Avtomatlashgan intelekt: AI davrida bilim qanday olinyapti?

Bugungi avlod sun’iy intelekt asrida yashayabdi. U kirib bormagan biror soha qoldimi o‘zi? “Avlod Media” mavzuni tahlil qiladi.
Sun’iy ong bugun eng katta yordamchimizga aylangan. Yordamchi vazifasida qolsaku yaxshi, ammo farzandiga ism qo‘yishni ham unga ishonib topshirganlar bor. Talabar uchun bu tizimni gapirmasa ham bo‘laveradi. Esse yozishdan tortib, diplom ishini ham uning qo‘l ostiga topshirib qo‘yganmiz. Shu joyida “meni aytishyaptiyov” demayabdimi ichingizdagi ovoz. Nima bo‘lganda ham u ta’lim jarayonini yengillashtiryabdi, lekin shu bilan birga inson intelektini ham susaytiryabdi. Tan oling biror mavzuda mustaqil manbaadan kamdan kam izlanamiz yoki izlab ham o‘tirmaymiz. Ishimizni ikkita tugmacha bilan hal qilishga o‘rganganmiz – “Ctrl+C – Ctrl+V”.
Ta’limda allaqachon akademik halollik inqiroziga yetib keldik. Statistikaga yuzlansak, so‘nggi ikki yilda dunyo universitetlarida yuzdan oshiq talabalar sun’iy intellektdan noqonuniy foydalangani sababli intizomiy jazolarga tortilgan. Ular ChatGPT orqali esse yoki savollar javobini noqonuniy olgan. Imtihon esa talaba bilimini sinaydigan maydonga emas, nusxa ko‘chirish joyiga aylangan.
Hozirgi avlodda fikrlash va yozish odati ham yo‘qolib bormoqda. Chunki sun’iy ong istalgan mavzuda, matndan tortib hikoyagacha yozib bera oladi. Sun’iy intelekt o‘z nomi bilan inson ongiga tenglasha olmaydi. U chiqargan ko‘plab fakt va ma’lumotlar tasdiqlanmagan manbaalardan olinadi, qanchonki siz uni qat’iy so‘ramasangiz. Natijada dizinformatsiya va feyk xabarlar sonini ko‘payib boraveradi.
O‘qituvchilar ro‘li ham bu davrda tushib bormoqda. Ba’zi avlod jamoalari ustozlarni AI bilan almashtirish mumkin deb hisoblaydi. Ammo, pedagogning ruhiy-ijtimoiy ta’siri, emotsional yondashuvi, tarbiya va motivatsiya berish vazifalarini hech bir sun’iy intellekt to‘liq bajara olmaydi.
Qanday yechimga kelish mumkin? Eng avvalo AI savodxonligini oshirish kerak. Muammo bormi? Ha bor. Demak “Oy yuzini etak bilan yopib bo‘lmaydi”. Bugungi davrni hisobga olish, undan chetlanish o‘rniga, ochiq bo‘lish kerak. Talabaga “sun’iy intelektdan foydalanma!” degan bilan ish bitmaydi. Yaxshisi universitetlarda undan qanday to‘g`ri foydalanishni o‘rgatish, balki hafta bir marta bo‘lsa ham shunday soat tashkil qilish kerakdir.
O‘quv yurtlarida baholash tizimini o‘zgartirish. Yozma ishlar emas, balki og‘zaki savollarga o‘tish kerak. Bu imtihonlarni ancha shaffoflashtirishi mumkin.
Bilim olish bu faqat faktlarni eslab qolish emas, balki ularni tahlil qilish, o‘zaro bog‘lash, shaxsiy fikrni shakllantirishdir. AI va unga o‘xshash vositalar aynan shu jarayonni qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatilsa haqiqiy inqilobga aylanishi mumkin. Aks holda inson tafakkurini avtomatlashtirish yo‘lida yana bir qadam tashlangan bo‘ladi.