12:36, Avgust 12, 2025
/
302

Pul bilan diplomli bo‘lgan qiz hikoyasi

pul berayotgan qiz

“Ota-onalarga aytgan bo‘lardimki, har doim ham oliy ma’lumotli bo’lish farzandingizning baxtli kelajagini ta’minlab bermaydi. To‘g‘ri barcha ota-ona bolasini yaxshi yashashini xohlaydi, ammo baxt oliy ma’lumotli bo‘lish, xususan, universitetda o‘qish bilan belgilanmaydi-ku! Yaqin kunlarda mandat javoblari e’lon qilinadi, agar sizning farzandingiz talabalikka tavsiya etilmagan bo‘lsa, iltimos, uni ruhan qo‘llab-quvvatlang va chindan ham o‘qishga qiziqadimi yo‘qmi so‘rang! Balki, u kasb o‘rganishga qiziqar, yaxshi tikuvchi yoki oshpaz bo‘lmoqchidir. Meni hamma joyga – maxsus maktab, litsey va universitetga pul bilan kiritishgan.  Ota-onamning mablag‘i va o‘zimning ketgan vaqtimni qiziqishimga sarflaganimizda ehtimol, hozir yaxshi bir kasb egasi bo‘larmidim. O‘sha vaqtlarda nega bunday qilmagansiz dersiz, chunki…”

Biz universitet va shu kabi ta’lim muassasalarida o‘qiydigan yoshlar haqida baxtli va maqtagulik hikoyalarni eshitib o‘rganib qolganmiz. Albatta, muvaffaqiyatli yoshlarning ko‘pligi yaxshi, ammo hamma ham universitetda o‘zi xohlagan sohada o‘qimaydi-da. Bugun “Avlod media” sizga mana shunday yoshlardan birining hikoyasini taqdim qiladi. Qahramonimiz hikoyasi chindan ham odamni o‘ylantiradi va to‘g‘ri qaror qabul qilishingiz uchun turtki bo‘lishiga ishonchimiz komil.

Hikoyaning boshlanishi

“Eslayman, 4-sinfni bitirganimdan so‘ng ota-onam maxsus maktabda o‘qiysan deb imtihonga olib borishgan. Maktab haftalik yotoq tizimiga asoslangan, kamiga matematika-fizikaga ixtisoslashtirilgan edi. Men bilgan yagona narsa kimdir shu maktabda o‘qiyman desa hamma “o‘ zo‘r-kuu” deb xayratlanishlari bo‘lgan xolos o‘shanda. Imtihonlar o’tdi, javoblar chiqdi men esa kira olmaganlar ro‘yxatidan joy olgan ekanman. Ammo men xafa emas edim, aksincha, bola ko‘nglim bilan xursand edim. Chunki eski maktabimni, dugonalarimni yaxshi ko‘rardim, boshqa maktabga o‘tishni istamasdim. O‘sha vaqtlari dadamlar chet davlatda ishlar edilar. Onam kirolmaganim xabarini aytgani dadam bilan qo‘ng‘iroqlashdi-yu keyin meni chaqirib o‘sha maktabda o‘qiysan qizim dedilar. Men hech narsani tushunmay qoldim, axir imtihondan o‘tolmagan bo‘lsam. Uyda dadamning aytgani qonun edi. Ortiqcha gap gapirolmadik.

O‘qish boshlandi, maktabga bordim ammo o‘zimni shunchalar yomon his qilardimki, hozir eslasam matematikadan ko‘nglim o‘sha vaqtlarda qolib ketgan deb o‘ylayman. Sinfning yarmidan ko‘pi yaxshi o‘qiydi, men esa hech nimani tushunmasdim. Arang bir yil o‘qiy oldim xolos. Keyin yakuniy imtihonlardan o‘ta olmadim, xaydaldim. Eski maktabimga qaytishga uyaldim, “xaydalib kelibdi” deyishlaridan qo‘rqdim. Uyimizga uzoqroq bo‘lsa ham yana yangi maktabga bordim. Tasavvur qilishingiz uchun 12 yoshimda 3-maktabim edi bu. Bir kuni yangi sinfimdagi qizlar men haqimda gaplashib o‘tirishganini eshitib qoldim. Ularning gaplaridan uyalib ketib yig‘lab uyga ketdim. Nima qilishni bilmasdim. Chunki ular rost aytishyotgandi. Haqiqat shu ediki, o‘shanda maxsus maktabga yaqin qarindoshimizning farzandi kirgani uchun meni ham dadam pul bilan kiritgan edilar. Men esa qiziqmaganimdan, azbaroyi o‘qiy olmaganimdan xaydalgan edim.

Yuqori sinf muammolari

Yuqori sinflarga o‘tdim, boshlang‘ich sinfdagi yomon xotiralarga ko‘nikib qolgandim. Bir qiz bilan yaqin dugona bo‘ldik. Birga ko ‘p tadbirlarga qatnashardik. Men turli narsalar yasash, tadbir tashkil qilishdan tortib soch turmaklari qilishgacha yaxshi ko‘rib qilardim. U esa adabiy-badiiy ishlarni ayniqsa ona tili, adabiyotni yoqtirardi. 9-sinfga o‘tayotganimizda bizning tumandan uzoq boshqa tumanda prezident ijod maktabi ochildi. O‘sha dogonam “birga xujjat topshiraylik” – dedi. Men maktab haqida uncha tushunmagan bo‘lsam ham dugonam bilan birga o‘qigim keldi. Ota-onamga aytdim va qat’iy yo’q degan javob oldim. Qiz bola uzoq joyda o‘qimaydi, ijod maktabini bitirib kim bo‘lasan keyin deyishdi.

“Dugonam bilan birga o‘qiyman” – desam, dadamlar “hali u ham imtixondan o‘tolmaydi, butun viloyat bo‘ylab juda ko‘p o‘quvchi xujjat topshirgan ekan” – deb meni yupatdi. Bir necha haftadan so‘ng dugonam imtihondan o‘tgani, prezident ijod maktabi imkoniyatlari haqida gapirib keldi. Nimagadir o‘sha boshlang‘ich sinfdagi xaydalganlik, muvaffaqiyatsizlik hissini tuydim. Dugonam uchun xursand edim, lekin ichimda nimadir 2-darajali odamdek his qildirdirdi meni. Ota-onamni aybladim, axir ular ruxsat berishganda men ham o‘qishim mumkin edi-ku! Dadamning oldiga bordim, “men ham litesey yoki biror shunaqa prezident maktabida o‘qiyman, dgonang kirolmaydi degandingiz, ana endi u viloyatda bitta bo‘lgan maktabda o‘qiydi. Siz, siz ruxsat bermadingiz” – dedim. Dadam jim bo‘lib qoldi, indamadilar. Ertasiga shu maktabingda 9-sinfni ham bitirib ol, akademik litseyga kiritib qo‘yamiz kelasi yil dedilar.

 9-sinfni bitirdim

Viloyatdagi matematika va fizikaga ixtisoslashgan akademik litseyda o‘qiydigan bo‘ldim, yana matematikami dersiz, ishoning o‘sha vaqt menga qizig‘i yo‘q edi. Men ham nufuzli biror joyda o‘qisam bo‘ldi edi. Ham dadamning bir do‘sti shu joyda yaxshi lavozimda ishlardilar.

Litseyda o‘qishni boshladim, o‘smirlik davri, yangi dugonalar, yangi muhit. Dugona topish qiyin bo‘lmadi, ota-onasi shu yerda o‘qisang yaxshi odam bo‘lasan deganlar ham ko‘p ekan. Litsey davridan ikki xil xotiralar qolgan menda. Birinchisi, ustozlarning meyamizga universitetga kirishimiz shartligini uqtiruvchi iddaolari, ikkinchisi, qizlar bilan kim chiroyli kiyinishga urinishlarimiz-u sevgi hikoyalari. Litseyda vaqt ancha tezroq o‘tdi va biz rasman abituriyent maqomini oldik. Abituriyentlik bosimlari va o‘y-xayollari qanday bo’lishini o‘qishga kirishga bir marotaba bo‘lsa ham harakat qilgan odam yaxshi tushunadi. Imtihondan ko‘ra ham ko‘proq yaqinlarning bosimlari qiynaydi. Ota-onanmning “o‘qishga kirmasang bo‘lmaydi. Seni shuncha o‘qitdik, do‘st-dushman nima deydi” – degan gaplari tushlarimga ham kirib chiqardi.

“Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchiligiga topshirasiz Ahmadova, ota-onangiz bilan gaplashdim” – dedilar ustozimiz bir kuni. Oxirgi vaqtlarda o‘qish umuman yoqmay qolgan edi. Bir yildan beri matematika va ona tili o‘qiyotganim uchun xo‘p dedim. Imtihon kuni yaqinlashib qolgan, men esa shu ishlar tezroq o‘tsa-yu qutilsam derdim. Test sinovlari o‘tdi. Ammo atayin qilgandek mandat natijalari sal kam bir oy deganda aniq bo‘ldi. Mandatdan keyin bo‘ldi maza qilib yashayman, o‘zim mustaqil bo‘laman, talabalik oltin davrim deb turganimda shu oltin davrga tavsiya etilmaganimning xabari chiqdi…

Oqishga kira olmadim

 Menga shu qadar o‘qishga kirishim shartligi singdirilgan ediki, universitetga qabul qilinmaganimni ko‘tarolmay uch kun xonamdan chiqmay yig‘laganman. To‘g‘ri hozir eslasam o‘zim ham kulaman qilgan ishimga lekin, ota-onam, ustozlarim, dugonalarim oldida nima degan odam bo‘ldim deb ich etimni yeganman o’shanda.

Men yashagan muhitda universitetga kirish hayot-mamot masakasi bo‘lib qolgandi. O‘zimni cho‘kayotgan, hech nimani udda qilolmaydigan, omadsiz insondek his qilishni boshlagandim. Muammoning kelib chiqishi yoki yechimi emas oqibatlarini o‘ylab xafa bo‘lardim. Dadam bilan bir haftacha gaplashmagandik o‘shanda, oilaviy ovqatlanishda ham tez-tez turib ketgim kelib, shoshilardim. Ularning ishonchini oqlolmaganimdan emas, o‘zim qiziqmagan yo‘nalishlarda o‘qiganimga ulardan g‘azabda edim. Bir haftalardan so’ng, ancha ko‘nikib qolgandim mag‘lubiyatga, dadam qandaydir xujjatlar olib keldilar. Unda yozilishichga, men O‘sh davlat universitetiga o‘qishga qabul qilinibman. O’sha yillari Qirg‘izistonning diplomi O’zbekistonda ham tan olina boshlagan, bir yil o‘qigandan so‘ng mos yo‘nalishga o‘qishni ko‘chirib, kelgan kursdan boshlab bemalol ta’limni davom ettirish avj olgandi. Ammo men vaziyat bu qadar deb o‘ylamagandim. Qirg‘izistonga o‘qishga kirganlar borib o‘qisa kerak o‘sha yerda desam bunga hech hojat yo‘q ekan. Ishoning, men universitetimga bir yilda ikki martagina borganman xolos. Qolganini dadamlar “hal” qilganlar.

«Perevod»

Bo‘ldi, shu bilan bu qiz o‘qishini ko‘chiribdi deb o‘ylarsiz. Qaniydi shunday bo‘lganda. Men ham shunday bo‘ladi deb turganimda “perevod” imtihonlari qiyinlashib ketibdi degan gaplar tarqaldi. Qog‘ozlarda Qirg‘izistonda, aslida esa O‘zbekistonda bo’lgan men yana imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun qo‘shimcha kurslarga qatnay boshladim. Bir yil qatiq o‘qidim, dugonalarim universitet haqida ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga post joylashsa, men testda tushadigan savol javoblarini yodlardim. Kamiga ustozimiz qatiqqo‘l, talabchan, men esa matematikaga haliyam uncha qiziqmayman. Natijada ustoz yoqmay qola boshladi. Tishini tishiga qo‘yib chidadi deyishsa tushunmasdim, aynan shu vaqtlar men tishimni tishimga qo‘yib arang o‘qiganman.

O‘qishni ko‘chirish imtihoniga oz qolganda universitetimda muammo paydo bo‘ldi. Hal qilish uchun dadam bilan bordik. Rahbar xonasiga dadam kirib ketdilar, men esa ancha kutdim. So ‘ng dadam hujjatlarimni olib chiqdilar, uyga yo‘l oldik. Keyin bilsam, bitta mashinaning pulini rahbar xonasiga tashlab chiqqan ekan dadamlar. Har tugul, imtihondan o‘tdim, belgilangan balga zo‘rg‘a ilinibman. Lekin bu menga qiziq emasdi. Muhimi men dugonalarim bilan bir auditoriyada ikkinchi kursdan o‘qishga borardim va ota-onam niyat qilganidek o‘qituvchi degan diplom olardim.

Talabalikni endi his qila boshladim, har kuni universitetga borasan, forma, davomat, darsdan qochish, qizlar bilan parklarni aylanish, imtixonlar bular menga bir yoqdi. Keyin amaliyot, kurs ishlari… “Qachon bitirarkinmiz?”- deb yuradigan bo‘lib qoldik. Ayniqsa, amaliyot vaqtida mendan boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi chiqishiga o‘zim shubha qila boshladim. Ishlashga kelsak, onamlar maktabda o‘qituvchi edilar, kirib olarman men ham, jazosi uch-to‘rta “kal”  deb o‘ylardim.

Sovchilik mavsumu boshlandi

Ikkinchi kursni tugatganimdan so‘ng uyimizga sovchilar to‘lib ketdi. Avvaliga, ota-onam yo‘q deyotgandi, keyin buvimlar qiz bolani joyi chiqsa uzatish kerak, qizning bozori bir qaynaydi xolos degan gap topib keldilar. Shu bo‘ldi-yu sovchilik, uchrashuv keyin fotiham bo‘lib ketganini bilmay ham qoldim. Faqat dadam menga yoqqan bir shart bilan rozi bo’ldi. Ya’ni, 3-kursni bitirganimdan so‘ng qilamiz to‘yni dedilar. Hayotimga yangi rang kirgandek, endi asosiy fikrim kuyov bo‘lmish, to‘y, oila haqida bo‘lib qoldi. Albatta, bu tabiiy hol edi. Chunki, oila inson hayotidagi eng katta burilishlardan biri.

 Uchinchi kursni tugatdim-u, quda taraf to‘yni tezlatib yubordi. Yangi kelin bo‘lganim uchun, turli marosimlar amaliyot vaqtiga to‘g‘ri keldi. Turmush o‘rtog‘imlar bu masalani hal qildilar, amaliyotga bormay ham “amaliyot o‘taldi” degan hujjatni oldim. Bitiruvchi kurs, men esa endi kelinman, kelinlik vazifalari, darslar va ustiga farzandlik bo‘lishim haqidagi xabar. Mas’uliyat endi faqat oshib borar edi.

 Endi rostdan ham, ko‘p ishlarni kimdir hal qilib berishiga muhtoj bo‘lib qoldim.

Songgi pushaymon ozingga dushman

Bir amallab bitiruv imtihonlariga yetay deganda farzandim dunyoga keldi. Ikki kishilashib o‘qishni ham tamomladik. Boshimdan o‘tgan o‘qish davri voqealarini eslamay ham qo‘ygandim. Yaqinda esa diplomimni olib keldim. Qarindoshlar, tanishlar tabriklashdi. Maza qilib diplomlik bo‘lib olding deyishardi. Meni ko‘rsatib hatto o‘rnak ham qilishni boshlashdi: “Mana ham o‘qib diplomli bo‘ldi, oilani ham epladi, farzandini ham tarbiyalayapti” – deb. Men esa maqtovlarga kulib qo‘yardim xolos. Bir necha kun avval, bir qizcha imtihonda shuncha ball yig‘ibman deb xafa bo‘lib yozibdi. Shundagina bir narsa yuragimni siqdi, eslatdi. Bu qizga nima deb javob yozishni o‘ylab qoldim. Ammo javob o‘rniga o‘zimga savollar paydo bo‘lardi xolos. O‘qish menga nima berdi? Tanlagan sohamda ishlashni o‘zim xohlaymanmi? Mendan yaxshi mutaxassis chiqadimi? Shuncha umr va mablag‘ nima uchun sarflandi?

To‘g‘ri, o‘qish kerak, faqat to‘g‘ri o‘qish kerak ekan. O‘zingiz qiziqqan va butun umr shu sohada ishlay olamanmi degan yo‘nalishda o‘qish kerak ekan. Buning uchun esa aynan universitetda o’qishingiz ham kerak emas hozir. Men oliy ta’lim tizimini yomonlamoqchi emasman, ozmi-ko‘pmi men shu yerda o‘rgandim, tajriba orttirdim. Ammo kasbingizning ustasi bo‘lsangiz har qachon sizga talab bor, o’rningizni bemalol topa olasiz. Abituriyent singlim, ukam o‘zingiz yoqtirgan va kelajakda ham qila oladigan ishingizni tanlang. Men-ku, maktab, litsey, universitetga pul bilan kirib faqat diplom uchun, “diplomli” degan nom uchun o‘qib qo‘yibman. Endi na bu sohamda ishlashni na o’zim xohlayman va na turmush o‘rtog‘im ishlashga ruxsat beradi. Insonga esa u sevib-sevilib, baxtli yashasa ham, hamma narsasi bo‘lsa ham hech bo‘lmaganda hunar kerak ekan. Hozir qanday vaziyatda bo‘lishingizdan qat’iy nazar, besh yildan keyingi o‘zingizni tasavvur qilib, uzoqni o‘ylab to‘g‘ri qaror qabul qiling.

Universitetga kirishini hayot-mamot masalasiga aylantirmang.

Agar siz ota-ona bo‘lsangiz, iltimos, farzandingizni universitetga kirishini hayot-mamot masalasiga aylantirmang. Har doim ham oliy ma’lumotli bo’lish farzandingizning baxtli kelajagini ta’minlab bermaydi. To‘g‘ri, barcha ota-ona bolasini yaxshi yashashini xohlaydi ammo baxt oliy ma’lumotli bo‘lish, xususan, universitetda o‘qish bilan belgilanmaydi-ku!

Men albatta, ota-onamni mening vaziyatimda aybdor demayman, biroq men ularga tushintira olganimda va ular ham boshqacharoq o‘ylashganida balki hozir bir hunar yoki o‘zim qiziqqan soha egasi bo‘larmidim.

Hozir onaman va kelajakda farzandimni eshitishga, uning ham qiziqishlarini inobatga olishga eng muhimi, diplomli emas, sohasining haqiqiy baxtli mutaxasisi bo‘lishiga sharoit yartaman. Uni qo‘llab -quvvatlayman, lekin yiqilganda o‘zi turishiga o‘rgataman.”

Qahramonimiz “Avlod Media” ga intervyu berar ekan uning aytganlarini maslahat yoki nasihat deb qabul qilmasligingizni so‘radi. O‘zingizni uning o‘rniga qo‘yib ko‘ring. Insonlar bizga tashqaridan qanchalik baxtli va muvaffaqiyatli ko‘rinishmasin, har kimning o ‘z hikoyasi bor. Siz esa bundan o‘zingizga kerakli xulosa chiqarishingiz lozim.

 “Avlod media” esa talabalar hayotiga oid sizga qiziq va kerak bo‘lgan mavzularda material tayyorlashda davom etadi.

Zeboxon Avazbek qizi

Fikrlar (0)
Avval yangilari