10:20, Iyul 29, 2025
/
312

Magistraturada o‘qimoqchimisiz?

Har bir bitiruvchi kurs talabasi diplom olishga yaqinlashgani sayin “Endi nima qilsam ekan?” “Magistraturada o‘qisammikin” “Magistratura kerakmi o‘zi?” kabi savollarni o‘ylay boshlashi tabiiy. To‘rt yillik o‘qish mobaynida kimdir tanlagan yo‘nalishini ilmiy jihatdan rivojlantirishi uchun magistratura bosqichida ta’lim olishga qat’iy qaror qilgan bo‘lsa, yana kimdir aslida, magistraturaning maqsadi nima, mehnat bozorida qay biriga talab yuqori, bu bosqich rostdan ham menga kerakmi yoki ikki yillik umrimni band qilamanmi kabi fikrlar bilan yuradi. Ushbu maqolada mehnat bozoridagi talaba hamda mutaxassislar va  talabalarning fikrlari asosida masalaga ilmiy, amaliy jihatdan baho berishga harakat qilib ko‘ramiz. 

Magistratura — bakalavriat negizida kamida 2 yil davom etadigan oliy ta’lim bosqichi bo‘lib, aniq mutaxassislik bo‘yicha chuqur fundamental va amaliy bilimlar berishga qaratilgan. Uning asosiy maqsadi yuqori malakali, ilmiy salohiyatli va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashdan iborat. Ammo bugungi kunda ko‘pchilikda noto‘g‘ri qarashlar shakllanmaganmikan? Chunki aksariyat odamlarimiz magistraturada o‘qisamgina to‘liq oliy ma’lumotli shaxs bo‘laman, deb o‘ylashadi. Yana magistraturada o‘qimasam karera qilolmayman, deydiganlar ham yo‘q emas. Oddiy qilib aytganda, yuqori lavozimlarda ishlash uchun magistraturada o‘qish lozim, deb hisoblanadi.

Yurtimiz oliy ta’lim muassasasida dars beruvchi ustozlardan biri shunday deydi – “Aslida, magistratura – bu ilm ekanligini tushunib yetishimiz kerak. Ilmiy izlanishlar qilish, o‘z sohasi bo‘yicha tadqiqotlar olib borish va natijada ushbu olgan ilmini oliy ta’limda amaliyotga joriy etish bu bosqichning asosiy maqsadi va vazifasi bo‘lishi kerak. Mehnat bozorida har ikki bosqichga ham talab bor. Biroq ba’zi bir tushunmovchiliklar yuzaga keladi. Masalan, biror lavozimga ikki talabgor bor, deylik. Biri bakalavr, ikkinchisi magistr. Ish beruvchi ko‘p hollarda magistrni tanlaydi. Garchi ularning har ikkisi ham taklif etilayotgan ishda ishlashga haqli bo‘lsa ham. Bu ham noto‘g‘ri. Natijada bakalavriaturani bitirgan shaxs ham magistraturada o‘qishga intiladi. Unda ilmiy ishlar olib borish layoqati bo‘lmasa ham, kelajakda o‘z karerasini qilish uchun magistratura kerak ekan, degan fikr bilan o‘qishga harakat qiladi. Mana shunga o‘xshagan talablar ko‘payib ketishi natijasida magistraturaning darajasi tushib ketyapti. Magistratura karera qilish uchun emas, balki ilmiy-tadqiqot va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borish uchun mo‘ljallangan ta’lim turi ekani tushunilishi kerak”.

 Ehtimol, shuning uchun ham ayrim talabalar amaliyotda ish topolmagach, bakalavrni bitirgandan keyin nima qilishni bilmasdan magistraturaga kirishar. Natijada esa, ular o‘qishni bitirib bakalavrlardan yuqori darajasi bo‘lsa ham salohiyat jihatidan ulardan ortda qolib ketishayotgandir. Chunki ular bakalavr bosqichida ma’lum soha mutaxassislari yetishtirilsa, magistraturada o‘sha soha chuqur o‘rganilishi, dolzarb muammolarini imkoniyat darajasida hal qilish yo‘llari topilishi, ilmiy-tadqiqot olib borilishini yaxshi anglab yetishmagan.

Turli yo‘nalishlarda tahsil oluvchi talabalar orasida so‘rovnoma o‘tkazganimizda tibbiyot, huquqshunoslik, ta’lim kabi sohadagi talabalarning bir qismi sohada ilmiy izlanish va yangi bilimlar olish uchun magistraturada o‘qishni davom ettirishmoqchi ekanliklarini aytishgan bo‘lsa, boshqalari mehnat bozorida magistrlarga talab kuchliroq ekanligi uchun ilmiy daraja sifatida o‘qishga majbur bo‘lishayotganini tan olishdi.

Mashinasozlik, avtomobilsozlik, qurilish, elektrotexnika kabi amaliy texnik sohalar, Axborot texnologiyalari, xizmat ko‘rsatish va savdo, ijodiy va san’at sohalarida tahsil oladigan talaba esa bakalavr darajasi bilan ish boshlash va tajriba orttirish orqali ham mehnat bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lish mumkinligi uchun magistraturada o‘qishni hozircha reja qilishmaganini ta’kidlashdi.

Xo‘sh, aslida mehnat bozorida vaziyat qanday? Ma’lumki, nodavlat tashkilotlarda ko‘p hollarda diplom darajasi birinchi navbatda e’tibor qaratiladigan jihat emas. Davlat tashkilotlarida bu borada vaziyat qanday?  Qator tashkilotlar mavzu yuzasidan quyidagicha izoh bildirishgan:

”Adliya vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, adliya tizimida magistrlik darajasi faqat pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlarda talab etiladi. Rahbarlik lavozimiga ham bakalavr diplomining o‘zi kifoya qilar ekan. Asosiy e’tibor kadrning ishchanlik qobiliyati, nazariy bilim va kasbiy layoqatiga qaratiladi. «O‘zavtosanoat» AJ tarkibida mehnat faoliyatini olib borish uchun ham 4 yillik oliy ta’limning o‘zi yetarli ekanligi ma’lum qilindi. Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati bilan ham bog‘lanilganda,  ishga qabul qilish maxsus tartibi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda kadrning asosan kasbiy salohiyatiga e’tibor berilishi aytildi. Ushbu hujjatda nomzodning bakalavr yoki magistr diplomiga alohida imtiyozlar berilishi haqida aytilmagan”.

Demak, agar siz ilmiy-tadqiqot, akademik faoliyat yoki yuqori malakali mutaxassislikni maqsad qilgan bo‘lsangiz, magistratura siz uchun muhim bosqich. Biroq, sizning sohangizda amaliy tajriba, ko‘nikmalar va natijaviylik ko‘proq qadrlansa, e’tiboringizni amaliyotga qaratishingiz foydali bo‘ladi. Shuning uchun, magistrlik darajasini olish qarorini qabul qilishda o‘z maqsadlaringiz, qiziqishlaringiz va tanlagan sohangizdagi talablarni inobatga olishingiz muhim.

Fikrlar (0)
Avval yangilari