11:04, Iyul 29, 2025
/
316

20 million soʻmgacha daromad qilayotgan talaba

Siz talabasiz. Shundoq ham oʻqish kontraktingizni toʻlayotgan ota-onangizdan kundalik xarajatlar uchun ham tinmay pul soʻrashdan qiynalyapsiz, ishlay desangiz yaxshi daromadli joylarda “talabalar bezovta qilmasin” kabi e’lonlar, diplom yoki vaqti toʻgʻri kelmasligi, ish topsangiz maosh kamligi hech boʻlmasa bularning bittasiga albatta duch kelgansiz. Bugun ko‘plab talaba yoshlar “daromad topish qiyin”, “ishga kirish uchun diplom kerak”, “onlayn ishlash osonmas” deya taslim bo‘lmoqda. Ammo O‘zbekistonda yashaydigan, oddiy sharoitda, davlat universitetida  o‘qiyotgan bir qiz borki, u oʻz ishini noldan boshlab hozir oyiga 20 million soʻmgacha daromadga ham chiqqan. Quyida siz ushbu talaba qiz bilan noldan shogirdlariga oylik berish bosqichigacha bo‘lgan suhbatimizni o‘qishingiz mumkin. U hech qanday bo‘rttirishsiz, qalbdan gapirdi. Balki bu suhbat siz uchun ham oʻz yoʻlingizni topishga turtki bo‘lar!

“-Ismim Muattar. Oddiy oilada katta boʻlganman. Koʻp qizlar kabi oʻqish va ishlash uchun ruxsat olish men uchun ham qiyin boʻlgan. Ayniqsa, ishlash haqida gap ochilsa dadamlar qattiq qarshilik bildirardilar. Men esa oʻz yoʻlimni qurishni, iqtisodiy mustaqil boʻlishni xohlardim. Ishlashga hech ruxsat tegmagach universitetdan tashqari til oʻrganishga kirishdim. Turk tilini sevardim. “Ishlash imkoniyati yoʻq boʻlsa, sevimli mashgʻulotim bilan shugʻullanaman” dedim oʻzimga. Chunki eng yomon ko’rganim — vaqtni bekor oʻtkazish. Rosti, dastlab turk tilini hech qanday sertifikat yoki ishlash ilinjida oʻrganmaganman. Juda qiziqqanman. Mehrim boʻlakcha boʻlgan. “Choliqushi” ni oʻz tilida oʻqish orzuyim boʻlgan. Mana shu sevgi sabab bu dunyoga kirib qolganman. Turkcha gapiradiganlarni eshitsam ham, tushunmasam ham maza qilardim. Oʻrganishga qaror shundan paydo boʻldi.

2-kursimning yozini bekor oʻtkazmay deb onlayn oʻqishga kirishdim. Nimadir boʻlib kurs toʻxtab qoldi. Mustaqil oʻrgandim. Oʻqish boshlanib, Toshkentga kelganimda esa bir oʻquv markaziga bordim. “Ibrat farzandlari” da turk tili oʻrgatadigan Gʻulomjon ustozning guruhiga toʻgʻri keldim. Guruhda hamma sertifikat ilinjida boʻlgan, ularning orasida oʻzimni judayam maqsadsiz insondek his qilardim. “Nima uchun o’rganyapsan?” degan savol berilmasdi. “Sohangiz nima? Turk tili oʻtarmikan sizga?”- deyishardi. Tavba deb qoʻyaverardim.  Yaxshi koʻrganimdan oʻrganyapman desam kulgili tuyuladi deb oʻylaganman.

Shu ustoz guruhida ikki oy oʻqidim. Guruhdagi muhitni u qadar sevmasdim. Bir kun darsda bir qiz (opa) bilan gap talashib qoldim.  Hammani orasida hech kim manga unchalik qattiq gapirmagandi. Darsdayoq yigʻlavordim va chiqib ketdim… Shunaqa hiqqillab yigʻlaganimdan ustoz u qizni oʻzini urishib tashlagan, shundan keyin u yerga borgim kelmay qoldi… (davomi bor)

Orada 2 oycha tanaffus olib yana oʻsha oʻquv markaziga bordim. Lekin boshqa ustozga. Yangi guruhim avvalgi guruhdan ham o’tib tushgan, sertifikat imtihoniga kirmaydigan odamning oʻzi yoʻq edi. Shunda “topshirsam topshiribman-da men ham” deganman va qattiq kirishganman.

B2 sertifikatni olib C1 ga harakat qilib yurgan paytlarimda (unda har bir daraja uchun alohida kirilardi) markazdagi oʻquvchilarning insholarini tekshirib yurardik. Koʻp dars qilardik. Fikrimni bemalol yetkazib bera olish darajasiga oʻshanda chiqqanman. Ichimda ustozdan xato topishni boshlagan vaqtimoq (xato topish endi darsni bunaqa oʻtsa edi, shu mavzuga mana bunaqa kirishsa edi degandek) oʻzim ham dars beraman bu yozda degan fikr paydo boʻlgan.

Yoz yaqinlashyapti. Menda sarosima boshlangan. Oʻquvchi yig’a olamanmi? Hali dars berish tajribasi yoʻq, natijasi yoʻq ustozda oʻqigani kimniyam koʻzi uchib turibdi derdim. Lekin koʻzi uchib turadiganlar borligiga qalban ishonardim. Telegram kanalimda 200 ta obunachi bor va men oʻsha 200 taga ishonib kurs boshlamoqchi boʻldim. Pulli kanallarda reklama berish esa miyamning bir uchigayam kelmagan.

Katta hayajon va stress bilan e’lon yozdim…

Xullas, 200 talik kanalchamdan 15 ga yaqin oʻquvchi yigʻoldim. Boshida 200 mingdan deb narx belgiladim. Ilk marta topgan 2-3 mln atrofidagi pulim shu qadar qadrli boʻlganki…

Boshlab olish qiyin deyishsa, ishoninglar, qizlar. Men boshida juda qiynalganman. Internet ishlamasligi, texnikalarni ishlatolmasligim, oʻquvchilarni uncha qiziqtirolmayotganimni his qilish… Kechalari ogʻilxona taraflarga telefonmni koʻtarib internet qidirib ketib, asabiylashib yigʻlab yuboray deb dars o’tardim. Aynan shu internet muammolari, tajribasizligim, oʻquvchilarimning past davomati… hammasi bir boʻlgan-u “boʻldi tugataman, dars berish manga emas ekan” deganman. Taslim boʻlganman…

Taslim boʻldim-u, lekin sanoqli boʻlsayam, meni borimcha yaxshi koʻradigan oʻquvchilarim bor-ku.  Har qanday holatda mendan oʻrganayotganlariga xursand, tilni sevayotganlarim bor-ku dedim-da, boshidayoq sinish yoʻq, dedim. Tur, Muattar, hali “woow” boʻlib ketasan dedim. Lekin bunchalik tez emas, bunchalik darajada emas.

Yozni tugatib, Toshkentga oʻqishga qaytdim. Bu orada internet yaxshiligi bir taraf plusim boʻlsa, dars oʻtishga yangi metod — doskasiz faqat kreativ, estetik taqdimotlarim orqali mavzu tushuntirishim yangilik boʻldi. Yangi guruh ochdim. Sal oʻtib yana ochdim. Yana va yanaa…

Guruhlarim, individual oʻquvchilarim koʻpayib bordi. Hammasida kurs narxi asta-asta koʻtarilardi. Chunki guruhdan guruhga oʻsayotgandim. Turk tili hayotdagi katta muvaffaqiyatim boʻlganiga ishonib borardim. Va eng koʻp oʻquvchi oʻqitgan fevraldagi oylik daromadim 20 mln dan oshgan edi. Bu man uchun faxrlanarli natija boʻlgan. Lekin Turk tili orqali topganim faqat daromad emas. Sizlarga bugun hammasini sanab bergim keldi.

Hayot tarzimning oʻzgarishi. Turk tili orqali keskin burilish qiloldim. Sevimli tilim sevimli ishimga aylanib qoldi. 

Sevimli asarimni oʻz tilida oʻqish imkoni. Men “Choliqushi” ni yaralgan tilida oʻqishni hazilakam orzu qilmagandim, doʻstlar.

Tanlov imkoniyati kengligi. Oʻzbekcha kontentlar deyarli hayot tarzimdan chiqdi. Turkcha podkastlar orqali dunyoqarashim oʻsgan deyolaman. Bundan tashqari internetda turk tilidagi manbalar, oʻzbek tilidan ancha keng…

Maqsadlarimning kattalashgani. Sertifikatga tayyorlanish jarayonida tegishli B2, C1 ni olib, magistraturaga Oʻzbekistonga topshirish istagi bor edi. Turk tiliga shu qadar singib ketdimki, endi Turkiya universitetlariga grant yutib olib oʻsha yerlarda oʻqishni xohlay boshladi koʻngil…

Atrofimdagi tanishlarning kengaygani. Hozir atrofimda meni yaxshi koʻradigan, hurmat qiladigan, maslahat soʻraydigan  oʻquvchilar  juda koʻp. “Koʻngil tilini o’rgatgansiz” – deb, koʻngildan yaxshi koʻrishadi. Bu meni doim sevintirgan.

Oʻzimga ishonchim oʻsishi.  Sizga oddiy misol aytsam, avvallari oʻz ovozimni pingvin ovoziga oʻxshatardim, hech yoqtirmasdim. Audio, videolarda eshitsam yoqimsizdek tuyilardi. Darsda oʻquvchilarim har jihatimni, ovozimdan koʻzimgacha maqtayvergani oʻzimga boʻlgan ishonchimni shunaqa koʻtarib yuborgan.

Til oʻrganish orqali va ham oʻrgatish orqali topgan daromadimdan bugun qoʻl ostimda 3 nafar shogirdim bor va ularga oylik beraman. Bu ham oʻzgacha hissiyot beradi doim.

Hozir xayolimga kelgan misollarni birma-bir yozdim. Yodimga kelmaganiyam anchagina. Bu roʻyxat juda uzun. Va men endilikda bu tilni oʻrganganimdan, oʻrgatayotganimdan xursandman. Siz ham oʻrganing. Aynan turk tilini emas, qaysi til boʻlishidan qat’iy nazar sevib oʻrganing.”

Qahramonimizning hikoyasidan shuni xulosa qilish kerakki, qaysi soha va qanday ish boʻlishidan qat’iy nazar muhabbat va ishonch bilan oʻz sohangizni kuchli kadri boʻlsangiz, ishning vaqtini va pulini siz belgilaysiz. Tushunaman sizga hozir oson emasdir, lekin iroda va yana biroz harakat sizni oʻz maqsasdingizga erishtirishi mumkin.

Fikrlar (0)
Avval yangilari