09:39, Yanvar 14, 2026
/
339

Mark Rizning navbatdagi “nishoni” ADU xodimi bo‘ldi

Xabaringiz bor, avvalroq yozuvchi Mark Riz ingliz tiliga tarjima qilgan Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asari O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tomonidan noqonuniy ravishda tarqatilgani yuzasidan sudga murojaat qilgani hamda vaziyatga rektorning munosabatini e’lon qilgan edik.

Endilikda xuddi shu ayblov bilan Andijon davlat chet tillari instituti xodimi 375 ming so‘m jarimaga tortilgani aytilmoqda.Ushbu ish 2026-yil 6-yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudida ko‘rib chiqilgan.

Mark Rizning 2025-yil dekabr oyida linkedin.com ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga joylagan murojaati Andijon viloyati adliya boshqarmasi intellektual mulk huquqlarini himoya qilish sho‘basi tomonidan o‘rganib chiqilgan.

O‘rganish jarayonda Andijon davlat chet tillari institutining Axborot-kutubxona resurslarini butlash, kataloglashtirish va tizimlashtirish bo‘limi mudiri N.R. tomonidan Mark Riz bilan mualliflik huquqini beruvchi shartnomalar tuzilmagan holda 2025-yil 28-mart kuni “Bygone Days” asarining elektron shakli institut Telegram kanaliga joylangani aniqlangan. Sudda N.R. aybiga iqror va pushaymon bo‘lib, qilgan ishi noto‘g‘ri ekanini tushunib yetgani, asarning elektron shaklini Telegram kanaldan o‘chirib tashlagani, kelgusida bu kabi huquqbuzarlik holatlarini takrorlamasligini, oilada yagona boquvchi ekanligini, qarmog‘ida voyaga yetmagan ikki nafar farzandi borligini inobatga olib, qonuniy yengillik berilishini so‘ragan.

Huquqbuzar N.R.ning harakatlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 177−1-moddasining 1-qismi (Mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish) bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan va uning aybi sud majlisida bergan o‘z ko‘rsatuvidan tashqari, Andijon viloyati adliya boshqarmasi intellektual mulk huquqlarini himoya qilish sho‘basi tomonidan rasmiylashtirilgan bayonnoma, tushuntirish xati va boshqa ish hujjatlari bilan o‘z tasdig‘ini topgan.

Sud qaroriga ko‘ra, N.R. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177−1-moddasi 1-qismida (Mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga nisbatan 375 ming so‘m (BHMning 1 baravari) miqdorida jarima belgilandi.

Sud, huquqbuzar N.R. mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzishda ifodalangan harakatlari bilan huquqbuzarlik 2025-yil 28-mart kuni sodir etilgani sababli Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning eski tahrirdagi 177−1-moddasining 1-qismi nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan degan to‘xtamga kelgan.

Mark Riz Facebook’dagi sahifasi orqali sud qaroriga nisbatan munosabat bildirdi.

“Ular javobgarlikdan va eng muhimi, katta zarar ko‘rishdan qochish uchun aybni kutubxonachiga yukladi. Qiziq, nega AQSH bu institutlar bilan almashinuv izlashda davom etmoqda. Agar ularda asoslar bo‘lmasa, chet ellik mehmonlarga foyda keltirishi mumkin bo‘lgan nima bor? Amerika biznesi manfaatlari haqiqatan ham himoyalanganmi?”, — deyiladi uning postida.

“Meni hayron qoldirgani shuki, Oliy ta’lim vazirligi rahbariyatidagi tizimli layoqatsizlik: Toshkentda prorektor aybni bo‘yniga oldi, endi esa Andijonda kutubxonachi yomon. Bu yolg‘iz bir odamning ishi emas, bu O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarini tavsiflovchi tizimli muvaffaqiyatsizlikdir. Ikkita shaxsni ayblash orqali ular muammo tizimli ekanligini isbotladi. Ularning javobgarlikdan qochishning qisqa muddatli taktikasi strategik maqsadlariga putur yetkazadi”, — deydi Mark Riz.

Fikrlar (0)
Avval yangilari