Qalbaki diplomlarni sotgan 20 ta sayt aniqlandi

Qozog‘istonda qalbaki diplomlarga qarshi kurash choralari kuchaytirilmoqda. Hozirga qadar 46 ta soxta ta’lim hujjati va ularni noqonuniy tayyorlash hamda sotish bilan shug‘ullangan 20 ta internet-sayt aniqlangan. Bu haqda mamlakatning Fan va oliy ta’lim vazirligi xabar berdi.
Mas’ul idoraning ma’lum qilishicha, ta’lim hujjatlarining noqonuniy muomalasining oldini olish maqsadida 1991-yildan buyon berilgan diplomlarning yagona elektron bazasi yaratilgan. Endi oliy ta’lim muassasalari diplomlari maxsus tizim orqali shakllantirilib, ularga yagona raqam va QR-kod beriladi.
Ushbu tizimdan faqat oliygohlarning vakolatli xodimlari foydalanishi mumkin. Diplomlar “Oliy ta’limning yagona platformasi” axborot tizimidagi talabalar ma’lumotlari asosida rasmiylashtiriladi. Agar mazkur tizimda ma’lumot mavjud bo‘lmasa, diplom raqamini shakllantirishning imkoni yo‘q.
Vazirlikning ta’kidlashicha, yagona raqam va QR-kodga ega bo‘lmagan diplomlar haqiqiy hisoblanmaydi. Shuningdek, Madaniyat va axborot vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda qalbaki diplomlarni tayyorlash va sotish holatlarini doimiy ravishda monitoring qilib, ularga chek qo‘ymoqda. Aniqlangan holatlar bo‘yicha materiallar tegishli idoralarga yuborilgan.
Ish beruvchilar diplomning haqiqiyligini maxsus xizmat orqali tekshirishi mumkin. Elektron diplom esa elektron hukumat ilovasidagi “Raqamli hujjatlar” bo‘limida mavjud.
Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 385-moddasiga muvofiq, qalbaki hujjat tayyorlash yoki undan foydalanish jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash yoki ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda endi ba’zi yuqori bosqich talabalaridan ishga kirishda diplom talab etilmasligi haqida yozgan edik.