07:43, Fevral 10, 2026
/
312

Agrar universitetida ta’lim 4 yildan 3 yilga qisqartirilishi mumkin

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-fevral kuni qishloq xoʻjaligida yangi yerlarni oʻzlashtirish va sohada ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda qishloq xoʻjaligi uchun kadrlar tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Hozirda Toshkent davlat agrar universitetida 13,6 ming talaba tahsil olayotgani, biroq oʻquv jarayonining amaliyot bilan yetarlicha bogʻlanmagani sababli bitiruvchilarning atigi 55 foizi oʻz sohasida ishlayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Shu munosabat bilan taʼlim, ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarishni uzviy bogʻlaydigan tizim yaratish, mehnat bozori talabiga mos yetuk mutaxassislar tayyorlash vazifalari belgilandi. Jumladan, kelgusida agrar universitetida talabalarning 6,8 ming nafari ishlab chiqaruvchi tashkilotlar, korxonalar va agroklasterlarda, 2,6 mingdan ziyodi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi 22 ta ilmiy-tadqiqot institutida amaliyot oʻtashi ma’lum qilindi.

Shuningdek, fermer hamda uning xodimlari farzandlarining test sinovlarida ballari qabul parametrlariga yetmaganda, miqdori kamaytirilgan toʻlov-kontrakt asosida universitetga qabul qilish, yettita taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻqish davomiyligini 4 yildan 3 yilga qisqartirish taklif etildi. Talabalarni traktorchi-mashinist guvohnomasi va agrodronlardan foydalanishga oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari