi. Keyin xonadoshlar bilan turish — bu yana bir muammo, ular o‘qishga halaqit beradi va natijada talaba o‘qishdan butunlay sovib ketishi mumkin. Ijobiy tomoni esa talaba ota-onadan mustaqil yashashga va o‘z muammolarini o‘zi yakka hal qilishga harakat qiladi”, — deydi Alisher.

Talabalar duch kelayotgan kvartira muammosi birgina sabab bilan izohlanmaydi. Bu muammo ortida bir nechta omillar yig‘ilib qolgan: ijara narxlarining mavsumiy va umumiy qimmatlashuvi, yotoqxona o‘rinlarining yetishmasligi, uy egalari va “makler”lar bilan bog‘liq ishonch muammolari hamda har yili talabalar sonining ko‘payishi.

Savollarimizga javob yo‘llagan yana bir talaba Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 2-bosqichida o‘qiydi. Navoiydan kelib o‘qiyotgan Temur ismli bu yigit ham kvartirasini 4–5 marotaba almashtirgan.

“Ijaraga beruvchilarning asosiy qismi “makler” xizmatidan foydalanishni afzal ko‘radi. Bu esa talabalar uchun qo‘shimcha xarajatlarga sabab bo‘ladi. “Makler” xizmatlari esa minimum 50 foiz. Bu esa shundoq ham falon pulga ijara to‘lov qilayotgan talaba uchun og‘irlik qiladi. Yotoqxona uchun odatda imtiyoz kerak, “Temir daftar” yoki “Ayollar daftari” kabi yoki hech bo‘lmasa oilada yana bir kishi kontraktda o‘qishi kerak”, — deydi u.

Xalqaro munosabatlar sohasida yetuk kadr bo‘lishni niyat qilgan Temur talaba uchun yaxshi kvartira topish o‘qish jarayoniga bevosita ta’sir qilishini aytdi.

“Dars qilish uchun stol-stul, uxlash uchun yumshoq o‘rin kabi sog‘liq bilan bog‘liq jihatlarini gapirmagan taqdirda ham, yana ko‘plab omillar o‘qish jarayoniga bevosita ta’sir qiladi. Ko‘plab o‘g‘il bolalar uchun taklif qilinadigan kvartiralarda ochig‘i sharoitlar yomon. Ijaraga beruvchilar o‘g‘il bolalarga o‘z uylarini topshirishdan qo‘rqadi. Ko‘p hollarda bu to‘g‘ri qaror, ammo yashash joyini ozoda tutadigan yigitlar ham yo‘q emas”, — deydi u kulimsirab.

Natijada talaba faqat o‘qish haqida o‘ylashi kerak bo‘lgan paytda yashash joyi topish, ijara to‘lash va xavfsiz sharoit izlash kabi muammolar bilan ham shug‘ullanishga majbur bo‘ladi. Bu esa uning vaqtiga, kuchiga va eng muhimi, o‘qish sifatiga bevosita ta’sir qiladi. Shu sababli kvartira masalasi faqat iqtisodiy emas, balki ta’lim sifati bilan ham bog‘liq muhim ijtimoiy muammo hisoblanadi. Uni hal qilish uchun yotoqxona imkoniyatlarini kengaytirish, ijara bozorida shaffoflikni oshirish va talabalarga nisbatan ishonch muhitini kuchaytirish zarur.

Fikrlar (0)
Avval yangilari