Qaysi oliygohlar bitiruvchiga ish topishga ko‘maklashmayapti?

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimida ta’lim muhitining talabalar tomonidan baholanishiga asoslangan yangi sharhni e’lon qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan e’lon qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimida ta’lim muhitining talabalar tomonidan baholanishi” nomli axborot-tahliliy sharhiga ko‘ra, ba’zi OTMlarda talabalar bitirgach ishga joylashish masalasida rahbariyatdan butunlay e’tiborsiz qolishmoqda. Ushbu sharh 2026-yilgi Umummilliy talabalar so‘rovnomasi asosida shakllantirilgan bo‘lib, unda respublikamizdagi 151 ta OTMdan qariyb 890 ming nafar talaba ishtirok etgan.
Quyida OTM ma’muriyati ish topishda “Hech qanday yordam yo‘q” deb javob bergan talabalar ulushi eng yuqori bo‘lgan oliygohlar ro‘yxati (antireytingi) bilan tanishishingiz mumkin:
- Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti – 24,79%
- Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti – 23,72%
- University of management and future technologies – 19,98%
- Diplomat universiteti – 18,59%
- Aniq va ijtimoiy fanlar universiteti – 18,41%
- TMS instituti – 17,58%
- Astraxan davlat texnika universitetining Toshkent viloyatidagi filiali – 17,14%
- Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti – 17,03%
- Toshkent davlat agrar universiteti – 16,89%
- Qozon federal universitetining Jizzax shahridagi filiali – 16,81%

“Faqatgina qog‘ozda rasmiy ko‘mak ko‘rsatiladi” va “Yordam umuman mavjud emas” degan salbiy javoblarning umumiy yig‘indisi bo‘yicha ham eng yuqori o‘rinlarni yana Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti (jami 38,74%) hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti (jami 36,95%) egallagan.
Ma’lumot o‘rnida, avvalroq O‘zbekistonda qizlar yigitlardan ko‘ra tezroq ishga joylashayotgani haqidagi statistikani e’lon qilgan edik.
Ra’no Nusratilloyeva