AQSh xorijlik talabalardan 100 ming dollar talab qilmoqchi

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi mamlakatda ishlashni istagan xorijlik talabalar ta’lim uchun kamida 100 ming dollar to‘lashi kerakligi haqida taklif kiritdi. Bu haqida “Reuters” xabar berdi.
Taklifga ko‘ra, F-1 vizasi bilan AQShda o‘qiyotgan xorijlik talabalar qo‘shimcha amaliy tayyorgarlik (OPT) uchun sertifikatlangan ta’lim muassasasiga 70 ming dollar, ish joyida qo‘shimcha ta’lim olish uchun esa yana 30 ming dollar to‘lashi kerak bo‘ladi. OPT tizimi doirasida xorijlik talabalar o‘qish davrida haftasiga 20 soatgacha ishlab, amaliyot o‘tashi, shuningdek, o‘qishni tugatgandan keyin ham ma’lum muddat ishlashi mumkin. Fan, texnologiya, muhandislik va matematika yo‘nalishlarida diplom olgan talabalar uchun esa qo‘shimcha muddat beriladi. Hozirda buning uchun to‘lov taxminan 500 dollarni tashkil qiladi.
AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi yangi qoidalar “firibgarlikka qarshi kurashish, immigratsiya tizimining yaxlitligini mustahkamlash va amerikalik ishchilarni himoya qilish”ga qaratilganini bildirdi.
“Ichki xavfsizlik vazirligi bu to‘lovni ish beruvchilar, talabalar va ta’lim muassasalari F-1 vizasi bilan mamlakatga kirgan noimmigrantlar uchun belgilangan shartlarga mos faoliyat yuritayotganini ta’minlash maqsadida joriy qilmoqda”, – deyiladi vazirlik bayonotida.
Bunday ta’lim dasturlari ko‘pincha AQShda H-1B vizasi orqali ishlashni istagan talabalar uchun keyingi bosqichga o‘tish imkonini beradi. Tramp ma’muriyati H-1B vizasiga ham e’tibor qaratib, u bilan bog‘liq to‘lovlarni oshirgan. H-1B dasturi o‘nlab yillar davomida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan yosh muhandislar va olimlarga AQSh universitetlarida olgan ta’limini yuqori maoshli ishga aylantirish hamda mamlakatda doimiy yashash imkoniyatiga ega bo‘lish yo‘lini taqdim etib kelgan. AQShning yirik texnologik kompaniyalari malakali ish o‘rinlarini to‘ldirishda xorijlik mutaxassislarga katta darajada tayanadi.
AQSh prezidenti Donald Tramp 2024-yildagi saylovoldi kampaniyasi davomida xorijlik talabalarning mamlakatda qolish tartibini soddalashtirishga va’da bergan edi. U o‘qishni tugatgan xorijlik talabalarga avtomatik ravishda Green Card berishni taklif qilgan.
Vazirlikning taklifi 30 kun davomida jamoatchilik muhokamasidan o‘tadi, shundan so‘ng u yakuniy tasdiqlanishi mumkin. Biroq vazirlik qoidalar tasdiqlanganidan keyin ham ularni darhol kuchga kiritmaydi. Yangi tartibni joriy etishdan oldin yana 60 kun kutish rejalashtirilgan. Bu vaqt universitetlar, talabalar va ish beruvchilarga yangi talablarga tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Adliya vazirligi William & Mary kollejini tekshirayotgani haqida yozgan edik.
Asadbek Komilov