14:29, Iyul 8, 2025
/
201

10 talabadan 9 tasi talabga javob bermayapti!

Har yili siz o‘ylaganingizdan ko‘ra ko‘proq yoshlar davlat oliy ta`lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish uchun ariza topshiradi.  Tushunishingiz uchun, 2023-2024-o`quv yilida “perevod” bo‘yicha test sinovlarida 41 122 nafar talabgor bo`lgan. Ammo shulardan atiga 4 433 nafari (ya’ni 10,8 foizi) imtihondan o‘ta olgan. Qolgan 36 689 nafari — ya’ni 10 talabaning 9 tasi — talabga javob bera olmagan. O‘tgan yillardagi kabi bu yil ham 15-iyuldan yana o‘qishni davlat oliygohlariga ko‘chirish jarayonlari boshlanishi kutilmoqda. Biroq o‘rinli savol paydo bo‘lishi tabiiy, xo‘sh yuqoridagi xavotirli raqamlar nimaga ishora qilyapti? Ushbu mavzu yuzasidan soha mutaxassislari va talabalarning fikr-mulohazalarini o`rgandik, quyida keltirilgan fikrlar va faktlar orqali barcha savollaringizga javob topishingiz mumkin.

Ma`lumki, davlat oliygohlariga o‘qishini ko‘chirish istagida bo‘lganlar ko‘p hollarda xorijiy va xususiy universitetlarga ikkinchi yo‘l sifatida qarashadi va kelasi yillarda “perevod” orqali davlat oliygohida tahsil olish istagida bo‘lishadi. Testda biroz ball yetmay qolgan abituriyentlar esa ko`pincha kelasi yil qayta imtihon topshirish yoki “perevod yo‘lini tanlaydilar. Bizga intervyu bergan A.N ham 2021-yilda davlat oliygohiga kirish uchun imtihon topshirgan. Biroq boshlang‘ich ta`lim va pedagogika yo‘nalishida ball yuqorilab ketgani uchun ham deyarli 10 ball yetmay o‘qishga kirolmagan. So‘ng tanishining maslahati bilan 500 Aqsh dollari evaziga qo‘shni respublikaning akkreditatsiyadan o‘tgan davlat oliy ta`lim muassasasiga hujjat topshirgan. Aytishicha, 2 semestr davomida atiga 4 marotaba o‘qishga borgan. Shu davr mobaynida yana o‘z hududdida qo‘shimcha kurslarga qatnab endi “perevod” imtihoniga tayyorgarlik ko‘rgan. O‘qishni ko‘chirish imtihonida esa deyarli o‘qishga kirish vaqtidagi kabi savollar tushgan. Yetarli ballni yig‘ib yangi o‘quv yilidan tengdoshlari qatori o‘qishni 2-kursdan davom ettirgan.

Fikrimizcha, hammaning hech bo‘lmaasa bitta shunday tanishi bor. Statistikalarga ko‘ra so‘nggi yillarda talabgorlarning 22 579 nafari xorijiy mamlakatlardagi OTMlardan o‘qishni ko‘chirish istagini bildirgan bo‘lib, Janubiy Koreya (42,9%), Latviya (42,9%) va Polsha (42,9%) davlatlaridan o‘qishni ko‘chirayotgan talabalar yuqoriroq natija qayd etgan.

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha eng ko‘p arizalar Qirg‘iziston (12 472 nafar), Tojikiston (4 836 nafar), Qozog‘iston (2 968 nafar) va Rossiyada (2 135 nafar) tahsil olayotgan talabalardan kelib tushgan.

Yurtimiz Oliy ta`lim muassasasida faoliyat olib boruvchi ustozlardan biri esa shunday deydi: “Juda ko‘plab yoshlar o‘qishni ko‘chirish uchun hujjat topshirishadi, achinarlisi, juda kam sonlisi yetarli ballni to‘play olmoqda. Yoshlarda yaxshi mutaxasis bo‘lish emas, diplom olish uchun o‘qish istagi kuchli.”  

Ayniqsa bir kurs davomida deyarli o‘qishga bormay, darslarda ishtirok etmay tibbiyot oliygohlariga ham o‘qishni ko‘chirib o‘tkazayotganlar haqida eshitish chindan ham og`riqli.

Ushbu mavzuda bilim va saviyadan tashqari boshqa muammolar ham ko‘zga tashlanmoqda. Anglaganingizdek, bu yerda ham pul bilan o‘qishni ko‘chirsa bo‘ladimi qabilida ilinjlar yo‘q emas. Soha mutaxasislarining fikricha, pul evaziga o‘qishni ko‘chirib berishni va‘da qilayotgan «shaxslar» hali ham uchrab turayotgan ekan. Ular yetarli ball to‘playolmagan talabalarni ham pul evaziga tanishlari orqali o’qishini ko’chirib berishni va’da berib, xizmat haqqini yo‘nalishlarga qarab 2000$ dan 10000$ gacha belgilashgan emish.

 Xo’sh, aslida rostdan ham pul bilan o’qishni ko’chirsa bo’ladimi?

Senzurasiz ochiq gapiramiz, pul evaziga o‘qishni ko‘chirishning mutlaq imkoni yo‘q. Sizga va’da bergan shaxs pulingizni oladi, ishingizni bitirishni aytib sentabr, oktabr, noyabr va keyingi oylargacha umidlantirib cho‘zib yuradi. Har safar turli xil bahonalar bilan oradan bir yil o‘tganini sezmay ham qolasiz. Hammasini tushunib yetganingizda esa ham pulingizni ham vaqtingizni yo‘qotganingizni his qilasiz. Pulingizni qaytarib olgan taqdiringizda ham shunchaki ahmoq bo‘lganingiz qoladi.

«Pul evaziga o’qishni ko’chirish» sxemasi qanday ishlaydi?

Va’da berayotgan shaxs aslida firibgar bo’lib, moddiy ehtiyoji uchun sizdan pul oladi. Ya’ni o‘qishingizni “perevod” qilib berishga ishontiradi va olgan mablag’ini o’zining zarur ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi. Agarda u shaxs hatto sizning tanishingiz bo‘lsa ham bu va’dani beryaptimi demak aldayotgan bo‘ladi. Sababi buning hech qanday imkoniyati yo‘q.

Ushbu firibgarlikning eng keng tarqalgan turi vaqt o‘tib pulni to‘liq yoki qisman qaytarib berish va sizga osongina «o‘xshamay qoldi», «yuqoridagi akaxon ishdan ketib qoldi» kabi mashhur yolg’onlarni ishlatishdir. Pulni qaytarish orqali javobgarlikdan qutulib qolishadi, bu orada sizni pulingizni «aborot» qilingani qoladi.

❕Falon tanishim pul bilan hal qildi-ku?!

Xo‘sh o‘sha tanishingiz rostdan ham pul bilan hal qilganiga 100% ishonchingiz komilmi? Balkim u pulini ololmay yurganini sizga aytishdan uyalib shunday degandir? Siz o‘sha tanishingizni darslarga borayotganini aniq bilasizmi? Chindan ham darslarga boryapti deylik, lekin bu qalbaki hujjatlar natijasida yuzaga keladi va sanoqli kunlarda fosh bo’ladi.

So‘nggi yillarda qalbaki hujjatlar bilan davlat oliygohlariga o‘qishini ko’chirishga uringan bir qancha talabalar fosh bo’lishdi va hatto javobgarlikka ham tortilishdi.

Ishoning pul bilan o‘qishni ko‘chirishning imkoni yo‘q. Balkim ishonmassiz lekin vaqt o‘tib buni tushunib yetasiz. Ana unda kech bo‘lgan bo‘ladi. Maslahatim bu mavzuga aslo qiziqmang.

Tanganing ikki tarafi bo‘ladi deyilganidek, umuman kutilmagan muammolar ham yo‘q emas. Masalan, nodavlat oliygohlar talabalar “perevod” qilmoqchi bo‘lishsa qarshilik qilayotgan holatlar ham uchrab turibdi. Bu vaziyatga qonunan yondashsak, nodavlat oliy ta‘lim muassasasi o‘z talabasini boshqa (davlat yoki nodavlat) oliygohlarga o‘qishini ko‘chirishiga qarshilik qilishi mumkin emas.

Bu asosan sun’iy to‘siq shaklida bo‘lib, nodavlat oliygoh rahbariyati tomonidan o‘z talabasiga quyidagi usullar orqali noqonuniy ravishda o‘qishini ko‘chirishga qarshilik qilish holatlari kuzatilishi mumkin:

  • Transkript bermaslik;
  • O’qishini ko’chirishini ochiqchasiga taqiqlash;
  • Qasddan fanlardan akademik qarzdor qilish;
  • Talabaga tazyiq o’tkazish;
  • Shartnomada «ma’lum muddatgacha «perevod» qilish mumkin emas»ligi ko‘rsatilganligini aytib ta’qiqlash;
  • Fanlardan qarzdor talabalarni qayta imtihon olish davrini «perevod» qabulidan keyinga cho‘zib qoldirish;
  • Kerakli hujjatlarni bermay rahbariyat o‘zini paysalga solishi.

O‘tgan yillarda ushbu holatlar bir nechta xususiy oliygohlarda kuzatilgan edi va ular o‘z talabalarining o‘qishini ko‘chirishga shu kabi noqonuniy sun’iy to‘siqlar qo‘yishgan edi. Vaholan-ki, hech bir ta’lim muassasasi bundan cheklov qo‘yishga mutlaqo haqqi yo‘q.

Agarda sizda ham shu kabi holatlar kuzatilsa, Oliy ta’lim vazirligiga murojaat yo‘llang.

Bugun yoshlarning ilm olishga, o‘z hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirishga bo‘lgan intilishi – quvonarli. Biroq bu yo‘lda tanlangan yo‘l va yondashuv hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ko‘rinib turibdiki, o‘qishni ko‘chirish imtihonlari har yili minglab yoshlar uchun sinov bo‘layapti, ammo ulardan juda oz qismi muvaffaqiyatga erishmoqda. Bu esa faqat bilim va tayyorgarlik darajasini emas, balki tizimdagi kamchiliklar va noto‘g‘ri yo‘llarni tanlash muammosini ham yuzaga chiqarmoqda.

Talaba avvalo o‘z huquqlarini bilishi, qonuniy asosda harakat qilishi, test imtihonlariga puxta tayyorgarlik ko‘rishi zarur. Firibgarlarga aldanish, tanish-bilish orqali yo‘l topishga urinib, kelajakni xavf ostiga qo‘yish — faqat vaqt va pulni yo‘qotish emas, balki inson sifatidagi qadriyatni yo‘qotish bilan barobar. Haqiqiy yutuq — halol mehnat, bilim va sabr bilan erishilgan yutuqdir.

Davlat oliygohiga o‘qishni ko‘chirish istagida bo‘lgan har bir yosh avvalo o‘zining maqsadini aniq belgilashi, o‘z ustida ishlashi, qonuniy yo‘l bilan harakat qilishi va agar to‘siqlarga duch kelsa, tegishli idoralarga murojaat qilishdan cho‘chimasligi kerak. Chunki ta’lim – huquqdir. Va bu huquqni bilgan, himoya qila olgan yoshgina jamiyatda o‘z o‘rnini topadi.

Bilim – eng to‘g‘ri yo‘l. Firibgarlik emas, adolatli raqobat orqali kelajak sari intiling!

Fikrlar (0)
Avval yangilari