Endi ba’zi yuqori bosqich talabalaridan ishga kirishda diplom talab etilmaydi

Oliy ta’lim muassasalarining yuqori kurs talabalari uchun ishga qabul qilish jarayonlarini soddalashtirish maqsadida “Pedagog” platformasida muhim qulaylik yaratildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimida faoliyat boshlaydigan yangi maktablarga ariza topshirish jarayonida bakalavriatning 3- va 4-kurs talabalaridan diplom talab etilmasligi belgilandi.
Bu qanday ishlaydi? Arizani to‘ldirish chog‘ida “Diplomlar” bo‘limiga yetib kelganda, tizim talabaning o‘qish jarayonida ekanligini inobatga olgan holda maxsus ruxsatnoma oynasini taqdim etadi. Nomzodlar hech qanday ortiqcha hujjat yuklamasdan, shunchaki “Keyingisi” tugmasini bosgan holda jarayonni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
